Samsung Galaxy S9 qanday bo‘ladi? (+video)

  •   DiMaX
  •  6498
  •  18.09.2017 10:52

Samsung Galaxy S9 qanday bo‘ladi? (+video)

Janubiy Koreyalik gigant o‘zining oxirgi flagmani – Galaxy Note 8 modelini taqdim etganidan keyin, asosiy raqibining iPhone X smartfoniga javob tarzida navbatdagi qurilmasini tayyorlashga zo‘r bermoqda.

Garchi bu flagman – Galaxy S9 hali keyingi yilda taqdim etilishi ko‘zda tutilgan esa-da, u haqida ayrim xabarlar tarqalib ulgurgan. DBS Design jamoasi esa, ana shu ma’lumotlar asosida Samsung’ning navbatdagi flagmani dizayni uchun o‘z konseptini taqdim etgan, deb yozadi GizChina nashri.

Marhamat, o‘zingiz tomosha qiling va zavqlaning:

Ko‘rib turganingizdek, videolavhada Galaxy S9’ning asosiy xususiyatlari: romsiz displey, USB Type-C porti, qo‘shaloq ob’yektivli kamera hamda boshqa kutilmagan jihatlari aks etgan.

Konseptga ko‘ra, Galaxy S9 an’anaviy 3,5 millimetrlik quloqchin tirqishidan mahrum etilmagan, daktiloskopik skaner esa displeyga integratsiya qilingan. DBS Design resursining fikricha, Samsung o‘z flagmanlarining navbatdagi avlodida tomonlarining o‘zaro nisbati 18:9, sifati esa QHD+ bo‘lgan Infinity Display ekranini qo‘llaydi. Galaxy S9’ning tezkor xotirasi 6 GB, ichki xotirasi esa 128 GB hajmga ega bo‘lishi mumkin. Uning har ikkala – asosiy va old kameralari qo‘shaloq modullar bilan jihozlanadi, akkumulyatorining sig‘imi bo‘lsa 3 600 mA/soatni tashkil etadi. Qurilma Android 8.1 Oreo operatsion tizim versiyasi boshqaruvi ostida ishlashi taxmin qilinayotir.

Aytish kerakki, mazkur videolavhada tasvirlangan smartfon hali konsept maqomida bo‘lib, 2018 yili Samsung bu flagmanining dizayni va xususiyatlariga o‘zgartirishlar kiritishi mumkin. Shunga qaramay, u «to‘qqizinchi galaktika»ni sabrsizlik bilan kutayotgan ixlosmandlar uchun umumiy tasavvurlar bera oladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!