Samsung Galaxy S9+ kutilmaganda 106 dollardan savdoga chiqdi! (+video)

  •   DiMaX
  •  5915
  •  05.01.2018 12:17

Samsung Galaxy S9+ kutilmaganda 106 dollardan savdoga chiqdi! (+video)

Janubiy koreyalik texnogigantning navbatdagi flagmanlari – Galaxy S9 hamda uning «plyusli» talqini taqdimotigacha hali bir yarim oydan oshiq vaqt bor. Bu devayslarni MWC 2018 tadbirida namoyish etishmoqchi, savdoga esa undan ham keyin chiqariladi. Ammo xitoyliklar allaqachon uni xarid qilish imkoniga egadirlar. Har holda, Xitoy onlayn savdo maydonchalaridan biridagi e’londa shunaqa deyilmoqda. Tag‘in, bu do‘konda mazkur ilg‘or flagmanning narxi ham atigi 688 yuanga teng, ya’ni taxminan 106 dollar atrofida!

O‘QING: «Xitoy smartfoni»ni xarid qilishda e’tibor qilish zarur 8 jihat 

Tabiiyki, xayolingizga kelgan birinchi fikr – «Bu qalbaki smartfon». Biz ham shunday fikrdamiz, lekin sotuvchi hatto mazkur tovarining qisqa videosini ham joylagan. Unda Samsung Galaxy S9+ flagmaniga aynan o‘xshash qo‘shaloq asosiy kamerali smartfon har tomonidan ko‘rsatilgan.

Tabiiyki, videolavhada ishlab turgan smartfon holatida ko‘rsatiladi, ammo uning texnik xususiyatlari oshkor etilmaydi. Bu jihatlarga aniqlik kiritish uchun mazkur tovarga buyurtma berish, xarid qilib olgach smartfonga baho berish mumkin, ammo «Terabayt.Uz» tahririyati buni ham tavsiya etmaydi.

O‘QING: AliExpress’da buyurtma qanday rasmiylashtiriladi

Savdoga qo‘yilgan va viderolikda ko‘rsatilgan smartfon aslida Samsung flagmanining kloni bo‘lishi ehtimoli yuqori. Garchi tashqi ko‘rinishi jihatidan u asl Galaxy S9+ smartfoniga juda-juda o‘xshab ketsa-da, gadjetning ichki – texnik ta’minotidan hech kimning xabari yo‘q.

Mana, videolavhani tomosha qilamiz:

O‘QING: Samsung Galaxy S9 bir jihati bilan jahonni hayratga solmoqchi

«Osmon osti saltanati»dagi bu savdogar, Samsung Galaxy S9+ smartfonini arzimagan pulga taklif qilar ekan, elektrotexnikaga tushunmaydigan va tajribasiz xaridorlarni «qarmoqqa ilintirish»ni ko‘zlagani aniq. Hatto savdoga qo‘yilgan ushbu smartfonga Galaxy S9+ flagmani nomi tushirilgan oboylar ham o‘rnatilgan.

Bu holat yangilik emas, zero, xitoyliklar bu borada ustasi farang bo‘lib ketishgan. Shuningdek, xitoyliklarning o‘zlari ham bunga qiziqishadi – hali rasmiy taqdimoti o‘tkazilmagan mashhur gadjetlarning klonlari mahalliy aholi orasida juda ommalashadi. Shu kabilarga aldanib qolmaslik uchun quyidagi tavsiyamiz bilan tanishib qo‘yishni maslahat beramiz:

O‘QING: Samsung smartfon va planshetlarining originalligini aniqlaymiz (+videoqo‘llanma)

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!