Samsung yirik smartfon bozorida "qulashda" davom etmoqda

Samsung yirik smartfon bozorida

Garchi Samsung 2017 yilda yarim o‘tkazgichlar ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish evaziga rekord darajada foyda olgan bo‘lsa ham, uning mobil qurilmalar biznesi bo‘yicha bo‘linmasi jahon smartfon bozoridagi o‘rnini asta-sekin boy bermoqda.

Samsung’ning smartfon biznesidan olayotgan daromadi jahon miqyosida sezilarli ravishda kamaymoqda. Misol uchun, dunyoning yirik mobil aloqa vositalari bozori bo‘lgan Xitoyda koreyalik brend o‘z o‘rnini tobora boy berib qo‘ymoqda.

O‘qing: Bu yil smartfon xaridida e’tibor qaratish zarur muhim jihatlar

Samsung’ning Xitoydagi mobil qurilmalar, jumladan smartfonlar bozoridagi eng katta yo‘qotishi 2015 yilda sodir bo‘lgan. O‘shanda kompaniya bir yilning ichida Xitoy smartfon bozoridagi 20 foiz ulushini yo‘qotgan edi. 2017 yilning uchinchi choragida esa Xitoyda Samsung smartfonlari savdosi 2 foizga kamaygan edi.

Bu pasayish esa davom etmoqda. Misol uchun o‘tgan yilning so‘nggi choragida Samsung Xitoy smartfon bozorida tag‘in 1.6 foiz ulushini boy berib qo‘ydi. Bu to‘g‘rida Strategy Analytics marketing tadqiqotlari kompaniyasi ma’lum qilgan.

Samsung Xitoy smartfon bozorida ulushlari bo‘yicha 12-o‘rinda turadi.

Xitoyni smartfon bilan ta’minlashda Huawei, Oppo, Vivo, Xiaomi hamda Apple "kuchli beshlik"dan o‘rin olgan. Jahon miqyosida 2017 yilning eng peshqadam smartfon ishlab chiqaruvchisi hisoblangan ilg‘or Samsung esa bu yerda ulardan ancha orqada. Bu bevosita Xitoyda kuchli IT-ishlab chiqaruvchilarining yetishib kelayotgani bilan bog‘lanadi.

"The Investor" nashriga bergan intervyusida Samsung vakili Xitoydagi smartfon savdosiga oid statistik ma’lumotlarning shubhali ekanini ma’lum qilgan. Kompaniyaning mobil qurilmalar bo‘linmasi rahbari DJ Koh ham shu yilning mart oyida Xitoy bozoridagi ahvolni yaxshilash bo‘yicha choralar ko‘rilishini aytgan edi.

Xitoylik smartfon ishlab chiqaruvchilari Samsung’ni nafaqat o‘z uylarida, balki jahon bozorida ham dog‘da qoldirishda davom etmoqdalar. Jumladan, 2017 yilning yakunlariga ko‘ra koreyalik kompaniya Hindistonda ham xitoylik raqiblariga mag‘lub bo‘lgan. Eslatib o‘tamiz o‘tgan yili Koreyaning yana bir yirik IT ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan LG Xitoydagi smartfon biznesini rasman yakunlagan edi.

Samsung bir necha yillardan beri jahonning ikkinchi raqamli yirik smartfon bozori bo‘lmish Hindistonda smartfon sotish bo‘yicha yaqqol peshqadam bo‘lib kelgan. Ayni paytda esa bu sharafli nom Xiaomi brendiga tegishli.

O‘qing: AnTuTu'da rekord yangilandi: Huawei'ning oshig‘i olchi!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!