iPhone 8 kamerasi to‘ldirilgan reallik funksiyasiga ega bo‘lishi mumkin

iPhone 8 kamerasi to‘ldirilgan reallik funksiyasiga ega bo‘lishi mumkin

Kecha Business Insider nashrida yozilgan xabarda aytilishicha, Apple kompaniyasi kelgusi yilda e’lon qilinadigan iPhone 8 kamerasiga to‘ldirilgan reallik funksiyasini tatbiq etishni rejalashtirgan. Shu maqsadda ayni paytda maxsus muhandislar jamoasi keyingi avlod flagmanining kamerasi ustida ish olib boryapti.

Ushbu funksiyani smartfonga tatbiq etish uchun Kupertino giganti tomonidan so‘nggi yillarda sotib olingan turli startaplar ishlab chiqqan texnologiyalardan foydalanilmoqdi. Mazkur funksiyaning ishlash jarayoni quyidagicha tasvirlangan: iPhone 8 foydalanuvchisi qurilma kamerasini biror predmetga yo‘naltiradi, kamera esa mazkur predmetni aniqlab, tarmoqda u haqda mavjud bo‘lgan ma’lumotni aks ettiradi. Shuningdek, keyingi flagman “olma”ning kamerasi foydalanuvchilarning yuzini yanada tezroq aniqlash imkoniyatiga ham ega bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, internet tarmog‘idagi yetakchi nashrlarda yaqinda berilgan xabarga ko‘ra, Apple ayni paytda to‘ldirilgan reallik funksiyasiga ega bo‘lgan aqlli ko‘zoynaklarni sinovdan o‘tkazishni boshlab yuborgan. Hozircha ushbu ko‘zoynakning qachon namoyish etilishi noma’lum.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!