iOS 17 bilan Apple'ning ham ushbu eng ommabop flagmanlari nafaqaga chiqishi mumkin

iOS 17 bilan Apple'ning ham ushbu eng ommabop flagmanlari nafaqaga chiqishi mumkin

O'tgan yili iOS 16 va iPadOS 16 yangilanishlarini chiqarilganida ko'plab Apple qurilmalari, xususan, iPhone 6s, iPhone 6s Plus, iPhone 7, iPhone 7 Plus, birinchi avlod iPhone SE bilan birga ikkinchi avlod iPad Air, to'rtinchi avlod iPad mini modellari uchun qo'llab-quvvatlash yakunlangani ma'lum bo'lgan edi. Navbatdagi iOS yangilanishi ham bir qancha iPhone smartfonlari iPad planshetlarini nafaqaga kuzatishi mumkin.

O'z manbalariga asoslanib MacRumors nashrining xabar berishicha, iOS 17 yangilanishi iPhone 8, iPhone 8 Plus va iPhone X smartfonlarini, iPadOS 17 esa 9.7 dyuymli, hamda, 12.9 dyuymli birinchi avlod iPad Pro bilan beshinchi avlod iPad planshetlarini qo'llab-quvvatlamaydi, ya'ni ushbu modellar yangilanishni qabul qilmaydi.

Ta'kidlash joizki, ushbu Apple smartfon va planshetlari 2015-2017-yillar oralig'ida chiqarilgan va agar mish-mishlar to'g'ri bo'ladigan bo'lsa, demak iOS va iPadOS yangi versiyalari A11 Bionic yoki undan past modeldagi chiplarda ishlaydigan qurilmalar bilan "kelisha olmaydi", faqatgina A10 Fusion chipi bilan jihozlangan oltinchi va yettinchi avlod iPad, hamda, A10X Fusion chipi bilan jihozlangan ikkinchi avlod iPad Pro planshetlari bundan mustasno bo'lishi mumkin.

Ma'lum bo'lishicha, iOS 17 ishlash samaradorligi va barqarorlikni yaxshilashga qaratilgan versiya bo'ladi va undan katta o'zgarishlarni kutmaslik kerak, faqat bitta narsadan tashqari – o'tgan yili dinamik orol haqidagi ma'lumotlarni oshkor etgan anonim manba bergan ma'lumotlarga ko'ra, yangi iOS versiyasi tizimdagi Control Center (Boshqaruv markazi) paneliga katta o'zgarishni o'z ichiga oladi. Aytish kerakki, bu ushbu funksiya taqdim qilinganidan keyingi ilk katta o'zgarish bo'ladi – funksiya o'n yil avval iOS 7 bilan chiqarilgan va u iOS 11 dan so'ng o'zining hozirgi ko'rinishini olgan.

iOS 17, iPadOS 17 va Apple'ning boshqa operatsion tizimlari 5-iyun kuni bo'lib o'tadigan WWDC23 taqdimotida namoyish qilinishi kutilmoqda.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.