Nokia 7.1: katta ekranli lekin arzon
Nokia brendining smartfonlar lineykasi shundog‘am kichkina emas, shunga qaramay kompaniya yangi modellar qatorini kengaytirishdan to‘xtamayapti. Mana endi kompaniyaning mahsulotlar assortimenti yana bir smartfon – Nokia 7.1 modeliga boyidi. Yangi apparat o‘rtacha narxdagi smartfonlar toifasiga mansub.
Smartfon 5,84-dyuymli PureDisplay displeyi bilan ta’minlangan bo‘lib, formati Full HD+. Ekran HDR10 standartida ishlaydi. Displey avtomatik tarzda yorug‘likni va yorug‘lik sharoitida kontrastni o‘zi to‘g‘rilaydi. Ekranning yuqori qismida “tirqish” bor. Orqasida shishali qopqoq va kamera moduli bilan barmoq izlari skaneri joylashgan.
martfon kamerasi ikkitalik va Carl Zeiss optikasi bilan, uning formati — 12+ 5 Mp. Ikkinchi modul fotografiyalarda orqa tomonni dasturiy belgilash uchun foydalaniladi, optik zum unda yo‘q.
O‘QING:Nokia 9 PureView flagmanining besh modulli kamerasi misli ko‘rilmagan funksiyalarga boy
Nokia 7.1ning ishlashini o‘rta darajadagi Snapdragon 636 protsessori ta’minlaydi. Uning tezkor xotirasi 3 GB, ichki xotira faqat 32 GB. Smartfon Android asosida ishlaydi va birinchilardan bo‘lib 9.0 Pie’gacha yangilanadi. Nokia uni Google bilan hamkorlikda Android One dasturi doirasida ishlab chiqmoqda, shu bois smartfon boshqa raqobatchilariga qaraganda tezroq yangilanish oladi.
Nokia 7.1 smartfoni oktyabr oyida sotuvga chiqishi kerak.
Kompaniya ushbu smartfon bilan birga o‘zining ilk to‘liq simsiz quloqchinlarini ham namoyish qildi. True Wireless Earbuds deb nomlangan quloqchinlar bir marta quvvat olgach 3,5 soat ishlab beradi va mustaqil ishlashini 14 soatga cho‘zadigan keys ham bor. Shuningdek, keys kichkina trubkachaga o‘xshagan noodatiy shaklga ega. Bunday shakl uni olib yurish uchun juda qulaydir. Yana bir standart shakldagi simsiz quloqchin Pro Wireless Earphones ham xaridorlarga ma’qul kelishi tayin. Chunki ushbu qurilma ham bir qator texnik yangilanishlarni boshdan kechirgan. Quloqchinning o‘zida magnit datchiklar mavjud bo‘lib, zarur bo‘lganda musiqani pouzaga qo‘yib, boshqa yumishlar bilan band bo‘lishingiz mumkin.