Microsoft Surface Pro’ning LTE tarmog‘ida ishlovchi talqini chiqdi (+video)

  •   DiMaX
  •  1006
  •  01.11.2017 12:31

Microsoft Surface Pro’ning LTE tarmog‘ida ishlovchi talqini chiqdi (+video)

Microsoft korporatsiyasi Future Decoded anjumanida Surface Pro gibrid planshetining yana bir variantini taqdim etdi. Yangi qurilma LTE Advanced standartidagi uyali aloqa tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda Microsoft saytida ma’lumot berilgan.

Ko‘rsatkichlari yuqori darajada

Ekranining diagonali 12.3 dyuymga teng, LTE tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlovchi yangicha Microsoft Surface Pro qurilmasiga yettinchi avlod Intel Core i5 protsessori o‘rnatilgan. U tezkor va doimiy xotirasining hajmiga ko‘ra ikki xil: tegishlicha 4/128 GB va 8/256 GB hajmli talqinlarda ishlab chiqariladi.

Planshet 450 Mbit/s.gacha tezlikda ishlovchi «gigabitli» Qualcomm Snapdragon X16 chipi bazasida ishlaydi. Portativ kompyuterlar segmentida hatto shu ko‘rsatkichning o‘zi ham rekord daraja hisoblanadi.

O‘QING: HP Elite x2 1012 G2 – hali taqdim etilmagan Surface Pro 5 raqibi

Hamisha aloqada

Agarda kompaniyaning so‘zlariga ishonadigan bo‘lsak, uyali aloqa tarmog‘ida ishlashda ushbu planshet-transformer akkumulyatorining quvvati Wi-Fi’dan foydalanib ishlashdan ko‘ra atigi 10 foizga kam vaqtga yetadi.

Signal sifati yomonlashganida, Surface Pro gadjeti Wi-Fi ulanish nuqtasidan LTE tarmog‘iga (va aksincha tartibda) avtomatik tarzda o‘ta oladi. Unda nano-SIM formatidagi kartochka slotidan tashqari, elektron e-SIM ulash imkoniyati ham mavjud.

Quyidagi videolavhada mazkur transformer devaysning xususiyatlari ko‘rsatib berilgan:

Faqat biznes uchun

Microsoft kompaniyasi LTE tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlovchi Surface Pro gibrid planshetini AQShda shu yilning 1 dekabridan savdoga chiqaradi.

Uning 4/128 GB xotirali talqiniga 1150 AQSh dollari miqdorida narx belgilangan. Tezkor/doimiy xotirasi 8/256 GB hajmli versiyasi uchun esa 1450 dollar so‘rashyapti. Bu narxlar Microsoft Surface Pro’ning modemsiz standart versiyalari bahosidan roppa-rosa 150 dollarga yuqoridir.

O‘QING: Eng yaxshi zamonaviy planshet-transformerlar

LTE tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlovchi Microsoft Surface Pro planshet-transformeri uchun klaviatura hamda stilus alohida sotiladi, ularga tegishlicha 130-160 va 100 dollar miqdorida qiymat belgilangan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!