iPhone 7 va iPhone 7 Plus’larda yana bir jiddiy muammo chiqdi

  •   DiMaX
  •  3233
  •  02.05.2017 13:25

iPhone 7 va iPhone 7 Plus’larda yana bir jiddiy muammo chiqdi

Apple’ning so‘nggi chiqqan flagman smartfoni butkul yangicha korpusdan va boshqa yangiliklardan tashqari, yangicha «Home» tugmachasiga ham ega. Bu jihoz har jihatdan yangicha: ishlash prinsipi oldingi avlod iPhone’lardagidek emas, sezish tezligi ham yuqori. Biroq bu afzalliklar ortida shunday bir jiddiy nuqson ham borki, har bir iPhone 7 yoki iPhone 7 Plus egasi unga duch kelishi mumkin.

Gap shundaki, yangi avlod iPhone’lardagi «Home» tugmachasi o‘ta mo‘rt materialdan qilingan. AppleInsider.ru saytiga ModMac servis markazidan xabar qilishlaricha, tugmacha mexanik teginishlarga juda ta’sirchan. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, ModMac’ga aynan «Home» tugmachasi singanligi tufayli olib kelingan smartfonlar juda ko‘p. Bu nuqsondan jabr ko‘rganlar shunchalik ko‘pki, almashtirib berish uchun servisga smartfonlarning yangi seriyasi kelib ulgurmasidan, tugmachasi singanligidan shikoyat qilib kelganlar navbati tizilib qolmoqda.

Mana, masalan, 128 GB ichki xotiraga ega, «jilodor qora» (Jet Black) rangli iPhone 7 modeli. Egasining aytishicha, uning tugmachasi nega singanligi umuman tushunarsiz: telefon sumka ichida yotgan bo‘lgan, uni qo‘lga olib qarasa – «Home» tugmachasi singan va o‘ta qizib ketgan ekan.

ModMac’dagilar aynan shunday hajmli xotiraga ega, shunaqa modeldagi iPhone topib, tugmachani almashtirib berishgan, ammo qayta proshivka qilishsa ham tugmacha ishlamagan. Biroq undagi sensor xatolik sababli o‘z-o‘zidan muntazam ish holatida turgan va shu bois telefon batareyasining quvvati tez tugagan. Tugmachaning o‘zi ham barmoqni kuydiradigan darajada qizib ketgan.

Bu kabi holatlar kun sayin ko‘proq uchrayapti va mazkur muammo faqat qurilmani to‘liq almashtirish yo‘li bilangina butkul hal etilyapti ekan. Ayni damda ModMac ushbu muammoni hal etishning muqobil yo‘llarini izlash bilan band, deyiladi xabarda.

Saytning murojaatiga javoban Apple’dan ma’lum qilishlaricha, kompaniya mazkur masala bilan shug‘ullanmaydi va bu borada servis markazlariga murojaat etish lozim. Rasmiy servis markazlarida esa, «bunday holatlar kafolat doirasiga kirmaydi, chunki mexanik ta’sir bo‘lgan; yana tugmachaning o‘zi emas, balki butunicha smartfonning o‘zi almashtiriladi», deyishmoqda.

Shunday ekan, iPhone 7 yoki iPhone 7 Plus smartfonlarining nafaqat korpus sirtqi qoplamasini, balki «Home» tugmachasini ham avaylashga to‘g‘ri keladi. Ushbu qurilmalarning boshqa muammolari haqida mana bu maqolamizda ham yozganmiz.

Eslatib o‘tamiz, poytaxtimizdagi «Malika» savdo markazida «jilodor qora» (Jet Black) rangli iPhone narxlari boshqalariga nisbatan sal yuqoriroq. Bu rangdagi smartfon egalariga biz ularni g‘ilof bilan ishlatishni tavsiya qilgan bo‘lar edik.