«Kaspersky Lab» mutaxassisi: xakerlikning nega foydasi yo‘q?

  •   DiMaX
  •  1141
  •  28.09.2017 13:31

«Kaspersky Lab» mutaxassisi: xakerlikning nega foydasi yo‘q?

«Kaspersky Lab» Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston bo‘yicha mintaqaviy ofisining tijorat direktori Valeriy Zubanov Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) talabalari uchun nima sababdan xaker bo‘lishning foydasizligi to‘g‘risida ma’ruza o‘qidi. Bu haqda universitet sayti xabar bergan.

Ma’ruza davomida Valeriy Zubanov talabalarga kiber jinoyatchilar hujumining usullari va strategiyalari hamda xakerlarning oddiy Internet foydalanuvchilardan olgan ma’lumotlardan pul topish usullari haqida ma’lumot berdi. «Kaspersky Lab» vakili yirik tashkilotlarga qarshi kiberhujumlarning eng ko‘p uchraydigan ssenariylari haqida so‘z yuritdi.

Ishtirokchilar xakerlar tarmoqda qanday iz qoldirganlarini hamda bu izlar va boshqa bilvosita belgilar orqali ularga qanday chiqish mumkinligini muhokama qilishdi. Talabalarga huquqni muhofaza qiluvchi idoralar qanday tekshiruv olib borishlari, bezorilarning shaxsini aniqlash va qo‘lga olishlari bo‘yicha misollar keltirildi.

Ma’ruza yakunida Valeriy Zubanov Markaziy Osiyodagi IT-mutaxassislarining halol yo‘l bilan muvaffaqiyatga erishganliklari to‘g‘risida so‘zlab berdi.

«Kaspersky Lab» mutaxassisi ma’ruzadan so‘ng mazkur universitetda ishga professional yondashilganligini qayd etdi: «Toshkent shahridagi Inha universiteti ma’muriyatiga yana bir bor ma’ruzaga joy va vaqt ajratganligi uchun minnatdorlik bildirmoqchiman. Talabalar bahs-munozaralarda faol ishtirok etib, ko‘plab qiziqarli savollarga javoblar oldilar. Auditoriya yetuk va tayyor bo‘lsa, ma’ruza ham ishtiyoq bilan o‘qiladi».

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!