iPhone yoki iPad keshi va xotirasini tozalaymiz

  •   DiMaX
  •  4932
  •  10.03.2017 17:24

iPhone yoki iPad keshi va xotirasini tozalaymiz

Apple’ning yangi smartfoni yoki planshetini xarid qilgan paytlaringizda, u juda tez ishlaydi. Ammo texnika baribir texnika – vaqt o‘tishi bilan ayrim ilovalarda ma’lumot yangilanmay qolayotganini, bo‘sh joy tez kamayib ketayotganini payqaysiz. Xo‘sh, bunda nima qilish kerak? Keshni tozalash va buni to‘g‘ri amalga oshirish lozim.

Keshning vazifasi nima o‘zi?

Ko‘plab dasturlar keshlangan fayllardan foydalanadi. Masalan, Safari siz kirgan saytlar haqidagi ma’lumotlarni saqlab qo‘yish uchun keshni ishlatadi. Buni u sizning foydangizni o‘ylab qiladi: keyingi gal yana shu saytga kirayotganingizda, u trafigingizni tejab, keshdagi ma’lumotlardan foydalanib ochadi. Biroq vaqt o‘tishi bilan kesh hajmi ancha oshib qolishi chatoq-da.

Birgina Safari emas, balki siz App Store’dan olib o‘rnatgan boshqa ilovalarga ham kesh kerak bo‘ladi – ular ham sizning nimalar qilganingizni keshga yozib boradi. Agar biror dasturdan ko‘p foydalanayotgan bo‘lsangiz, uning keshi ham o‘sib boraveradi. Aksariyat hollarda smartfon yoki planshetingizda bitta emas, ko‘plab ilovalardan foydalanib turasiz va buning natijasida kesh hajmi o‘ta kengayib ketadi.

Odatda kesh fayllari iOS ishini og‘irlashtirmaydi – axir, ularning vazifasi o‘zi tizimning yanada tezroq ishlashiga ko‘maklashish-ku. Ammo ular hamisha joy egallaydi va ba’zida operatsion tizimning hisoblash quvvatini ham talab etadi, shu bois vaqti-vaqti bilan keshni tozalab turish kerak.

Safari keshini tozalash

Tozalashni eng katta kesh saqlovchi dastur – Apple Safari brauzeridan boshlaymiz. Buning hecham qiyin joyi yo‘q – iPhone yoki iPad sozlamalari – «Nastroyki»ni ochib, quyidagilarni bajarsangiz kifoya:

  1. Pastroqqacha – taxminan menyuning o‘rtasigacha «varaqlab» kelib, Safari sozlamalarini tanlaysiz;
  2. Yana oxiriga tushib, saytlar ma’lumotlari va tarixini tozalash uchun «Ochistit istoriyu i dannie saytov»ni bosasiz;

  1. Bu harakatingizni tasdiqlash uchun qizil rangdagi «Ochist. istoriyu i dannie» yozuvini bosasiz.

Shu bilan sizning saytlarni ko‘rishlaringiz tarixi, cookie fayllar va boshqalar yo‘qotiladi. Safari mutlaqo «top-toza» bo‘ladi – uni ochganingizda faqatgina ochiq bo‘sh varaqani ko‘rasiz.

Ilovalar keshini tozalash

iPhone va iPad qurilmalarida bunday funksiya yo‘q. Ikkita variantdan birini tanlashga to‘g‘ri keladi: yo ilovaning o‘zini devaysdan butkul o‘chirib tashlaysiz (shunda kesh ham o‘chib ketadi), yoki dasturning sozlamalarini kavlashtirib ko‘rasiz – balki ishlab chiquvchi uning «chiqindi»larini tozalash uchun maxsus funksiya ham qo‘shgandir.

Umuman olganda, uchinchi variant ham bor – App Store’dan Battery Doctor degan ilovani olib o‘rnatish. Uni ishga tushirgach esa:

  1. Ekranning pastki qismida «Junk» degan yozuvni topib, uni bosing;
  2. «Clean up Cache» bandini tanlang;

  1. Shunda ogohlantiruvchi yozuv chiqadi: Battery Doctor sizga, nafaqat keraksiz «chiqindi»larni, balki o‘yin jarayonidagi qimmatli ma’lumotlarni, brauzerdagi saqlangan sahifalarni va hokazolarni ham yo‘q qilib yuborishi mumkinligini aytadi. Mazkur ilova yaratuvchilari, faqatgina diskda chindan ham joy kam qolganida ushbu funksiyadan foydalanishni tavsiya etishadi. Shuningdek, ma’lumotlarning zaxira nusxasini yaratib saqlab qo‘yish ham zarar qilmaydi. Agar bu aytilganlarga qaramasdan, tozalashni amalga oshirmoqchi bo‘lsangiz – buning uchun «Clean» tugmachasini bosavering.

iPhone yoki iPad tezkor xotirasini tozalash

Battery Doctor ilovasining yana bir juda foydali funksiyasi bor, u «Xotira» – «Memory» deb ataladi. Bu yerda smartfon/planshetning xotirasini ancha vaqtdan buyon umuman ishlatilmay yotgan eski dasturlardan tozalash mumkin. Axir, ularning foydasi yo‘q, faqat tezkor xotiradan joy olib yotibdi.

«Memory»ni bosganingizdan keyin ilovaning o‘zi darrov xotiraning qancha hajmi band ekanini hisoblab chiqadi va, agarda uni tozalash kerak bo‘lsa, maslahat beradi. Agarda unda «Low on memory, boost» yozuvi chiqsa – ikkilanmasdan yashil rangli «Boost» tugmachasini bosing. Natijasidan hayratga tushishingiz aniq!

Xotirani tozalash bo‘yicha maslahatlar

  1. Bu dasturdan tez-tez foydalanmang. Tozalashdan keyin ayrim ilovalar va jarayonlar to‘liq kuch bilan ishlashi uchun boshqatdan yuklanishi talab etiladi, bu esa protsessor kuchini va batareya quvvatini olib qo‘yadi.
  2. Mazkur funksiyadan «mo‘’jiza»lar kutmang. Xotirani tozalash hamisha ham kutilgan natijani beravermaydi. Bunda qurilmangiz o‘ta tez ishlaydigan va batareya quvvati ko‘proq vaqtga yetadigan bo‘lib ketmasligi ham mumkin. Bu ko‘rsatkichlarga ba’zida boshqa omillar, masalan, operatsion tizimning versiyasi ham sabab bo‘ladi.

Xo‘sh, sevimli devaysingizni ortiqcha yukdan xalos etishga qaror qildingizmi?

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!