Kuchli protsessor va kamerali Xiaomi Mi 6 taqdim qilindi!

Kuchli protsessor va kamerali Xiaomi Mi 6 taqdim qilindi!

Xiaomi kompaniyasi hozirgina Pekinda o‘zining eng so‘nggi Xiaomi Mi 6 “bayroqdor” smartfonini muxlislari e’tiboriga rasman taqdim qildi. Xiaomi Mi 6 o‘z korpusida hozircha jahonning eng ilg‘or protsessoriga, shuningdek qo‘sh ob’yektivli bosh kameraga egaligi bilan maqtana oladi.

Mi Mix’dan farqli ravishda Xiaomi Mi 6 dizayniga alohida urg‘u qaratilgan va Galaxy S7 kabi uning korpus hoshiyalarini o‘rab olgan po‘lat metalli hamda qayrilma shakldagi displey shishasi mos tarzda uyg‘unlashib ketgan.

Xiaomi Mi 6 zanglamaydigan po‘lat korpusga ega. Korpusning old va orqa panellari qayrilma himoya shishasi bilan qoplangan. Ma’lum qilinishicha, har bir korpusning sayqallanish ishlari 12 kun davomida amalga oshirilgan va bunda korpus 40 ta texnologik jarayondan o‘tkazilgan.

Korpusda yoqish va ovozni boshqarish tugmalari o‘z o‘rnida qolgan. Xiaomi bu galgi apparatini chang va suv ta’siridan himoyalangan korpusda ishlab chiqargan. Bu — uni suvga tiqsa bo‘ladi degani emas. Misol uchun, yomg‘irda ham unda bemalol suhbat qurish mumkin.

Ishlab chiqaruvchining yana bir muhim yangiligi — korpusda an’anaviy 3,5 millimetrli audio quloqchinning konnektoridan voz kechgani bo‘lgan. Aftidan, kompaniya simsiz audio-quloqchinlarni ham sotuvga chiqaradi.

Xiaomi Mi 6 devaysi 5.15 dyuymli ekranga ega. Samsung Galaxy S8 hamda Sony XZ Xperia Premium’dan so‘ng Mi 6 ham 2.45 gigagers chastotata tezligida ishlaydigan Snapdragon 835 protsessori, Adreno 540 grafik-tasvirni qayta ishlashga mas’ul video-karta bilan ta’minlandi.

Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, Xiaomi Mi 6 ma’lumotlarni 10 nanometrli texnologiya asosida qayta ishlashga mo‘ljallangan jahondagi ilk tijorat mobil protsessoriga ega. Natijada, smartfon o‘zining shu chipga ega boshqa raqibalirga qaraganda 35% kamroq yeydi va quvvat tejash samaradorligi 25% yuqori.

Qolaversa, yana bir o‘ziga xos jihat — flagmanda X16 LTE mobil aloqa modemi o‘rnatilgan bo‘lib, uning yordamida sekundiga 1 Gbit.gacha ma’lumotni yuklash mumkin.

Xiaomi Mi 6 gadjetidagi Adreno 540 yordamchi grafik-tasvir protsessorining ishlash samaradorligi 25% yuqori va quvvatni 45% kamroq iste’mol qiladi.

Xiaomi Mi6 flagmani Samsung Galaxy S8’dan so‘ng Bluetooth 5.0 moduliga ega jahondagi 2-smartfon.

3350 mA soatli akkumulyator smartfondan bir ish kuni mobaynida tinimsiz foydalanish imkonini beradi. Boisi, nafaqat apparat ta’minot platformasi, shuningdek MIUI operatsion tizimidagi dasturiy ta’minot tizimi ham smartfonning quvvatini tejashiga yordam beradi. Yuqoridagi jadvalga asosan, Xiaomi Mi 6’ni yirik quvvat toshiga ega flagman deyish mumkin.

Xiaomi Mi 6 smartfoni 5,15 dyuymli Full HD sig‘imli displey bilan ta’minlangan. Uni ishlab chiqarishda jiddiy yondashilgani sezilib turibdi. Ekranning NTSC rang makonidagi ranglar qamrovi 94,4 foizni tashkil qiladi.

