Kameralar jangi: Huawei P10 Plus devaysi LG G6’ga qarshi

Kameralar jangi:  Huawei P10 Plus devaysi  LG G6’ga qarshi

Yaqindagina taqdim qilingan LG G6 hamda Huawei P10 Plus flagmanlari ayni paytda qo‘sh ob’yektivli bosh kameraga egaligi bilan mobil fotografiya olamida bir-birlariga munosib raqib bo‘la oladilar. Ularning bosh kameralari yorug‘lik darajasi yuqori bo‘lgan sharoitda sifatli suratga olishi bilan hattoki juda injiq fotografni ham ta’sirlantira oladi.

LG G6 flagman smartfonining bosh kamerasi 13 megapikselli 2 ta sensordan iborat. Ulardan birining optik pribor hajmi f/1.8 hamda u optik barqarorlashtirish funksiyasiga ega. Ikkinchi sensor ham 13 MP bo‘lib, u f/2.2 hajmli keng pribor va optik barqarorlashtirish, keng burchak ostida suratga olish hamda fazali avtofokus tizimlari,2 tusli LED fotochaqnoq bilan ta’minlangan.

Huawei P10 Plus esa qadimiy nemis firmasi bo‘lmish Leica’ning 13 megapikselli Summicron kamera moduli bilan maqtana oladi. Uning optik pribor hajmi f/1.8 hamda optik barqarorlashtirish funksiyaga ega. Bosh kameradagi ikkinchi ob’yektiv ham 13 MP, uning aperturasi f/2.2 hamda keng burchak ostida suratga oladi. Bu sensor ham optik barqarorlashtirish hamda fazali avtofokus kabi zamonaviy fotografiya texnologiyalari bilan ta’minlangan. Shuningdek, mazkur sensorlar oq-qora tasvirni 20 MP va 12 MP sig‘imda muhrlash imkoniga ham ega. Bu kamera tasvirni 2 karra yaqinlashtirib suratga olish imkoniga ega.

Ko‘rinib turibdiki, texnik imkoniyatlar har ikki devaysda bir xil. Har ikkala smartfon bosh kameralarida f/1.8 va  f/2.2 hajmli keng yorug‘likni o‘tkazuvchi aperturalardan foydalanilgani ularga yorug‘lik past joyda ham yorqin surat olish imkonini beradi. Quyidagi imtihonda ham biz LG G6 hamda Huawei P10 Plus kameralarini “auto” rejimiga qo‘yib, asosan tungi sharoitda qanday suratga olishlarini sinovdan o‘tkazdik. Boisi, shundan kelib chiqib, ularning kunduzi qanchalik sifatli surat olishi mumkinligiga baho berish mumkin.

Eslatma: chap tomondan LG G6 hamda o‘ng tomondan Huawei P10 smartfoni olgan suratlar o‘rin olgan.

1-sahna: Bino ichkarisidagi yorug‘lik past sharoitda suratga olamiz

Bino ichkarisida, yorug‘lik past sharoitda surattga olishda LG G6 ham, Huawei P10 Plus ham yorug‘lik past holatda ham yaxshi tasvirga olishini isbotlay oldi. LG G6 olgan surat bir oz xira bo‘lsa, Huawei P10 Plus olgan suratning rangi haddan ziyod to‘yinganligini ko‘rish mumkin. Shunday bo‘lsa ham, P10 Plus olgan surat nisbatan muvaffaqiyatli chiqqan. Shuningdek, Huawei’ning smartfoni ijodiga mansub o‘ng tomondagi tasvirning  dinamik diapazoni va aniqlik darajasi yuqori. Shunday qilib, P10 Plus – 1 ball bilan g‘olib.

2-sahna: Tungi tashqari muhitda suratga olamiz

Bu gal ham G6 olgan suratning bir oz xiraligiga guvoh bo‘lish mumkin. Suratda ravshanlik darajasi past. Bir tomondan P10 Plus olgan surat ham biz kutganchalik yuqori sifatli emas. Ammo, solishtirib ko‘rganda, xitoylikning kamerasi koreyalik “raqibi”ning “ko‘z”laridan ko‘ra, yorqin va detallarga boy bo‘lgan surat olgan. U olgan suratda gulning barglari bir oz rangpar chiqqan. Raqibi esa, bu jihatdan ustun. Lekin, fokus gulga qaratilgani bois, bu gal ham P10 Plus’ga 1 ball qo‘yib, g‘olib deb e’lon qilishga majburmiz.

