Nokia 9 sirlarini ilk bor rasmiy manba fosh etdi

  •   DiMaX
  •  1295
  •  20.12.2017 13:12

Nokia 9 sirlarini ilk bor rasmiy manba fosh etdi

Mana bir yildirki, Nokia 9 smartfoni haqida gap-so‘zlar, uning render suratlari va videolari internetda kezib yuribdi. Uni 2017 yilning kuzida namoyish etilishi kutilayotgan edi, ammo qandaydir sabablarga ko‘ra HMD Global kompaniyasi taqdimotni kechiktirmoqda. Anchadan buyon bu smartfon haqida faqat mish-mishlar va insayder xabarlari tarqalayotgan bo‘lsa, Nokia’ning bo‘lajak flagmani xususida kechagina rasmiy manba xabar berdi.

O‘QING: Nokia 9: jihat va narxi, qo‘sh-ob’yektivda olingan ilk suratlar

Ma’lum bo‘lishicha, HMD Global kompaniyasi AQShning Aloqa bo‘yicha federal komissiyasi (FCC)ga yangi mobil qurilmani ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha ariza topshirgan. Bu majburiy jarayon bo‘lib, FCC ro‘yxatidan o‘tmagan smartfonni AQSh bozorida rasman sotish mumkin emas.

Nokia 9 smartfonini sertifikatsiyadan o‘tkazgan rasmiy manba taqdim etgan ma’lumotlarga qaraganda, bu gadjet flagmanlarga xos texnik xususiyatlarga ega, ammo ko‘pchilik tasavvur qilayotganidek baquvvat emas ekan.

O‘QING: Eksklyuziv video: Nokia 9 flagmani tayyor!

FCC ma’lumotlariga ko‘ra, Nokia 9 smartfoni LG kompaniyasining diagonali 5,5 dyuymlik OLED-ekrani bilan jihozlangan. Devays 2,45 GGs takt chastotasiga ega sakkiz yadroli Qualcomm Snapdragon 835 bazasida ishlaydi. Flagmanga Samsung kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan UFS 2.1 rusumli flesh-xotira o‘rnatilgan, uning hajmi 128 GBni tashkil etadi. Smartfon zamonaviy USB Type-C porti, 5 megapiksellik old va 13 megapiksellik asosiy kamera bilan jihozlangan. Uning 3250 mA/soat sig‘imli akkumulyatori Quick Charge 3.0 tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega.

O‘QING: Nokia 9’ning barcha tafsilotlari bitta videoda: Galaxy Note 8 kabi, faqat qiziqroq

Shuningdek, Nokia 9 modeliga boshidanoq ilg‘or Android 8.0 Oreo operatsion tizimi o‘rnatib chiqariladi. Gadjetda Snapdragon 835 protsessorining qo‘llanishi uning 4G VoLTE, Wi-Fi 802.11ac, Bluetooth 5.0 va NFC modullariga ega bo‘lishini kafolatlaydi. NFC tufayli Android Pay to‘lov tizimi orqali xaridlarni amalga oshirishda to‘lov qilish uchun mazkur smartfondan foydalanish mumkin.

Nokia 9 smartfonining rasmiy taqdimoti kelasi yilning yanvarida, CES 2018 ko‘rgazmasi doirasida amalga oshirilishi kutilmoqda. Lekin HMD Global yana bir yarim oy sabr qilib turib, fevralning oxiridagi MWC 2018 tadbirida namoyish etishi ham mumkin. Uning narxi va ommaviy savdoga chiqarilish vaqti haqida esa hozircha faqat taxminiy ma’lumotlar mavjud.

O‘QING: Nihoyat, Nokia 9 va Nokia 8 (2018) taqdimot sanasi hamda narxlari ma’lum!