MacBook Pro (2017) modellarining samaradorligi qanchaga oshgan?

  •   DiMaX
  •  1180
  •  09.06.2017 16:13

MacBook Pro (2017) modellarining samaradorligi qanchaga oshgan?

Joriy haftaning boshida bo‘lib o‘tgan WWDC 2017 ko‘rgazmasida Apple ko‘plab yangi mahsulotlarini namoyish etdi. Taqdimot davomida yangilangan iMac hamda yangi chiqarilgan iMac Pro bilan birga MacBook noutbuklari ham tilga olib o‘tildi. Ularning yangilanishlarini aytarli katta yangilik bo‘lmagani uchunmi, ko‘rgazmada kompaniya mazkur modellarga juda katta ahamiyat qaratib o‘tirmagan.

Qisqacha aytganda, MacBook tizimidagi barcha qurilmalar yettinchi avlod Intel Core Kaby Lake protsessoriga ega bo‘lgan. Jumladan, 12 dyuym ekranli MacBook, ekrani 13 dyuym diagonalga ega, ammo Touch Bar bo‘lmagan MacBook Pro, shuningdek, Touch Bar bilan jihozlangan 13/15 dyuym ekranli MacBook Pro noutbuklari ham.

MacRumors resursi mazkur yangi noutbuklarning ishlash samaradorligi qanchaga oshganini tekshirib ko‘rdi.

Taqqoslash uchun MacRumors xodimlari Touch Bar’ga ega 15 dyuymlik MacBook Pro versiyalarining 2016 va 2017 yilgi modellarini olishdi. Ta’kidlash kerakki, 2016 yilgi modelga 2,7 GGs chastotada ishlovchi oltinchi avlod Intel Core i7 protsessori o‘rnatilgan. Uning mazkur sinovdagi raqibi – bu yilgi avlodi esa 2,9 GGs chastotali yettinchi avlod  Intel Core i7 protsessorida ishlaydi.

Sinov ommabop Geekbench 4 benchmarkida o‘tkazildi va unda quyidagi natijalar qayd etildi:

Yangilangan MacBook Pro samaradorlikning bir yadroli testda 13%, ikki yadroli testda bo‘lsa 19,7% o‘sganini namoyish etdi. 2,8 GGs chastotada ishlovchi Core i7 protsessori o‘rnatilgan, bazaviy konfiguratsiyadagi 15 dyuymlik MacBook Pro modelida esa, samaradorlik o‘tgan yilgi – oltinchi avlod Core i7 protsessorli avlodiga nisbatan atigi 9,5 foizga o‘sgan.

3,1 GGs chastotali yettinchi avlod Core i7 o‘rnatilgan – eng ilg‘or MacBook Pro masalasida bo‘lsa test natijalari hozircha yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, Apple yangi noutbuklarining nisbatan batafsil xususiyatlarini mana bu, Microsoft Surface Laptop’ning MacBook Pro’dan ustunliklarini esa mana bu maqolamizda ko‘rib chiqishingiz mumkin.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.