Metall korpusli, lekin arzon Xiaomi Redmi S2: texnik xususiyatlari, rasmiy suratlari va narxi

  •   DiMaX
  •  9835
  •  07.05.2018 14:41

Metall korpusli, lekin arzon Xiaomi Redmi S2: texnik xususiyatlari, rasmiy suratlari va narxi

Xitoylik yosh IT-korporatsiya o‘zining yangi – Redmi S2 hamyonbop smartfonini 10 may kuni taqdim etishidan xabaringiz bor. Uning bir qator «jonli» suratlari va hatto videosini ham e’lon qilganmiz.

O‘QING: iPhone X dizaynidagi hamyonbop Redmi S2: «jonli» video va suratlari, narxi va xususiyatlari, taqdimot sanasi...

Taqdimot sanasidan ilgariroq internetga ushbu qurilmaning rasmiy tasvirlarini ham chiqarishdi. Bundan tashqari, insayderlar uning barcha texnik xususiyatlarini, hatto narxini ham oshkor etishdi.

Ushbu ma’lumotlarga qaraganda, Redmi S2 smartfoni 5,99 dyuymlik IPS-ekran bilan ta’minlangan. HD+ formatli, ya’ni 1440x720 pikselli bu displey tomonlari o‘zaro 18:9 nisbatda.

Xiaomi mazkur qurilmasini 1,8 GGs takt chastotasida ishlovchi sakkiz yadroli Qualcomm Snapdragon 625 protsessori bilan jihozlagan. Uning tezkor va doimiy xotirasi tegishlicha 3 va 32 gigabaytlik bo‘ladi (boshqa modifikatsiyalarda ham chiqariladi). Uning qo‘shaloq asosiy kamerasi 12 + 5, old kamerasi esa 16 MPlik sensorlarga ega.

Ushbu smartfonda ko‘pchilikka ma’qul keladigan bitta jihat – birato‘la ikkita SIM-kartadan tashqari yana microSD formatli xotira kartasini ham o‘rnatish mumkin bo‘lgan to‘laqonli slot mavjudligidir. Uning yordamida telefon xotirasini yana 256 gigabaytgacha kengaytirish imkoni mavjud.

O‘QING: Xiaomi Redmi S2: yanada ko‘prog‘ini kuting

Shuningdek, bu gadjet foydalanuvchining yuzini tanish orqali qulfdan chiqaruvchi yuz skaneri texnologiyasi – Face Unlock bilan ham ta’minlangan.

Arzon model bo‘lishiga qaramasdan, Redmi S2 metall korpus hamda 3080 mA/soat tok sig‘imiga ega batareya bilan jihozlangan. Korpus o‘lchamlari 160.73x77.26x8.1 millimetrga teng. Uning orqa panelida doirasimon shakldagi daktiloskopik datchik hamda qo‘shaloq fotokameraga ko‘zimiz tushadi.

Xiaomi o‘zining Redmi S2 devaysini pushti, kul rang va tillarang tusli korpuslarda ishlab chiqaradi. Unga boshidanoq Android 8.1 Oreo operatsion tizim talqini o‘rnatilgan bo‘ladi. Mazkur smartfon bir nechta xil xotira hajmiga ega modifikatsiyalarda taqdim etiladi va 159 dan 187 AQSh dollarigacha miqdorida narx belgilanadi.

Ushbu modelning savdoga qachon chiqarilishi hozircha noma’lum, ammo «xitoylik Apple»ning boshqa ko‘plab smartfonlari O‘zbekistonda ham rasman sotilmoqda.

O‘QING: O‘zbekiston bo‘ylab BEPUL yetkazib beriluvchi Xiaomi smartfonlari va boshqa gadjetlari narxlari (2018 yil 28 aprel)

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!