MacBook shaklida qurilayotgan Apple Store binosining video va fotolari

  •   DiMaX
  •  1259
  •  24.06.2017 11:09

MacBook shaklida qurilayotgan Apple Store binosining video va fotolari

Apple o‘z do‘konining yangi binosini alohida o‘ziga xoslik bilan ommalashtirishga qaror qilgan ko‘rinadi. Uning noan’anaviy me’moriy yechimi nafaqat sayyohlarni, balki mahalliy aholini ham hayratga soladigan darajada, deb yozadi Rappler.com.

Ayniqsa, kompaniya o‘zining asosiy mahsulotlaridan biri – MacBook shaklini tomida aks ettira olgani, yangi qurilayotgan binoning ochilish marosimidan burunoq shov-shuvlarga sabab bo‘layotir.

AQShning Chikago shahrida barpo etilayotgan Apple Store do‘koni binosi hozirdanoq ommaviy axborot vositalarining diqqat markazida. Uni Apple buyurtmasiga ko‘ra Foster + Partners dizaynerlik guruhi loyihalashtirgan. Inshoot tashqi ko‘rinishi nomdor ishlab chiqaruvchining mashhur mahsulotlaridan birini eslatadi. Ayni kunlarda quruvchilar jamoasi bo‘lajak do‘kon tomiga Apple’ning logotipini o‘rnatishdi, bu jarayonni ko‘pchilik qiziquvchilar foto va video tasvirlarga olib, internetda tarqatishmoqda. Naq tekingina reklama, nima dedingiz?

Ko‘rib turganingizdek, bino tomi MacBook shaklida va rangida ekanligi barchaning e’tiborini jalb etayotir. 401 N. Michigan Ave manzilida qurilayotgan ushbu bino kompaniyaning Chikagodagi markaziy do‘koni bo‘lishi rejalashtirilgan.

Aytish kerakki, 2009 yili ayni shu shaharda ochilgan, bundan oldingi Apple Store do‘koniga shu paytgacha 23 milliondan oshiq mijoz tashrif buyurgan.

MacBook tomli va oynavand devorli Apple Store 1850 kvadrat metr maydonni egallaydi. Aytish kerakki, Foster + Partners tomonidan 2015 yilda e’lon qilingan dastlabki eskizida MacBook shaklidagi tom yo‘q edi.

Chikago uchun markaziy bo‘ladigan yangi Apple Store do‘konining ochilishi joriy yilning oktyabr oyiga mo‘ljallangan.