iPhone 8 Plus – «eng portlovchi» smartfonmi?

  •   DiMaX
  •  1890
  •  05.10.2017 15:41

iPhone 8 Plus – «eng portlovchi» smartfonmi?

Yaqinda tayvanlik bir foydalanuvchining iPhone 8 Plus rusumli smartfoni portlaganida, ko‘pchilik buni tasodifga yo‘ygan edi. Apple’ning oldingi gadjetlarida ham shu kabi holatlar bitta-yarimta uchrab turardi-da. Ammo bu gal ahvol boshqacharoq: kupertinolik gigantning yangi flagmani dunyo bo‘yicha o‘z nuqsonlarini namoyon etayotir, deb yozadi MacRumors.

Tayvanlik ommaviy axborot vositalarining ma’lum qilishlaricha, bu yerda iPhone 8 Plus flagmani quvvat olayotganida o‘z-o‘zidan portlab ketgan. Keyinroq iPhone 8 hamda 8 Plus egalari ham telefonda gaplashish chog‘ida dinamikdan jonga teguvchi shovqin chiqayotganidan nolishgan va mazkur nuqson dasturiy ta’minot bilan bog‘liqligiga ham Apple iqror bo‘lgan.

Bulardan tashqari, ayni shu modeldagi smartfonlarning ekrani asosiy korpusdan ajralib qolishi bo‘yicha ham holatlar kuzatilgan. Bularga batareyaning shishgani sabab bo‘lishi taxmin qilingan. Apple vakillari esa, mazkur muammodan xabardor ekanliklarini, uni hal etish ustida ishlayotganlarini aytishgan.

Muammolar shular bilangina tugamaydi. Keyinchalik Yaponiyada, Gretsiyada, Gonkongda va Kanadada ham foydalanuvchilarning iPhone 8 Plus rusumli qurilmalari korpusi ajralib ketgan. Bularning barchasi batareyaning shishgani bilan bog‘liq ekani aytilmoqda.

Tag‘in, yuqoridagi holatlarning ko‘pchiligida gadjetni xaridorga yetkazib berish chog‘idayoq bu nuqson mavjudligi aniqlangan. Ya’ni, foydalanuvchi smartfonni xarid qilib, qutisini ochib ko‘rganidayoq uning batareyasi shishgan va korpusi ajrala boshlagan bo‘lgan. iPhone 8 Plus’larning ayrimlari esa quvvatlash jarayonida akkumulyatori shishib, egasining ko‘zi oldida korpusi ajralib ketgan.

Yuqoridagi xabarlarda bittagina kishini sal xotirjam qiluvchi tomoni bor – u ham bo‘lsa, batareyalarning portlashi bilan bog‘liq ko‘pchilik holatlardagi kabi, yangi ayfon alanga olib ketmagan.

To‘g‘ri, Apple kompaniyasi yuqoridagi holatlar bo‘yicha rasmiy tekshiruv ishlarini boshlab yuborgan, ammo baribir kishilarning unga ixlosi kamayishi mumkin.

Xabaringiz bor, iPhone 8 hamda 8 Plus smartfonlari poytaxtimizdagi «Malika» savdo majmuasi do‘konlarida so‘mga sotilmoqda.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!