Meizu yoki Xiaomi: kimning smartfoni yaxshiroq?

Meizu yoki Xiaomi: kimning smartfoni yaxshiroq?

«Meizu yoki Xiaomi» — smartfon bozoridagi eng qizg‘in bahslardan biri. Bu go‘yoki «Mercedes-Benz yoki BMW», «Apple yoki Google», «Pepsi yoki Coca-Cola» deganday gap, ya’ni oxiri yo‘q munozara.
Smartfonlarning tashqi ko‘rinishi va ekran sifati va kamerasini, akkumulyator jihatlarini solishtirishdan ma’ni yo‘q. Boisi, narxi deyarli bir xil gadjetlarning bu xususiyatlari ham o‘xshash.
Shunday jihatlar borki, Meizu brendi Xiaomi'dan yoki Xiaomi smartfonlari Meizu'nikidan yaxshiroq.

Meizu'dagi afzalliklar

mBack tugmasi. Sensor-mexanik tugmaga qo‘l sal tegishi bilan tizim "orqaga" degan buyruqni bajarsa, uni bosish orqali "bosh ekran"ga qaytish mumkin. Ekran bo‘ylab barmoqni yuqoriga yoki o‘ngdan chapga siypalasangiz, o‘tkazib yuborilgan dasturlar yoki hodisalar ro‘yxati chiqib keladi.

mBack tugmasining bosh o‘ziga xosligi sifatida unda virtual hamda mexanik tugmalarning joriy qilinganini aytish mumkin. Xiaomi'da esa bu tugmalar uchun displeyda alohida joy ajratilgan. Misol uchun, smartfonni ko‘ndalang tutib video ko‘rganda yoki o‘yin o‘ynaganda "orqaga" tugmasini to‘satdan bosib yuborishdan cho‘chimasa ham bo‘ladi.

Ovoz. 2007 yilgacha Meizu kompaniyasi audiopleyer ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan. Boy tajriba keyinchalik smartfonlarda ham ish bergan. "Pro" turkumidagi gadjetlardagi o‘ziga xoslik ham shubhasizki, «audiofil»ligidir. Alohida audio chipning smartfonda tatbiq qilinishi uning muvaffaqiyatiga xizmat qildi.

Misol uchun, Xiaomi Mi4i va Meizu Pro 5 devayslari taqqoslab ko‘rilsa, ularning har ikkalasi bir xil "ES9018K2M" audio chipiga ega bo‘lgan bo‘lsa ham, "Pro 5"ning "AD45275" brendiga mansub ovoz kuchaytirgich va Solo tizimiga ega bo‘lgani uning ovoz sifati borasidagi mutloq g‘olibligini ta’minlab bergan. Ya’ni, kompaniyaning yondashuvi bu yerda ish bergan.

Yangilik yaratishga bo‘lgan qiziqish. Meizu 2008–2012 yillarda Xitoyning havaskor, boshqa ishlab chiqaruvchilar qatori Apple'ga ergashgan kompaniyasi edi. Vaqt o‘tishi bilan Meizu mustaqil bo‘ldi.

Orqa panelida qo‘shimcha AMOLED-ekranga bo‘lgan "Pro 7" modeli bilan u dizayn va texnik yechim borasida smartfon sanoatida o‘z imzosini qo‘ydi.

Xiaomi modellaridagi afzalliklar

Adreno video kartasi. Hamyonbop bo‘lgan MediaTek va Qualcomm protsessorlari samaradorligi o‘rtasidagi kuchli farqning yo‘qolganiga ancha bo‘lgan. Hatto flagman chip yaratish masalasida ham har ikkala brend 10 nanometrli chiplar ishlab chiqarmoqda. Biroq, video karta masalasida hali bor. Xiaomi platforma samaradorligiga e’tibor qaratadi.

Xiaomi Mi 6'dagi Snapdragon 835 chipi va Adreno 540 grafikasi juftligining ishlash sifati Meizu Pro 7 Plus'dagi platformaning ishlashidan deyarli 2 barobar yuqori. Bu ayniqsa "og‘ir" o‘yinlar o‘ynaganda bilinadi.

Meizu hozircha "Qualcomm" chipiga ega birgina — M6 Note'ni ishlab chiqarmoqda. Yaqindagina taqdim qilingan bu smartfon 8 yadroli Snapdragon 625 chipi va Adreno 506 video kartasida ishlaydi.

Proshivka. Android ishqibozlarining fikricha, ularning sevimli tizimlarining iOS'dan ustun bir jihati bor — operatsion tizimni o‘zlari xohlaganchalik sozlash. Xiaomi fanatlari ham ayni mana shu afzallik bois sevimli brendlarining smartfonlarini Meizu'dan ustun qo‘yishadi.

Misol uchun, Meizu smartfonlarida dastur yuklab olish qiyin va o‘rnatish ham oson emas. Xiaomi esa hattoki boshqa tizimning dasturlarini ham qabul qilaveradi.

Istiqbolli loyihalar bo‘yicha yetakchilik. Xiaomi kompaniyasining subbrendi bo‘lgan MiJia bugungi kunda 100 ga yaqin startap ustida izlanish olib bormoqda. Ayniqsa, "internet buyumlari" sifatida uy-ro‘zg‘or, kundalik hayot uchun zarur har narsani elektronlashtirish bu brendning bosh maqsadiga aylangan.

Shu bilan birga, Xiaomi maxsus audioprofilga ega ilg‘or audio-quloqchinlarni ham ishlab chiqarmoqda. Ya’ni, istiqbol hamda izlanishlarga pul tikish borasida hozircha Xiaomi yetakchi.