Lenovo «haqiqiy romsiz» smartfonni ko‘rsatdi (+video)

  •   DiMaX
  •  2182
  •  09.05.2018 11:08

Lenovo «haqiqiy romsiz» smartfonni ko‘rsatdi (+video)

Xitoyning turli elektron qurilmalar ishlab chiqaruvchi Lenovo kompaniyasi o‘zining navbatdagi flagman smartfonini tayyorlamoqda. Bu qurilma korpus old panelining eng ko‘p qismini displey egallashi aytilayotir. Biroq bu borada turli smartfonsozlar tomonidan avval ham urinishlar bo‘lgan va ayrim natijalarga erishilgan ham.

O‘QING: Mutlaqo romsiz smartfonni umuman tanilmagan bir kompaniya yaratdi (+video)

Lenovo vitse-prezidenti Chan Chen (Chang Cheng) kuni kecha Weibo ijtimoiy tarmog‘idagi o‘zining rasmiy akkauntida «haqiqiy romsiz» smartfon suratini e’lon qildi. Aniqrog‘i, smartfon old yuzasining bir qismini. Unga qaraganda, hozir ko‘pchilik ergashayotgan trend – «kemtik»li ekran dizayni yangi Lenovo flagmanida tatbiq etilmagan.

Chan Chen ushbu fotosurat bilan birga so‘rovnoma ham joylagan. Unda foydalanuvchilardan, «haqiqiy romsiz» smartfon ekrani korpus old panelining necha foizini egallashini taxmin qilib ko‘rish so‘ralgan:

  1. 80-84%
  2. 85-89%
  3. 90-94%

Keyin esa Lenovo vitse-prezidenti aniqlik kiritgan: kompaniya tayyorlayotgan flagmanda ushbu ko‘rsatkich hatto 95 foizdan ham oshib ketadi. Bu – displeyi hoshiyalardan xoli, chinakamiga to‘liq ekranli smartfon bo‘ladi.

O‘QING: Sharp eng romsiz smartfon bilan Yevropaga yurish qilmoqchi

Quyida mazkur smartfonga bag‘ishlab tayyorlangan videolavhani ko‘rishingiz mumkin:

Chan Chen mazkur flagmanning taqdimot sanasini aytmagan, ammo turli manbalardan tarqalgan xabarlarga ko‘ra, uni 14 iyunda namoyish etishadi. Afsuski, mazkur modelning nomi ham, texnik xususiyatlari va funksiyalari ham oshkor etilmayapti. Bu boradagi yangiliklarni biz bilan birga kuzating.

O‘QING: MWC 2018’da rekord: eng romsiz smartfonni kim yasagan? (+video)