iOS 11: Apple joriy qilayotgan 10 innovatsion funksiya

iOS 11: Apple joriy qilayotgan 10 innovatsion funksiya

Kaliforniyada Apple shafeligida o‘tayotgan jahon dasturchilari anjumani doirasida o‘tkazilgan taqdimot chog‘ida Apple iOS 11 mobil platformasi taqdim qilindi. Tim Kuk 96% Apple foydalanuvchilari iOS operatsion tizimidan qoniqish hosil qilishlarini, ularning 86 foizi iOS 10’dan foydalanishini ma’lum qildi.

Garchi, Apple Developer Center dasturchilarga mo‘ljallangan bo‘lsa ham, uning sinov talqinini xohlovchilar o‘z ayfonlarida ishlatib ko‘rishlari mumkin.

Apple talqiniga ko‘ra, iOS 11 jahonning eng ilg‘or mobil operatsion tizimi.

Yuqoridagi suratda: chap tomondan bundan 10 yil avval taqdim qilingan iPhone OS 1 tizimi, o‘ng tomonda esa iOS 11 mobil platformasi.

iOS 11’da Apple 10 ta yangi funksiya qo‘shgan va tizimning negiz texnologiyasini takomillashtirgan. Quyida yangi funksiyalar to‘g‘risida ayrim ma’lumotlarni taqdim qilamiz.

Messages ilovasi iCloud’ga ulandi

Ma’lum qilinishicha, endi Messages ilovasidan keladigan kontent iCloud xizmatida saqlanadi. Natijada, iOS va Mac OS tizimlari o‘rtasida sinxronlash mumkin bo‘ladi. Misol uchun, Messages ilovasidagi ma’lumotlarni ayfondan o‘chirib tashlagan taqdirda, ular avtomatik ravishda kompyuterdan ham o‘chib ketadi.

Shuningdek, qurilmadagi xotirani tejash uchun endi messenjerlardan kelayotgan xatlar iCloud “bulutli” xizmatida saqlanadi.

To‘lovlarni to‘lash yanada oson

iOS 11 foydalanuvchilari  Touch ID shaxsni tasdiqlash tizimi yordamida iMessage va Apple Pay orqali o‘zaro to‘lovlarni amalga oshirishlari mumkin bo‘ldi. iOS 11 bilan birga yangi Apple Pay Cash Card virtual to‘lov kartasi ham chiqariladi. Bunda boshqa foydalanuvchilardan olingan pul mablag‘lari saqlanadi. Bu mablag‘ni keyin shaxsiy hisob raqamiga o‘tkazish mumkin.

Siri endi foydalanuvchini tushuna boshladi

Yangi tizimni ishlab chiqishda bosh e’tibor Siri virtual yordamchisi faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan. Ovozli model rivojlantirilgan va endi assistentning javoblari nisbatan tabiiyroq ovozda yangraydi. Shuningdek, Siri endi ingliz, xitoy, fransuz, nemis, italyan, ispan tillaridan tarjimalar ham qiladi.

Yangi aqliy funksiyaning tatbiq qilinishi evaziga Siri endi shunchaki yordamchi emas, u foydalanuvchini tushunadi va undan nima qiziqligini, misol uchun qaysi mavzudagi yangiliklar uning uchun qiziq bo‘lishini so‘raydi. iOS 11’da Siri foydalanuvchi o‘qib boradigan yangiliklarni o‘qishni o‘rganadi va ularni o‘qishni taklif qiladi, yangi so‘zlarni o‘rganadi.

Shuningdek, bu yordamchi foydalanuvchining keyingi xatti-harakatlarini taxmin ham qiladi. Qolaversa, assistent shaxsiy ma’lumotlar va maxfiy so‘zalrni eslab ham qolishi mumkin.

«Boshqaruv markazi» takomillashdi

iOS 11 ekran quyisini bosganda paydo bo‘ladigan «Boshqaruv markazi»ni takomillashtirgan: endi foydalanuvchiga bu yerga bir nechta tez-tez foydalaniladigan ilovalarni o‘rnatish yoki musiqani sozlash imkoni beriladi.

“Files” ilovasi yordamida fayllarni boshqaring

Yap-yangi — ayfonga fayllarni markazlashgan holda boshqarish imkonini beruvchi “Files” ilovasi iCloud, Google Drive, Box va DropBox kabi yirik “bulutli” xizmatlarga ulangan.

“Xaritalar” — haydovchining maslahatgo‘yi

«Xaritalar» ilovasida endi ba’zi binolarning, misol uchun savdo markazlari va aeroportlarning ichki xaritasi ham kiritilgan. Hozircha, bu kabi ma’lumotlar kiritilgan shaharlar soni chegaralangan. Shuningdek, avtomobil boshqarayotganda ilova bir qancha foydali maslahatlarni ham berib boradi. Jumladan, foydalanuvchi yo‘ldagi harakatlanish “polosa”si va harakatlanish tezligi to‘g‘risida ogohlantirishlar oladi.

Yangi — “Do Not Disturb While Driving” (avtomobil boshqarayotganda xalaqit qilmang) funksiyasi esa foydalanuvchi rulda bo‘lganda, imkon qadar gadjet bilan bog‘liq chalg‘ituvchi omillarini bartaraf qiladi.

Surat va videolar sifatini yo‘qotmaydi!

iOS 11’da fotosurat va videoroliklarni saqlab qo‘yish uchun yangicha formatlar tatbiq qilinadi. Xususan, HEVC formati  4K sig‘imli videolarning, HEIF (High Efficiency Image Format) esa suratlarning sifatiga ta’sir yetkazmagan holda gadjetga saqlab qo‘yishga xizmat qiladi.

Kamera va suratlarda ishlash — yanada qiziq!

Apple’ning ma’lum qilishicha, kamera ilovasi takomillashib,  sun’iy intellektga ega Memories funksiyasi joriy qilingan. Natijada, kamera tasvirlardagi shaxsni, voqea-hodisani, ob’yektni taniy oladi. “Foto” ilovasida suratlarni qo‘shimcha effektlar bilan boyitish mumkin bo‘ldi.

Audio tizimlar xizmatingizda!

iOS 11’ga ega iPhone, iPad yordamida audioni boshqa ishlab chiqaruvchilarning akustik tizimlarida tinglash mumkin. Apple Music’dagi ijtimoiy funksiya yordamida foydalanuvchi do‘stining qaysi musiqani tinglayotganini bilishi mumkin. Shuningdek, xohishga ko‘ra, foydalanuvchi o‘zi tinglayotgan musiqadan boshqalar xabar topish imkoniyatiini cheklab qo‘yishi ham mumkin.

Live Photo – kerakli kadrni o‘zingiz tanlang!

iOS 11’da Live Photo ilovasi ham takomillashgan — endi muhim kadrlarni tanlab, tahrir qilish, jumladan effektlar qo‘shish mumkin.

Ekrandan tasvir yozib olish, bir qo‘lda matn kiritishga mo‘ljallangan klaviatura, ilovalarda maxfiy so‘zlarni avtomatik to‘ldirish, «Home» (Uy) ilovasi qo‘llab-quvvatlaydigan aksessuarlar turining yanada oshgani kabi muhim yangiliklar ham e’tirof etildi.

iOS 11 mobil operatsion tizimi joriy yilning kuz oyida to‘liq foydalanuvchilar ixtiyoriga taqdim qilinadi.