iPhone X ishlab chiqarish jiddiy qisqargani ma’lum bo‘ldi

iPhone X ishlab chiqarish jiddiy qisqargani ma’lum bo‘ldi

iPhone X savdo chiqarilganidan so‘ng yuzaga kelgan talabdan so‘ng ko‘pchilik kamida 1 yildan so‘ng Apple bozordagi bu ehtiyojni qondirishi mumkinligini aytgan edi. Biroq, bu -- xato fikr bo‘lib chiqdi.

Amerikaning Apple korporatsiyasi kuni kecha kutilmaganda yanvar-mart oylarida iPhone X smartfonini ishlab chiqarishni 2 barobarga qisqartirishga qaror qildi.

Buning bosh sababi sifatida flagmanning AQSh, Yevropa, Xitoydagi savdosining keskin tushib ketgani aytilmoqda.

Natijada yangi ayfon ishlab chiqarish salohiyati 40 million donadan 20 millionga pasayadi. Nisbatan arzon hisoblangan iPhone 8 va iPhone 8 Plus modellarini ishlab chiqarish o‘zgarishsiz qoladi — yanvar va mart oylarida 30 mln dona smartfon bozorga chiqariladi. Canalys tadqiqotchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2017 yilning IV choragi yakunlari bo‘yicha 29 million dona iPhone X sotilgan.

O‘qing: iPhone X: ekspertlar flagmanning tannarxini aytishdi

Aytish joizki, iPhone X — tarixdagi "eng qimmat ayfon". AQSh da uning boshlang‘ich bahosi $999 dollar bo‘lgan bo‘lsa, jahon mamlakatlarida 1400 AQSh dollarigacha sotildi. Ko‘pchilikning fikricha, bu o‘ta insofsizlik. Smartfonning narx-navosi sinchiklab o‘rganilganida, gadjetning narxi uning tannarxidan 60% ga ko‘proq ekani aniqlangan. Ya’ni, Apple eng qimmat flagmani uchun $412 dollar sarflagan ekan.

Ma’lum qilinishicha, iPhone X ishlab chiqarilishining kamayishi Apple va butlovchi qismlar yetkazib beruvchi kompaniyalar o‘rtasida jiddiy muammolar keltirib chiqaradi. Jumladan, Yaponiyaning Murata Manufacturing, Kyocera, Sony va TDK kabi iPhone uchun plata va kamera sensorlari, akkumulyator batareyalari yetkazib beruvchi kompaniyalari bundan qattiq jabrlanadilar.

KGI Securities tahlilchisi Min Chi Kuoning qayd etishicha, bu yil Apple an’anani buzadi va 3 ta yangi ayfon modelini taqdim qiladi. Ulardan biri nisbatan juda arzon, ya’ni $700–800 AQSh dollari bahosida bo‘ladi. Voqealar rivojini bizda kuzatib boring.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!