Ekranning 600 nit yorug‘lik ishlab chiqarishi undan ochiq kund faol foydalanish, tunda esa yorug‘lik miqdorini kamaytirish rejimidan foydalanish, ekrandagi ko‘k nur miqdorini kamaytirish imkonini beradi.

Yangi smartfon qo‘sh modulli bosh kameraga ega — 12 Mp keng burchakli hamda 12 Mp «telefoto» linzali modullar. Bosh kamera iPhone 7 Plus’ning jihatlariga ega. Bu modullar manzarani professional effektlar bilan muhrlash imkonini beradi.

Kamera 2 karralik optik hamda 10 marotabalik raqamli yaqinlashtirish funksiyalariga ega. Kamerada suratni to‘rt o‘qli tizim asosida barqarorlashtiruvchi maxsus ilg‘or texnologiya ham tatbiq qilingan. Flagmanda 8 megapikselli old kamera mavjud.

Quyida flagman kamerasida olingan quratlarga baho bering.

12 megapikselli telefoto-ob’yektiv sifatni yo‘qotmasdan turib manzarani 2 karra yaqinlashtirib suratga olish va yon tomon effektlariga ega portret rejimida suratga olish imkonini beradi.

Bosh kamera tasvirni o‘ta yuqori bo‘lgan 4K formatda yozib oladi. Xiaomi Mi 6 korpusning quyi va tom qismida qo‘sh, ya’ni stereo dinamiklarga ega.

Smartfon ko‘m-ko‘k, kumush hamda qora korpusli talqinlarda ishlab chiqariladi. Xiaomi Mi 6’ning o‘ziga xos uslubdagi qora talqinining kamera moduli hoshiyasi 18 karatli oltin bilan zarhallangan keramik korpusda ishlab chiqariladi.

Xiaomi Mi 6’ning boshqa o‘ziga xos jihatlari qatoriga 64 / 128 GB doimiy xotirasini, korpus old panelidagi barmoq izlari skaneri, yaqin masofada elektron to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beruvchi NFC texnologiyasini kiritish mumkin.

Narx-navo
Smartfonning 6 GB tezkor hamda 64 GB doimiy xotira talqini $363 (2499 Yuan), 6 GB tezkor va 128 GBdoimiy talqini — $421 (2899 Yuan), hamda 6 GB / 128 GB xotirali maxsus «keramika» talqini $435 (2999 Yuan) AQSh dollaridan sotuvga chiqariladi.

Xiaomi Mi 6 smartfonlari 10 kundan so‘ng — 28 apreldan sotuvga chiqariladi.

Xiaomi Mi6 qisqa tavsifda:
Displey: 5.15 dyuymli FHD (1920 x 1080), 2.5D effektidagi qayrilma shishali;
Protsessor: 2.45 Gggs, 64 bitda ishlaydigan 8 yadroli Snapdragon 835;
Video-karta: Adreno 540
Tezkor xotira: 6 GB
Doimiy xotira: 64 GB / 128 GB
Bosh kamera: qo‘sh modulli 12 MP keng burchak ostida suratga oluvchi modul + 12 MP telefoto linzasiga, 2 karralik optik yaqinlashtirish, suratni optik barqarorlashtirish funksiyalariga, portret rejimi ega modul. Bosh kamera qo‘sh tusli LED fotochaqnog‘iga ega;
Selfi kamera: 8 MP.
Batareya: 3,350 mA soat, Quick charge 3.0 tezkor quvvatlash texnologiyasi;
Operatsion tizim: Android 7.1 Nougat;
Aloqa tarmoqlari: 2 ta SIM-kartali, WiFi, 3G, HSPA+, LTE w/ VoLTE, NFC, GPS, A GPS, GLONASS
Boshqa jihatlar: barmoq izlari skaneri, USB Type C porti, qo‘sh dinamiklar; Korpus ranglari: kumush, qora, ko‘k;

O‘lchamlari: 145,17 x 70,49 x 7,45 mm;
Vazni: 168 gramm (keramika talqini 182 gramm).

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!