Inqilobiy buklama smartfon – Galaxy X taqdimoti va savdoga chiqarilish vaqti aytildi

  •   DiMaX
  •  2131
  •  04.12.2017 10:22

Inqilobiy buklama smartfon – Galaxy X taqdimoti va savdoga chiqarilish vaqti aytildi

E’tibor bergan bo‘lsangiz kerak – smartfonsozlikda romsizlik, qo‘sh kameralilikdan tashqari, qurilmalarning o‘zgacha form-faktorga ega bo‘lishi ham trendga aylanib bormoqda. Odatiylaridan o‘zgacha shaklga ega smartfon yaratish uchun ko‘pgina ishlab chiqaruvchilar izlanish olib bormoqdalar.

O‘QING: Birinchi buklama smartfon – ZTE Axon M taqdim etildi! (+video)

To‘g‘ri, ikki ekranli buklama smartfonlar allaqachon yaratildi, ammo bu borada navbatdagi qadam – ekranining o‘zi ham bukiladigan qurilmalar yaratishdir. Shunaqa inqilobiy smartfonlardan biri Samsung Galaxy X bo‘ladi, deb yozadi Phonearena nashri.

Hali uch oy avval – 2017 yilning sentyabrida Samsung rahbari kompaniyaning inqilobiy buklama smartfoni 2018 yiliyoq ishlab chiqarilishini aytgan edi. Sohadagi insayderlarning ma’lumotlari buni to‘la tasdiqlamoqda va, manbalarga ko‘ra, Samsung Display kompaniyasi allaqachon sensorli AMOLED-ekran yaratib ulgurishgan. Mazkur displeyni 1.0R darajada qiyshaytirish mumkin; bu degani – uni xuddi qog‘oz kabi buklasa bo‘ladi va ekran shu holida ham ishlay oladi.

O‘QING: Huawei allaqachon buklama smartfon prototipini yaratibdi!

Ekspertlarning ishonch bilan ta’kidlashlaricha, Galaxy X taqdimotini Samsung kelasi yilning birinchi yarmidayoq o‘tkazadi va uni taxminan yoz oylarida savdoga chiqarishadi.

Ammo keng qiziquvchilar ommasiga bu inqilobiy smartfon tezda yetib bormaydi. Chunki kompaniya o‘zining g‘ayrioddiy smartfonlarini dastlab o‘z vatani – Janubiy Koreya bozorida sinovdan o‘tkazishni ma’qul ko‘radi. Jumladan, qayrilma displeyli ilk Samsung Galaxy Round smartfoni ham bir vaqtlar faqat mahalliy bozor uchun chiqarilib, bor-yo‘g‘i 10 ming dona sotilgan. Yangicha texnologiyalarga ega mahsulotlarni dastlab ichki bozorda sinab ko‘rish turli muammolar chiqishining oldini olishga yordam beradi.

Deylik, agarda Galaxy X smartfonlarida jiddiy nuqsonlar uchrasa yoki kundalik foydalanish sharoitida ular ommaviy tarzda ishdan chiqa boshlasa, Samsung ularni sotib olgan xaridorlarga pullarini qaytarib berishi mumkin. Shu bilan korporatsiya ko‘p mablag‘ yo‘qotmasdan, nosoz smartfonlarini qaytarib oladi va Galaxy X’ning ikkinchi avlodi ustida ish boshlaydi. Tabiiyki, unda birinchi avlod qurilmalarida uchragan barcha kamchiliklar bartaraf etiladi va imkon qadar «Galaxy X2» modellari talablarga javob beradigan bo‘lib chiqadi.

Aftidan, Galaxy X modelini tezroq chiqarish borasida shoshilmasa ham bo‘lmaydi. Chunki uning asosiy raqibi – Apple ham allaqachon LG bilan hamkorlikda yaratilgan xuddi shu kabi mobil qurilmasini patentlagan. Samsung yangicha qurilmaning ilk modelini taqdim etishda birinchi bo‘lishdek tarixiy ahamiyatga ega sharafni kupertinolikka berib qo‘yishga aslo rozi bo‘lmasa kerak.

O‘QING: Apple «raskladushka» iPhone chiqarmoqchi, ammo Samsung’dan cho‘chiyapti

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!