Mozilla Firefox brauzeri messenjer xizmatini taqdim etmoqda

Mozilla Firefox brauzeri messenjer xizmatini taqdim etmoqda

Shu kunlarda Mozilla kompaniyasi Firefox brauzerining 41.0 raqamli yangilangan versiyasi yaratilganini e’lon qildi. Bu yangilikni Windows, Mac, Linux va Android tizimi foydalanuvchilari ishlatishlari mumkin.

Brauzerda Firefox Hello nomli tezkor xabar almashish tizimi paydo bo‘lgani uning eng diqqatga sazovor jihatidir. Dasturni ishlab chiquvchilar “bevosita brauzerning o‘ziga joylangan xabarlashuv xizmati mavjudligi” bilan boshqalardan ajralib turishiga omma e’tiborini qaratishmoqda.

Shu kundan boshlab Firefox foydalanuvchilari kompyuter va mobil qurilmalardan Hello tizimi orqali tezkor xabar almashishlari va hatto videoaloqa qilishlari mumkin.

Aytib o‘tish kerakki, yangi versiyada Firefox akkauntingizga rasm joylash, SVG vektorli tasvirni favikon sifatida joylash imkonlari paydo bo‘ldi.

Firefox 41.0 versiyasini istovchilar Firefox.com saytidan yuklab olishlari, eski versiya foydalanuvchilari esa yangilab olishlari mumkin. Brauzerning android versiyasini Google Play tarmoq magazinidan yuklashingiz mumkin.

Qisqacha ma’lumot. Mozilla Firefox brauzeri 2004 yilda Mozilla korporatsiyasi tomonidan yaratilgan bo‘lib, ommalashuvi jihatdan jahonda uchinchi o‘rinni egallaydi. Germaniyada eng mashhur brauzer hisoblanadi. Interfeysida bir nechta qo‘shimcha varaqalar (vkladka), orfografik xatolarni tekshirish, qidiruv tizimlari uchun maydoncha, yuklash menejeri kabi xizmatlari mavjud. Shuningdek, Mozilla Firefox eng kam xatolikka yo‘l qo‘yuvchi brauzer hisoblanadi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!