iPhone’ni endi ishlata boshlaganlarga maslahatlar

  •   DiMaX
  •  4931
  •  18.03.2017 18:23

iPhone’ni endi ishlata boshlaganlarga maslahatlar

Ushbu smartfonlarni endi ishlata boshlagan kishilar uning funksiyalari, imkoniyatlarini ko‘rib hayratlanishlari turgan gap. Agar bungacha Android tizimli telefon tutgan bo‘lsa, kishi iPhone interfeysi sal o‘zgacha ekanini darrov ilg‘ab oladi. Lekin baribir «Olmafon» bilan tanishuvni yengillashtiradigan quyidagi tavsiyalarga nazar solish zarar qilmaydi.

Tabiiyki, bu yerda iPhone’ning barcha funksiyalari bilan tanishtira olmaymiz, ammo boshlanishiga yetarlicha ma’lumot beramiz. Shuningdek, bu tavsiyalarimizning aksariyati iPad uchun ham tegishlidir.

  1. Papkalardan foydalaning

Ilovalarni boshqarish qulay bo‘lishi uchun, ularni alohida-alohida papkalarga solib qo‘yishingiz mumkin. Avvalo, papkaga solmoqchi bo‘lganingiz dasturning belgichasini sal vaqt ushlab turib, uni boshqa bir ilovaning ustiga olib boring. Barmog‘ingizni qo‘yib yuborishingiz bilan papka yaratiladi va shu ikki ilova uning ichiga tushadi. Qolgan ilovalarni uning ichiga shunaqa surib joylashtirishingiz, ortiqchasini tashqariga chiqarib yoki boshqa papkaga ko‘chirib qo‘yishingiz mumkin. Papkaning nomini bosib, unga o‘zingiz istagan nomni bersangiz bo‘ladi.

Ish stolining boshqa ekranida turgan ilovani ham papkaga solsa bo‘ladi. Buning uchun o‘sha ilova belgichasini bosib ushlab, papka joylashgan ekran tomon chekkagacha surasiz. Ilova o‘sha ekranga o‘tadi, keyin esa uni papkaga joylab qo‘yib, oxirida «Uyga» tugmachasini bosasiz.

  1. Google Maps ishlating

Apple’ning o‘zidagi Xaritalar ilovasi ham chakkimas, ammo unga raqobatchi Google Xaritalari yanada yaxshiroq. Uni o‘rnatish uchun App Store i do‘konini oching va qidiruv maydonchasiga Google Maps so‘zini kiriting.

  1. Kontentning avtomatik yangilanishini o‘chirib qo‘ying

Ba’zida ilovalar fon rejimida ishlab, internetdan ma’lumot yuklashda va geolokatsiyadan foydalanishda davom ettiradi. Bularning barchasi akkumulyator ishiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi, shuningdek, internet-trafigingizni ham tez tugatib qo‘yadi. Ularni cheklash uchun qurilmaning sozlamalari – «Nastroyki»ni oching va asosiylari – «Osnovnie» bo‘limiga o‘ting. Shu joydan «Obnovleniye kontenta» bo‘limini ochib, keraksiz ilovalarni o‘chirib qo‘ying.

  1. Kompas ilovasining barcha imkoniyatlarini kashf eting

Standart Kompas ilovasida gorizontal va vertikal holatni tekshirish funksiyalari ham bor. Undan foydalanish uchun ilovani ochib, o‘ng tomonga silang.

  1. Ijtimoiy tarmoqlarni sozlang

Agarda ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanadigan bo‘lsangiz, unda Facebook, Twitter, Flickr va Vimeo kabilarga istalgan ilova va veb-brauzerdan kirish uchun o‘z iPhone’ingizni ular bilan sinxronlashingiz lozim. Login-parollaringizni bir marta kiritgach, keyin bunga hojat qolmaydi – iOS kerakli paytda o‘zi bu ma’lumotlaringizni ularga taqdim etadi. Buning uchun smartfon sozlamalari – «Nastroyki»ga kirib, pastga – ijtimoiy tarmoqlar bo‘limigacha «varaqlab» tushasiz.

