Nokia’ning yangi flagmani: uch modulli kamera, IP68 himoyasi va AMOLED-ekran!

  •   DiMaX
  •  1635
  •  02.04.2018 19:23

Nokia’ning yangi flagmani: uch modulli kamera, IP68 himoyasi va AMOLED-ekran!

Bugun – 2 aprel kuni HMD Global kompaniyasining hali taqdim etilmagan eng ilg‘or smartfonining barcha xususiyatlari haqidagi ma’lumotlar internetga chiqib ketdi. Uning nafaqat texnik jihatlari, balki orqa qopqog‘ining surati ham tarqaldi.

O‘QING: Nokia 9’ning barcha tafsilotlari bitta videoda: Galaxy Note 8 kabi, faqat qiziqroq

Bu yerda gap anchadan beri kutilayotgan Nokia 9 flagmani haqida ketmoqda. Insayderlik ma’lumotlariga ko‘ra, u diagonali 6,01 dyuymlik AMOLED-ekranga ega. Uning tomonlari o‘zaro 18:9 nisbatda, displeyining piksellar sig‘imi esa QHD+ formatida (2880x1440 pikselli).

Nokia 9 hozirda eng ilg‘or bo‘lib turgan – 8 yadroli Qualcomm Snapdragon 845 protsessori bazasiga qurilgan. Smartfonning ishlash samaradorligini ta’minlashda unga 8 gigabayt hajmli tezkor xotira ko‘makka keladi. Qurilmaning doimiy xotirasi esa 256 gigabayt hajmga ega.

HMD Global kompaniyasining ushbu flagmaniga xos asosiy xususiyat – uning naq uch modulli asosiy kamerasidir. Ulardan birinchisi 41 megapikselli (keng burchakli, 1,4 mkm, f/1.5 dan f/2.4 gacha aperturali), ikkinchisi 20 megapikselli (telefoto, avtofokus, f/2.4), uchinchisi esa 9,7 megapikselli (monoxrom yoki oq-qora) ob’yektivlardir. Shuningdek, Nokia 9 tasvir sifatini yo‘qotmagan holda 4 karrali zumga ham ega bo‘lishi aytilayotir. Bunaqa jamlanma bilan u fotosuratlar sifatiga ko‘ra hatto eng kuchli kamerofon – Huawei P20 Pro’ni ham ortda qoldirishini kutish mumkin.

O‘QING: Huawei P20 Pro va iPhone X kameralari "jang qilishdi"

Nokia 9 korpusining o‘lchamlari 150,6x75,2x7,3 millimetrga teng, uning orqa qopqog‘i esa keramikadan ishlangan. Kamera gardishi 18 qirotlik oltin bilan qoplangan. Bulardan tashqari, ushbu model korpusi IP68 standartiga ko‘ra suvdan himoyalanganligi ham uning afzalliklaridan biridir.

Telefon USB Type-C portiga, Wi-Fi 802.11ac, Bluetooth 5.0 LE, A-GPS, GPS, GLONASS, ANT+, NFC modullariga ega. Unda yana ko‘z yoyi skaneri, barometr va akselerometr singari ko‘plab qo‘shimcha datchiklar ham o‘rin olgan.

O‘QING: Smartfonda nechta va qanday datchiklar bo‘ladi?

Mana, internetga «sizib chiqqan», Nokia 9’ning barcha xususiyatlari aks ettirilgan ma’lumot quyidagicha:

HMD Global kompaniyasi mazkur gadjetini 3900 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlagan. Unga esa birato‘la ikkita – Quick Charge 4.0 tezkor quvvatlash hamda Qi standarti bo‘yicha simsiz quvvatlash ilg‘or texnologiyalari joriy etilgan.

Nokia 9 modelida ikkita SIM-karta uyachasi mavjud va u Project Treble funksiyasini qo‘llab-quvvatlovchi Android 8.1 Oreo operatsion tizim talqini boshqaruvi ostida ishlaydi. Ushbu devays Android One mobil qurilmalar turkumiga kiradi; mazkur turkumdagi barcha gadjetlar Google’ning «toza» dasturiy ta’minot tizimida ishlaydi.

Hozircha Nokia 9 smartfonining narxi va taqdimot sanasi haqida rasmiy ma’lumot yo‘q.

O‘QING: Samsung va Apple uddalay olmagan texnologiya Nokia flagmaniga joriy etiladi!