iOS 11’da jeylbreyk qilishni o‘rganamiz

  •   DiMaX
  •  1645
  •  25.01.2018 15:18

iOS 11’da jeylbreyk qilishni o‘rganamiz

Xabaringiz bor – Apple kompaniyasi o‘z qurilmalarining dasturiy ta’minotini o‘ta mustahkam qiladi va odatda gadjetlarining fayllar tizimiga va operatsion tizimiga kirish imkoni bo‘lmaydi. Biroq uddaburon dasturchilar buning ham yo‘lini topishgan: iOS proshivkasini norasmiy o‘zgartirish mumkin va bu jarayon jeylbreyk deb ataladi. Bu xuddi Android-devayslardagi rut (root) huquqiga o‘xshash bo‘lib, jeylbreyk qilingan qurilmaning fayllar tizimiga va tizimning ichki, maxfiy sozlamalariga kirsa bo‘ladi.

O‘QING: iOS va Android smartfonlarida reklamadan butkul xalos bo‘lish

Yaqinda iOS 11 operatsion tizimi boshqaruvi ostidagi ayfon, ayped va aypodlar uchun jeylbreyk qilish imkoniyatini taqdim etishdi – uni LiberiOS utilitasi yordamida amalga oshirish mumkin. Quyida bu jarayonni ko‘rib chiqamiz, ammo avvaliga eslatib o‘tamiz:

Mazkur operatsiya tizimni o‘zgartirishi sababli, keyinchalik Apple servis markazlarida bu qurilmangizga kafolat xizmati ko‘rsatishdan bosh tortishlari mumkin. Shuningdek, unda biror ish xato bajarilsa, iPhone yoki iPad ishdan chiqib, bir parcha metall va plastikdan iborat «g‘isht»ga aylanadi-qoladi. Shu bois, bu yerda ko‘rsatiladigan amallar uchun javobgarlik butunlay o‘z zimmangizda bo‘lishini yodda tuting!

Jeylbreyk qaysi iOS va devayslarga to‘g‘ri keladi?

O‘zi iPhone yoki iPad’ingizni jeylbreyk qilishga kirishishdan oldin, unga LiberiOS utilitasi tushish-tushmasligini aniqlashtirib oling. Jeylbreykni ishlab chiqqan dasturchiga ko‘ra, uni istalgan 64 bitlik devaysda qilsa bo‘ladi.

LiberiOS quyidagi gadjetlarga tushadi:

  • iPhone X, iPhone 8, iPhone 8 Plus, iPhone 7, iPhone 7 Plus, iPhone 6s, iPhone 6s Plus, iPhone 6, iPhone 6 Plus, iPhone SE, iPhone 5s;
  • 12.9'' iPad Pro, 12.9'' iPad Pro (2-avlodi), 10.5'' iPad Pro (1-avlodi), 9.7'' iPad Pro, iPad Air 2, iPad Air, iPad;
  • iPod Touch 6G.

Qurilmaga albatta iOS 11’ning quyidagi versiyalaridan biri o‘rnatilgan bo‘lishi lozim:

  • iOS 11.0.1, iOS 11.0.2, iOS 11.0.3;
  • iOS 11.1, iOS 11.1.1, iOS 11.1.2.

Aytish kerakki, iOS 11.2 hamda iOS 11.2.1 talqinlariga jeylbreyk tushmaydi, chunki ulardagi «tirqish»larni Apple aniqlab, bartaraf etgan.

iOS 11’da jeylbreyk qilish

Yodda tuting: jeylbreyk qilingan iOS-qurilma ishdan chiqib qolishi ham mumkin, buning uchun «Terabayt.Uz» tahririyati mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmaydi.

Ishni boshlashdan avval, iTunes’ning so‘nggi versiyasini qo‘llagan holda, albatta o‘z iOS-devaysingizning zaxira nusxasini yaratib qo‘ying.

1-qadam. Ishlab chiquvchining saytidan LiberiOS ilovasining IPA-faylini kompyuterga yuklab oling.

2-qadam. Kompyuterga Cydiaimpactor utilitasini ham yuklab oling.

3-qadam. iOS-qurilmangizni Lightning kabeli yordamida shu kompyuterga ulang, Cydiaimpactor dasturini ishga tushiring va IPA-faylni sichqoncha bilan «ushlab», uning oynasiga tashlang.

4-qadam. O‘zingizning Apple ID akkauntingiz ma’lumotlarini kiriting.

Maslahat: bank plastik kartangiz biriktirilmagan Apple ID akkauntingizdan foydalanishni tavsiya etamiz.

5-qadam. iOS-devaysingizda Nastroyki —> Osnovnie —> Profili manziligacha kirib, jeylbreyk bilan bog‘langan profil uchun ishonch darajasini tasdiqlang.

6-qadam. Qurilmangizdagi Sptingboard (Ish stoli)ga qaytib, LiberiOS utilitasini (chiziqchali oq belgicha) ishga tushiring. Ochilgan ilovada «Do it»ni bosing va jeylbreyk jarayonining tugashini kuting.

7-qadam. Jeylbreyk yakuniga yetgach, quyidagi yozuv ko‘rinadi:

Tabriklaymiz – endi siz iOS 11 tizimining yopiq bo‘limiga ham kira olasiz.

O‘QING: iOS 11 va Android O’ning e’tirofga loyiq «shoh-funksiyalari» (3 tadan)

iOS 11 jeylbreykining salbiy tomonlari nimalarda?

Jeylbreyk jarayonini amalga oshirar ekansiz, siz LiberiOS bilan bog‘liq ba’zi jihatlarni ham inobatga olishingiz kerak bo‘ladi.

Birinchidan, bu jeylbreyk Cydia tviklar do‘koniga kirish imkonini bermaydi. Cydia dasturchilari hali uni iOS 11 talqiniga sozlab ulgurishgani yo‘q.

Ikkinchidan, sizning qurilmangiz jeylbreykka bog‘liq bo‘lib qoladi, ya’ni, uni har gal o‘chirib-yoqqaningizda yuqoridagi qo‘llanmaning 3–7-qadamlarini qaytadan bajarishingiz kerak bo‘ladi.

Uchinchidan, ilovani har yetti kunda qaytadan imzolab – akkauntingizga qaytadan kirib turishingizga to‘g‘ri keladi. Chunki unga tegishli sertifikatning muddati o‘tadi. Soddaroq qilib aytganda, har haftada yuqoridagi yo‘riqnomaning 3–7-qadamlarida ko‘rsatilgan amallarni takrorlab turishingiz kerak bo‘ladi.

Yodda tuting: jeylbreyk qilingan gadjetning ichki (jeylbreyksiz ko‘rinmaydigan) bo‘limlarida amalga oshiriladigan amallarning hammasi ham yuz foiz muvaffaqiyatli chiqavermaydi. Tizim papkalaridan birorta kerakli faylni adashib o‘chirib yuborsangiz esa devaysingiz butkul ishdan chiqib qolishi mumkin. Shu bois, tavakkalchilikka asoslangan bu ishga qo‘l urayotib, qurilmangizdan ayrilib qolishingiz xavfi mavjudligi hamisha esingizda bo‘lsin.

O‘QING: iOS 11 yoqmadimi? iOS 10’ga qaytamiz!