iPhone X’dagi Face ID’ni aldashga qarshi niqoblar sotuvga chiqdi

  •   DiMaX
  •  1218
  •  15.09.2017 18:18

iPhone X’dagi Face ID’ni aldashga qarshi niqoblar sotuvga chiqdi

Ishonchdan ko‘ra shubhalar ko‘proq

Apple’ning «yubiley ayfoni» namoyish etilganidan so‘ng undagi yuzni tanish tizimi – Face ID borasida har xil gaplar ko‘paymoqda. Avvalo, ayni taqdimotda bu tizim ishlamay qolib pand berdi. Qolaversa, mazkur himoya tizimining xavfsizlik darajasi ishonchdan ko‘ra ko‘proq shubhalarga sabab bo‘layotir.

Xo‘sh, blokdan chiqarish uchun Face ID’ni o‘rnatib qo‘yish qanchalik xavfsiz o‘zi? Aytaylik, rashkchi ayol, eri uxlayotgan payti uning ayfoniga yuzini ko‘rsatib, himoyasini yechishi mumkin-ku!?

Tinib-tinchimagan xitoyliklar ayni mana shu kabi holatlar uchun, bo‘lajak iPhone X sohiblariga mo‘ljallab allaqachon uyqu niqoblarini sota boshlashdi! Bu haqda Hi-Tech Mail.Ru xabar berayotir.

Face ID qorong‘ida ham ko‘radi

Apple bergan rasmiy axborotga ko‘ra, iPhone X’ning infraqizil kamerasi insonning yuzidagi o‘ttiz mingga yaqin nuqtani tahlil qilib chiqishga qodir. Buning ustiga, mazkur tizim qorong‘ida ham ishlaydi va kishining qiyofasini yuqori darajadagi aniqlikda taniydi.

Demak, xitoyliklar o‘ylaganidek, xavotirga o‘rin bormi? Foydalanuvchilarning xayoliga darrov shu fikr keldi: egasi uxlayotgan payti uning yuzini smartfoniga ko‘rsatib, qurilmani blokdan chiqarsa bo‘lar ekan-ku?

Ammo Apple kompaniyasi taqdimotning o‘zidayoq bu shubhalarga barham beruvchi ma’lumotni yetkazdi. Ya’ni, agarda egasi ekranga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarab turmasa, Face ID ishlamaydi. Ya’ni, bu tizim yuzni tanishi uchun egasining ko‘zlari kamida ochiq bo‘lishi lozim.

Boshqalari xavfsizroqmi?

Face ID tizimining xavfsizligidan xavotir olayotganlar muhofazaning boshqa usullari ham unchalik ishonchli emasligini inobatga olmayotirlar. Masalan, blokirovkasi Touch ID orqali ochiladigan smartfon egasi uxlayotganida uning barmog‘ini daktiloskopik skanerga qo‘yib, bemalol himoyani yechsa bo‘ladi-ku!

Shu bois, Face ID himoya niqobiga buyurtma berishdan oldin, ortiqcha himoyalanishingiz umr yo‘ldoshingizda shubhalarni keltirib chiqarishi, yuragiga g‘ulg‘ula solishi mumkinligini ham o‘ylang, deyiladi xabarda.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!