iPad 9.7 (2018) – Pencil stilusini qo‘llab-quvvatlovchi eng arzon Apple plansheti taqdim etildi (+video)

  •   DiMaX
  •  1529
  •  28.03.2018 10:09

iPad 9.7 (2018) – Pencil stilusini qo‘llab-quvvatlovchi eng arzon Apple plansheti taqdim etildi (+video)

iPad 9.7 (2018) Pencil stilusini qo‘llab-quvvatlovchi eng arzon Apple plansheti taqdim etildi

2018 yilning 27 mart sanasi taqdimotlarga boy bo‘ldi: Xitoyda Xiaomi, Parijda Huawei, Chikagoda esa Apple o‘z anjumanlarini o‘tkazdilar. Qanchalik g‘alati bo‘lmasin, bular orasida aynan kupertinolik gigantning taqdimot tadbiri eng hafsalani pir qiluvchi marosim bo‘ldi.

O‘QING: Apple yangi iPhone'ning taqdimot kunini e’lon qildi

Chikagodagi namoyish tadbirida na iPhone SE 2, na yangi MacBook Air 13 taqdim etilmaganidan tashqari, AirPower simsiz quvvatlash texnologiyasi va AirPods quloqchinlari uchun yangi keys haqida bir og‘iz ham gap bo‘lgani yo‘q. Ko‘pchilik kuzatuvchilarning fikricha, bu – keyingi yillarda Apple tomonidan o‘tkazilgan eng yomon namoyish bo‘ldi.

Apple bu marosimda o‘zining hamyonbop planshet – iPad 9.7 (2018) modelini taqdim etdi. Xursand qilarli tomoni – yangi qurilma ilgari iPad Pro turkumidagi planshetlar bilangina mos keluvchi Pencil stilusini ham qo‘llab-quvvatlaydi. «Olmali» korporatsiyaning ta’kidlashicha, bu – «eng kreativ jihozni qo‘llab-quvvatlovchi eng arzon planshet» bo‘lib, talabalar va o‘qituvchilarga o‘zlarining yashirin iste’dodlarini kashf etishda ko‘makchi bo‘ladi.

iPad 9.7 (2018) plansheti iPhone 7 hamda iPhone 7 Plus smartfonlarida qo‘llangan 4 yadroli Apple A10 Fusion protsessori bazasida ishlaydi. Uning LTE-modemi 300 Mbit/soniyagacha tezlikda ma’lumot almasha biladi, tezkor xotira hajmi esa 2 gigabaytni tashkil etadi. Yangi devays 2017 yili iOS 11 tizim talqini bilan birga iPhone, iPad va iPod Touch egalariga taqdim etilgan to‘ldirilgan borliq texnologiyasi bilan ishlay oladi.

O‘QING: Barcha smartfonlarga to‘ldirilgan borliq baxsh etuvchi ilova chiqdi

Planshet old tomonida HD-video yozib olishni qo‘llab-quvvatlaydigan FaceTime kamerasi bilan jihozlangan. Orqa paneldagi asosiy kamera esa 8 megapikselli sensorga ega. Diagonali 9,7 dyuymga teng bo‘lgan IPS-ekranining tomonlari o‘zaro 3:4 nisbatda, displey aniqligi esa 1536x2048 pikselga teng.

Apple iPad 9.7 (2018) korpusi avvalgilaridek – metalldan ishlangan bo‘lib, tillarang va kul rang tuslarda taqdim etilgan. Qurilma birinchi avlod Touch ID barmoq izi skaneriga ega.

Mana, ushbu planshetning videoroligini tomosha qilamiz:

iPad 9.7 (2018) ekranni ikkiga bo‘luvchi Split View funksiyasiga ham ega. Masalan, planshet ekranini ikkiga bo‘lib, bir vaqtning o‘zida bittasida matn terish, ikkinchisida kitob o‘qish mumkin. Apple mazkur planshetini ta’limga moslab chiqarayotgan ekan, bu funksiya juda foydali.

Planshet taqdimot kunining o‘zidayoq 329 AQSh dollari narxida bozorga chiqarilgan. AQSh maktab va universitetlari uni chegirma bilan – 299 dollarga ham olish imkoniyatiga egalar. Ushbu arzon aypad O‘zbekiston bozorlariga yetib kelsa, bu haqda xabar qilamiz – bizni kuzatib boring.

O‘QING: iPad planshetlarining Toshkentdagi narxlari (2018 yil 20 mart)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!