3-sahna: Tashqi muhitda tunda suratga olish

Bu gal LG’ning qobiliyati yuzaga chiqdi. U olgan  surat umumiy jihatdan detallarga boy, shuningdek tasvirdagi dinamik diapazon ham keng va ravshanlik darajasi yuqori. P10 Plus olgan suratda esa rang va detallar o‘rtasidagi qarama-qarshilik past, surat qorong‘u chiqib qolgan. E’tibor bersangiz,  P10 Plus olgan rasmdagi osmon manzarasida ranglar qorishib, qorayib qolgan. G6 bu gal mutloq g‘olib bo‘ldi va 1 ballni qo‘lga kiritdi

 

4-sahna: Tunda tashqi muhitda suratga olish

Bu shartda LG’ning olgan suratida ranglar mutanosibligi bir oz baland va P10 Plus’ning olgan suratida ranglar tabiiylikka moyil.  LG’da qayiqning rangi va o‘rindiqning rangida oq tus balansi ko‘payib ketgan. Huawei smartfoni esa detallardagi qora, qizil va oq ranglarni me’yorida belgilay olgan. G‘olib, shubhasizki — P10 Plus’ga yana bir ball qo‘yamiz.

5-sahna: Tunda tashqi muhitda suratga olish

Ko‘rib turganingizdek, yorug‘lik past sharoitda bu gal ham har ikkala flagman smartfonlarning kameralari yaxshi ishladi. G6 olgan surat, garchi sarg‘ish tusda bo‘lsa ham, P10 Plus bilan solishtirib ko‘rganda nisbatan yaxshi. P10 Plus, garchi umumiy manzara tusini to‘g‘ri muhrlay olgan bo‘lsa-da, undagi rang va detallar bir oz noaniq va rasmda xiralik bor. LG G6 olgan suratning tubiga yoki orqa fonning qa’riga e’tibor berilsa, yorqinlik darajasi yuqori. Avtomobilning old kuzovidagi belgisiga e’tibor qilinsa ham, koreyalik smartfonda bu belgi yorqinroq aks etgan. Natijada, bu gal LG G6 1 ball bilan taqdirlanadi.

6-sahna:  Tunda tashqi muhitda suratga olish

Biz yana bir bor har ikkala smartfonga imkon berish maqsadida, tungi sharoitda quyidagi suratni olishga qaror qildik. Ko‘rib turibsizki, G6 muhrlagan tasvirda dinamik diapazon hamda detalizatsiya ko‘lami yuqori.  Shu bilan birga, P10 tomonidan olingan suratning old qismida rang va aniqlik yaxshi. Ammo, orqa fonga e’tibor qilinsa, G6’da olingan rasmda bino old qismi yorug‘roq. Bu gal G6’ga 2 ball, P10 Plus’ga 1 ball berishni joiz topdik.

Xulosa

Kamerafonlar tayyorlash so‘nggi yillarda smartfon ishlab chiqaruvchi kompaniyalar uchun kuchli raqobat tendensiyasiga aylandi. Jumladan, LG  ham, Huawei ham bu jihatga jiddiy e’tibor qaratishmoqda. Yuqoridagi mobil kameralar imtihonining natijalariga ko‘ra, har ikkala smartfon 4 balldan to‘plashga erishishdi. LG G6 ko‘pincha suratdagi oq tusni oshirib yuborgan bo‘lsa ham, tungi sharoitda detallarga boy surat olishda tengsizligini ham isbotladi.

Huawei P10 esa yorug‘lik past sharoitda yorqin surat muhrlashga qiynalsa ham, yorug‘lik o‘rtacha muhitda ranglarga to‘q va tabiiylikka moyil bo‘lgan tasvirlar olishi bilan o‘zidagi Leica — “nemis sifati” deyilgan kamera texnologiyasini oqladi.

Xulosa shuki, 2017 yilning smartfonlari bo‘lmish LG G6 va Huawei P10’ning kameralari misolida ko‘rib turibmizki, joriy yilda mobil fotografiya sifati yana bir pog‘ona ilgarilashga muvaffaq bo‘libdi. Siz o‘z fikr-mulohazalaringizni bildirish va ma’qul kamerafonga ovoz berish huquqiga egasiz.