Q-Stick – 8 GB «operativka»li kompyuter-brelok (+video)

  •   DiMaX
  •  2098
  •  19.01.2018 17:21

Q-Stick – 8 GB «operativka»li kompyuter-brelok (+video)

Ilk kompyuterlar katta zalga joylashgan ulkan bloklar shaklida bo‘lsa, borgan sari ixchamlashib va sig‘imi ortib, hozirda cho‘ntakka sig‘adigan bo‘lib qolgan. Jumladan, Indiegogo maydonchasida brelok holidagi mitti kompyuter – Q-Stick loyihasi taqdim etildi. Ishlab chiquvchilar uni o‘z toifasidagi eng qudratli qurilma, deyishmoqda.

O‘QING: Jahonning eng mitti mobil kompyuteri sotuvga chiqdi

Bu qurilma haqiqiy brelok shaklida va kattaligida bo‘lib, uning o‘ziga protsessor, tezkor xotira kabi eng zaruriy qismlar o‘rnatilgan; klaviatura, sichqoncha va hokazo qismlarni ulash uchun esa tegishli portlari mavjud.

Kompyuter-brelok ikkita modifikatsiyada chiqarilishi mo‘ljallangan – Blaze Plus hamda  Blaze Pro. Bulardan birinchisi 14 nanometrlik Atom x7-Z8700 protsessoriga ega. Mazkur chip 64 bitlik to‘rtta Airmont yadrosini, sakkizinchi avlod Intel grafikasini hamda ikki kanalli LPDDR3 xotira kontrollerini o‘z ichiga oladi. Uning ishlash takt chastotasi 1,6 gigagersni tashkil etadi va bu ko‘rsatkichni 2,4 GGs.gacha oshirish imkoni mavjud.

Blaze Pro versiyasiga Atom x7-Z8750 chipi o‘rnatilgan: u nominal 1,6 gigagers takt chastotasida ishlovchi to‘rtta yadroga ega bo‘lib, maksimal chastotasi 2,56 GGs.gacha yetishi mumkin.

Har ikkala qurilma ham 8 gigabaytlik tezkor xotiraga ega. Ular Bluetooth 4.1 hamda Wi-Fi 802.11n/ac simsiz aloqa adapterlari bilan ta’minlangan. 128 gigabaytgacha hajmli microSD-kartasi uchun slot, ikkita an’anaviy USB 3.0 porti hamda bitta zamonaviy USB Type-C bilan jihozlangan. O‘zidagi HDMI konnektori orqali uni monitorga (yoki zamonaviy televizorlarga) ulash mumkin.

Ikkala modelning o‘zaro farqi ularning doimiy xotirasida ham namoyon bo‘ladi: Blaze Plus talqini 64 gigabaytlik, Blaze Pro esa – 128 gigabaytlik flesh-modul bilan jihozlangan.

Mana, mazkur mitti kompyuterdan foydalanishni quyidagi videolavhada tomosha qiling:

Q-Stick kompyuter-breloklarining o‘lchami 113×38×12 millimetrni tashkil etadi. Ularda Windows 10, Linux yoki Android operatsion tizimlarini qo‘llash mumkin. Ayni damda ularning narxi 130 AQSh dollaridan boshlanishi aytilmoqda.

O‘QING: USB orqali ulangan telefon yoki planshetni kompyuter «ko‘rmay» qolsa nima qilish kerak?

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!