Kompyuterlar uchun beshta bepul «shohona jang» o‘yini

  •   DiMaX
  •  2243
  •  04.03.2019 14:26

Kompyuterlar uchun beshta bepul «shohona jang» o‘yini

«Shohona jang» yoki «Battle Royale» («Korolevskaya bitva») – shunday o‘yin janriki, unda oxirida bitta jangchi qolgunicha hamma geymerlar o‘zaro olishadi. O‘tgan yili PlayerUnknown’s Battlegrounds va Fortnite Battle Royale chiqqach, ushbu janr juda ommalashib ketdi va ko‘plab ishlab chiquvchilar shunday o‘yinlar yarata boshlashdi.

O‘QING: Survival Game’ni qarshi oling: Xiaomi ham PUBG va Fortnite kabi o‘yin taqdim etdi!

Bugun biz kompyuterda bepul o‘ynaladigan eng yaxshi beshta «shohona jang» o‘yinini tavsiya etmoqchimiz.

1. Ring of Elysium

Bu o‘yin ko‘p jihatdan PUBGga o‘xshab ketadi: (qurollarning takomillashtirilgan kastomizatsiyasi, kempinglarni doimiy izlash kabi mexanikalar mavjud va sahnalarning jonli chiqishiga harakat qilingan. Asosiy farqi esa setting, ya’ni jang boradigan muhitda: Ring of Elysium olishuvlari qorli tog‘lar orasida bo‘lib o‘tadi, u yerlarda esa snoubord, glayder yoki dor yo‘li orqali harakatlanish mumkin.

Noodatiy lokatsiyasi evaziga Ring of Elysium boshqalaridan ajralib turadi: unda tikkasiga harakatlanadigan joylar ko‘p. Shu bois ham geymer o‘z harakatlarini birdaniga uch o‘lchamda o‘ylab borishi kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, mazkur kurashlarda dushman o‘qlariga chap berish uchun snoubordda tryuklar bajarish mumkin – bunaqasini boshqa o‘yinlarda uchratmaysiz!

Ring of Elysium o‘yinini sinab ko‘rish uchun kompyuter (yoki noutbuk) orqali mana bu havolani oching.

2. Cuisine Royale

Bunisi ham bevosita PUBG bilan bog‘liq: undagi o‘qlardan himoyalovchi tova haqidagi memlardan ilhomlangan dasturchilar kulgili o‘yin yaratishga kirishganlar. Natijada, jangchilarning barcha aslahalari oshxona anjomlaridan iborat bo‘lgan zo‘r «shohona jang» yaratilgan.

Cuisine Royale’ni boshida jiddiy qabul qilish qiyinroq – unda geymerlar tog‘ora va kastryullar kiyib olishadi, salomatlikni esa pitssa va boshqa yemishlar orqali to‘ldirishadi. Shunga qaramasdan, unda ham janglar qizg‘in bo‘lib, bu o‘yinga kirishib ketasiz.

Oshxona buyumlari bilan qurollanib, jangga kirishish uchun mana bu havola orqali Cuisine Royale o‘yiniga o‘tasiz.

3. Zeus’ Battlegrounds

Nomidan ham payqagan bo‘lsangiz kerak – unda Zevs tomonidan ulkan orolga yuborilgan yarimxudolar o‘zaro jang qiladi, siz shulardan biri rolida maydonga tushasiz. Qurol-yarog‘lar ham shu muhitdan kelib chiqqan: hech qanqa avtomat, granata degan narsa yo‘q, qo‘l ostingizda faqat qilich, oybolta, xanjar kabilar bo‘ladi.

Zeus’ Battlegrounds o‘yinida salomatlikni mustahkamlash uchun giyohlar qo‘llanadi, unda yana ayrim buyumlar jodulangan – ichiga bonuslar yashirilgan. Ushbu o‘yin nisbatan yangi bo‘lgani uchun, hali kontenti u qadar boy emas, lekin baribir o‘ynab ko‘rishga arziydi.

Agar antik davr yarimxudolari orasida jangga tayyor bo‘lsangiz, mana bu havola yordamida asotirlar olamiga sho‘ng‘ishingiz mumkin.

4. Unturned

Unturned ham xuddi Minecraft yoki Rust kabi bir o‘yin: asosiy rejimda resurslar yig‘ish, buyumlar yaratish va jon saqlab qolish kerak bo‘ladi. Lekin 2016 yili – hali PUBG hamda Fortnite Battle Royale kabilar chiqmasidan avvaloq Unturned o‘yinida Arena rejimi paydo bo‘lgan – bu esa haqiqiy «shohona jang»dir.

Garchi grafikasi birmuncha reallikdan yiroq bo‘lsa-da, Unturned mazmunan yaxshi o‘yin. Unda ko‘p narsalar fizika qonuniyatlariga bo‘ysunadi, hatto balandlikdan sakraganda oyoq shikastlanishi mumkin.

Unturned o‘yinini o‘ynash uchun mana bu havola yordamida o‘tasiz.

5. Zombs Royale

Bevosita brauzerdanoq o‘ynash mumkin bo‘lagn barcha «shohona jang»lar orasida Zombs Royale eng sifatlisi bo‘lsa kerak. Qizig‘i – nomiga qaramasdan, unda zombilar yo‘q. Ammo «battle royale» janrining klassik mexanikasi bor – turli predmetlarni izlash, torayib boruvchi hudud va qizg‘in otishmalar.

Zombs Royale ushbu janrdagi boshqa o‘yinlardan ancha sodda: yuqoridan ko‘rinish, ikki o‘lchamli grafika, qurol turlari ham kam. Kurash xaritasi ham uncha katta emas, matchlar juda tez kechadi – atigi besh daqiqa. Ya’ni, ish orasida sal hordiq chiqarib olish uchun eng maqbul o‘yin.

Agarda soddagina «shohona jang»ga kirishmoqchi bo‘lsangiz, Zombs Royale’ga mana bu havola orqali o‘ting.

O‘QING: «Momo» yana kuchaya boshladi, lekin YouTube unga qarshi kurashning zo‘r yo‘lini topdi!