Qarshi oling: Opera Touch – bitta qo‘lda boshqarishga moslangan mobil brauzer!

  •   DiMaX
  •  1766
  •  26.04.2018 19:01

Qarshi oling: Opera Touch – bitta qo‘lda boshqarishga moslangan mobil brauzer!

Opera Software kompaniyasi o‘zining yangi mahsuloti – smartfonlar uchun Opera Touch brauzerini taqdim etdi. U bitta qo‘lda boshqarishga qulay qilib ishlangan va login-parol kiritishni talab qilmasdan desktop Opera bilan sinxronlasha oladi.

O‘QING: Ayni Telegram bloklanayotganida, Opera VPN – cheklovni «aylanib o‘tish» servisi ham to‘xtatilyapti

Opera Touch brauzeri birato‘la qidiruv rejimida ochiladi. So‘rov kiritilganidan keyin ham u izlashni boshlash uchun foydalanuvchidan qo‘shimcha harakatlar talab etmaydi. Shuningdek, bu ilova ovozli qidiruvni ham qo‘llab-quvvatlaydi. Bulardan tashqari, QR-kod va shtrix-kodni ham skanerlay olishi mazkur brauzerning yana bir afzalligidir.

Brauzer interfeysining pastki qismida tezkor kirish tugmachasi – FAB (Fast Action Button) joylashgan. Hamisha brauzer ekranida turadigan bu tugmacha so‘nggi ochilgan varaqalarga, shuningdek qidiruv funksiyasiga tezkor o‘tish imkonini beradi. Bundan tashqari, FAB tugmachasiga bitta teginish bilan brauzerning barcha funksiyalarini ko‘rish mumkin.

Yana bitta o‘ziga xos funksiya Flow deb ataladi va u foydalanuvchining turli qurilmalari orasida login-parolni kiritmasdan turib tezkor ma’lumot almashish imkonini beradi. U Opera Touch hamda kompyuterlar uchun Opera brauzerining yangilangan talqinida amal qiladi. Bu ikkalasi orasida xavfsiz bog‘lanishni amalga oshirish uchun desktop Opera’dagi QR-kodni Opera Touch yordamida «o‘qitish» talab etiladi. Keyin esa havolalar, tasvirlar, video va qaydlarni o‘zaro almashish mumkin bo‘ladi.

Opera Touch brauzerini Android-qurilmalar egalari mana bu havola orqali Google Play’dan yuklab olishlari mumkin. Ushbu ilova yaqin orada iOS-devayslar uchun ham taqdim etilishini aytishyapti.

O‘QING: Chrome, Opera va Firefox’da saytlarning qalqib chiquvchi bildirishnomalarini o‘chiramiz

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!