Samsung iPhone7’ni “sindirish” uchun Galaxy Note7 anonsini tezlashtirgan

Samsung iPhone7’ni “sindirish” uchun Galaxy Note7 anonsini tezlashtirgan

Bugun Sammobile nashrida keltirilgan xabarda aytilishicha, Janubiy Koreyaning Samsung Electronics kompaniyasi 2016 yil sentyabr oyida taqdim etilishi kutilgan Apple iPhone7 modelini “sindirish” maqsadida Galaxy Note7 fabletining anonsini, jumladan, fabletda ishlatilgan Samsung SDI batareyalarining ishlab chiqilishini ham tezlashtirgan.

Bloomberg nashrining yozishicha, koreyalik gigant bu yilgi yangi Apple modellariga ahamiyatli innovatsiyalar tatbiq etilmasligini oldindan prognoz etgan va buni kuchli texnik yangiliklarga boy Galaxy Note7 fabletini taqdim qilish uchun juda qulay fursat deb hisoblagan. Samsung’ning yangi Note seriyasidagi fableti ikki taraflama yon ekran, ko‘z yoy pardasi skaneri, USB Type C kabi ilg‘or texnologiyalarga ega. Shuningdek, fabletning batareyasi ham avvalgi modellarga qaraganda yirikroq bo‘lib, tezkor zaryadlash funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Janubiy Koreyalik gigant ushbu innovatsion fabletning Apple iPhone7 soyasida qolib ketmasligini ta’minlash uchun uning taqdimot sanasini ham bir necha kun oldinga surishga qaror qilgan.

Biroq Galaxy Note7 batareyasidagi nosozlik tufayli vaziyat kutilmagan tus olgan. Koreys kompaniyasining birja fondidagi qiymati ushbu muammo tufayli ikki kunda 22 mlrd dollarga arzonlashgan, brendning jahondagi nufuziga jiddiy putur yetgan. Natijada avvaldan ko‘zlangan maqsadga baribir yetib bo‘lmadi: batareyadagi nosozlik tufayli kompaniya  Galaxy Note7 smartfonlarini chaqirib olishga majbur bo‘ldi, uning global savdolari hali to‘lig‘icha yo‘lga qo‘yilmadi. Apple’ning iPhone7 va  iPhone7 Plus modellari esa jahon savdolarida yana rekordlarni yangilashda davom etmoqda.