  1. Qora ro‘yxatdan foydalaning

Barcha iPhone egalari uchun iOS 7 tizimida betakror funksiya – keraksiz abonentlarni qora ro‘yxatga kiritib qo‘yish imkoni taqdim etildi. Buni amalga oshirish uchun sozlamalar – «Nastroyki»ga kirasiz, «Telefon» bo‘limiga, undan esa «Zablokirovannie»ga o‘tasiz. Shu yerda «Dobavit noviy»ni bosasiz. Keyin esa keraksiz abonentning raqamini kiritib qo‘yasiz – endi shu raqamdan sizga qo‘ng‘iroq qilib ham, SMS yuborib ham bo‘lmaydi.

  1. Ilovalarning avtomatik yangilanishini sozlang

iPhone’ingizga o‘rnatilgan ilovalar avtomatik tarzda yangilanishi mumkin. Bu jarayonni sozlash uchun yana sozlamalar – «Nastroyki»ga kirib, iTunes Store, App Store bo‘limiga o‘tasiz. Shu yerdagi «Obnovleniya» tugmachasidan yangilanishning avtomatik amalga oshirilishini yoqib yo o‘chirib qo‘yishingiz mumkin. Xuddi shu menyudan siz, boshqa Apple qurilmalaringiz orqali xarid qilingan dastur yoki musiqalarning avtomatik yuklanishini ham sozlay olasiz.

  1. SMS-xabarlar matnidan nusxa oling

Sizga kelgan yoki o‘zingiz birovlarga yuborgan SMS-xabarlarning matnlarini ko‘chirib olish uchun, o‘sha xabar ustiga biroz vaqt bosib turasiz. Qalqib chiqqan menyu oynachasidagi «Skopirovat»ni bosasiz va keyin uni kerakli joyga qo‘ya olasiz. Shu yerdagi «Yeщye» tugmachasi orqali esa matnli xabarlar ustida qilinadigan qo‘shimcha amallarni bajarishingiz mumkin.

  1. Ko‘p topshiriqlilik funksiyasidan foydalaning

Smartfoningizda ochiq turgan ilovalarning biridan ikkinchisiga o‘tish uchun «Uyga» tugmachasini ikki marta bosishingiz lozim. Ko‘p topshiriqlilik panelidan keraklisiga o‘tishingiz, shuningdek, keraksizlarini yuqoriga surib yuborib yopishingiz mumkin.

  1. Boshqaruv nuqtasidan foydalaning

Boshqaruv nuqtasiga kirish uchun ekranning pastki qismidan boshlab yuqoriga suring. Unda iPhone’ingizning asosiy funksiyalarini – Parvoz yoki Bezovta qilmaslik rejimi, Wi-Fi, Bluetooth kabilarni tezda o‘chirish/yoqish mumkin. Shuningdek, bu yerdan musiqani bosharish, asosiy standart ilovalarni tez ochish imkoniyati ham bor.

  1. Animatsiyani o‘chirib qo‘ying

iOS 7 – animatsiyalari juda ko‘p mobil operatsion tizim. Agar ular joningizga tegaversa, o‘chirib qo‘yishingiz mumkin. Buning uchun sozlamalar – «Nastroyki»ni ochib, asosiylari – «Osnovnie»ga o‘tasiz. U yerdagi «Universalniy dostup», keyin esa «Umensheniye dvijeniye» bo‘limlariga o‘tasiz. Undagi o‘chirib-yoqish tugmachasini faol holatga o‘tkazing.

  1. Spotlight yordamida qidiring

iPhone smartfonlarining ichidan – kontaktlar ro‘yxatidan tortib ilovalar nomlarigacha – hamma joydan istalgan ma’lumotni izlay oladigan Spotlight funksiyasi mavjud. Uni ishga tushirish uchun ekran o‘rtasidan pastga surish lozim.

  1. Bildirishnomalar markazidan foydalaning

Bildirishnomalar markazi orqali siz o‘z kuningizning butun «qiyofasi»ni ko‘ra olasiz. Unda Kalendarda bugungi va ertangi kunga mo‘ljallangan ishlaringiz, ob-havo shart-sharoitlari kabilar aks etadi. Bildirishnomalar markazida kontentning aks ettirilishi sozlash uchun esa «Nastroyki»dagi «Sentr uvedomleniy»ga kirasiz.

So‘zimiz so‘ngida esa, «Malika» savdo markazida iPhone’lar narxlari hamda Apple ixlosmandlariga atalgan eksklyuziv maqolamiz bilan tanishib chiqishingizni tavsiya etamiz.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!