iPhone X o‘zaro umuman qarindosh bo‘lmagan xitoyliklarning ham farqiga bormadi!

  •   DiMaX
  •  1718
  •  16.12.2017 15:51

iPhone X o‘zaro umuman qarindosh bo‘lmagan xitoyliklarning ham farqiga bormadi!

Apple’ning yubiley ayfonida joriy etilgan inqilobiy texnologiyalardan biri Face ID – foydalanuvchining qiyofasini tanish tizimi hisoblanadi. Ammo iPhone X’ning ayni shu funksiyasi ko‘p pand berib, «olmali korporatsiya»ni uyaltirib qo‘ymoqda.

O‘QING: iPhone X foydalanuvchilari allaqachon nuqsonlardan shikoyat qila boshlashdi

Masalan, Xitoyning Nankin shahrida yashovchi bir juvon ham ne-ne orzu-havaslar bilan iPhone X xarid qilgan edi. Biroq oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan, uni Apple’ga qaytarib topshirishiga to‘g‘ri keldi. Bu haqda South China Morning Post nashri xabar bergan.

Gap shundaki, birga ishlaydigan, ammo hech qanaqasiga qarindosh bo‘lmagan bir hamkasbi uning ayfonini o‘zining qiyofasi yordamida bemalol blokdan chiqara bildi. Smartfonni o‘chirib-yoqish ham, Face ID’ni qayta sozlash ham natija bermadi – iPhone X ularning ikkalovini bitta odam sifatida qabul qilishda davom etaverdi.

Smartfon egasi darrov Apple mijozlarni qo‘llab-quvvatlash markaziga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatni aytgan, ammo unga ishonishmagan. Keyin esa juvon o‘sha hamkasbini ham yoniga olib, kupertinolik gigantning o‘ziga yaqin joylashgan rasmiy do‘koniga borgan. U yerdagi xodimlarda muammoni amalda ko‘rsatib bergan. Do‘kon xodimlari muammoni tan olishgan, ayni shu smartfonning kamerasida nuqson bo‘lsa kerak, degan fikrni bildirishgan va iPhone X’ni yap-yangisiga almashtirib berishgan. Lekin yangi ayfon ham baribir bu ikki ayolni bir-biridan farqlay olmagan va Face ID ularni bitta odam, deb qabul qilib, blokni ochib beravergan. Keyin do‘kon smartfonni olib qolib, mijozga pulini qaytarib berishga majbur bo‘lgan.

O‘QING: O‘n yashar bola iPhone X himoyasini buza oldi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!