LG V30 smartfoni tig‘ va olov sinovida! (video)

  •   DiMaX
  •  1544
  •  19.10.2017 12:33

LG V30 smartfoni tig‘ va olov sinovida! (video)

Telefonlar ustida turli tajribalar o‘tkazishi bilan tanilgan JerryRigEverything nikli videobloger LG V30 flagmanining korpusi mustahkamligini tekshirib ko‘rdi. Bu sinovni videotasvirga olib, rolikni o‘zining YouTube-kanaliga joyladi.

Shu yilning avgust oyi oxirida LG V30 smartfoni taqdim etilgan edi. Kuni kecha, turli smartfonsozlarning so‘nggi flagmanlari bitta to‘la quvvat bilan qanchalik uzoq vaqt ishlashi bo‘yicha PhoneArena sayti tomonidan o‘tkazilgan testda ayni shu model Android-smartfonlar orasida birinchilikni oldi.

JerryRigEverything esa bu smartfonni o‘zgacha usullarda – sirtini chizib, bukishga urinib va olovga tutib sinab ko‘rdi. Mana, o‘zingiz bir tomosha qiling-da:

 

Umuman olganda, LG V30 mustahkamligi chakkimas ekan. Uning shishasi tirnalishlarga chidamliligi bozordagi ko‘pchilik smartfonlardan qolishmaydi. Uni qo‘l bilan qiyshaytirish ham qiyin – korpusi ancha baquvvat chiqdi.

Ammo, videoda ko‘rganingizdek, olov sinoviga bu model yaxshi dosh bera olmadi. Yondirgich bilan 10 soniyalik qizdirishdan so‘ng V30 ekranida o‘chmas bo‘lib dog‘ qoldi. Nima ham derdik, OLED-paneldan shundan ortig‘ini kutib ham bo‘lmaydi-da.

Biroq shuni ham ta’kidlash kerakki, ushbu testdagi singari sinovlarga smartfonlar kundalik hayotda duch kelishi ehtimoli kam. Shu sababli, deylik, AliExpress orqali LG V30 modelini xarid qilishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, ushbu videodan keyin bu fikringizdan qaytmasangiz ham bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, ayni shu videobloger Nokia 8, Galaxy Note 8, Nokia 3310 (2017), HTC U Ultra Sapphire Edition va iPhone 7 singari telefonlar ustida o‘tkazgan shunga o‘xshash sinovlar haqida ham yozganmiz.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.