Silikon vodiysidagi yetakchi kompaniyalarning mas’ul mutaxassislari O‘zbekistonda

  •   DiMaX
  •  440
  •  28.03.2019 11:36

Silikon vodiysidagi yetakchi kompaniyalarning mas’ul mutaxassislari O‘zbekistonda

Shu kunlarda O‘zbekistonda ilk bor startaplar, ilm-fan va texnologiyalarga bag‘ishlangan Markaziy Osiyo haftaligi bo‘lib o‘tmoqda. Bu to‘g‘rida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.

O‘QING: «Ilm-fan va texnologiyalarda xotin-qizlar» Markaziy Osiyo haftaligi: startaplarni AQShlik investorlar tanlaydi!

Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan haftalik «Ilm-fan va texnologiyalarda xotin-qizlar» deb nomlanadi. E’tiborlisi – uning doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlarda ishtirok etish uchun AQShning Google, Apple, Amazon, Mozilla kabi kompaniyalarida yetakchi lavozimlarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar taklif etilgan. Shu bilan birga, dunyoning turli burchaklaridan 60 ga yaqin qiziquvchilar ishtirok etishyapti. «Ilm-fanda startaplar», «Ilm-fan va ilmiy startaplarni tijoratlashtirish», «Markaziy Osiyodagi rahbar xotin-qizlarning ilm-fan, ta’lim va texnologiyalar sohasiga qo‘shgan hissalari», «STEM sohasida hamkorlik», «Yashil texnologiyalar» kabi qator mavzular qamrab olingan anjuman, forsayt, trening va davra suhbatlaridan iborat haftalikning ochilish marosimida so‘zga chiqqanlarning qayd etishicha, shunday nufuzli tadbirni o‘tkazish uchun TechWomen dasturi tomonidan mamlakatimiz tanlanishi ham bejizga emas.

– 2018 yilda qabul qilingan mamlakatimiz innovatsion rivojlanish strategiyasining masalalaridan biri – ilm-fan, yuqori texnologiyalar va ularning tijoratlashtirilishini qo‘llab-quvvatlash bo‘lib, bunda tabiiy va aniq fanlar, axborot texnologiyalari, muhandislik ishi, texnologik ta’lim va texnik mutaxassisliklarda xotin-qizlarning sonini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, deydi Innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari Sharof Rajabboyev. – Bugungi kunda O‘zbekiston olimlari o‘rtasida xotin-qizlarning ulushi 40% ga yaqin bo‘lsa, professorlar o‘rtasida bu ko‘rsatkich 20% gacha, ilmiy muassasalar boshqaruvida – 5%. Bugungi singari tadbirlar xotin-qizlarimizni qo‘llab-quvvatlashda o‘ta muhimdir. Dunyodagi yirik kompaniyalarda yetakchi lavozimlarni egallayotgan xotin-qizlarning mamlakatimizga tashrifi va o‘z tajribasi bilan bo‘lishishi mamlakatimizdagi xotin-qizlarni ilhomlantirishi shubhasiz.

TechWomen kompaniyasi o‘zining qiziqarli loyihalari bilan ixtirochi, yangilikka intiluvchan xotin qizlarni qo‘llab quvvatlash maqsadida har yili turli mamlakatlarda seminar treninglar tashkil etadi. Shu bilan birga loyiha egalariga moddiy va ma’naviy ko‘mak beradi. Toshkentdagi Inha universitetida o‘tkazilgan «Startup Mix» konferensiyasida turli mamlakatlar vakillarining o‘ziga xos tajribalari taqdimotlari, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishdan muammo va yutuqlar, ekologik muammolarni xal etishda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash istiqbollari, loyihalashtirish va dasturlashning turli o‘ziga xos jihatlari yuzasidan fikr almashildi.

Markaziy Osiyo va Kaliforniya o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlik imkoniyatlari haqida Amazon katta dasturiy menejeri Veronika Ojet to‘xtalib o‘tdi.

«Biz turli dasturlarni muhokama qildik va ishga tushirdik, hozir esa ushbu dasturlar doirasida o‘zaro hamkorlik qilyapmiz. Ularning orasida TechWomen, TechGirl va Technovation dasturlarini ko‘rsatish o‘tish mumkin. Ushbu dasturlar tufayli qizlar, ayollar Kremniy (Silikon) vodiysiga tashrif buyurib, Virjiniya politexnika universitetiga o‘qishga kirishlari mumkin. Bu yerda o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun ham ikki yillik til o‘qitish kurslari ham tashkil etilgan», – deydi Veronika Ojet.

Tadbir davomida dunyoning eng yirik kompaniyalari mutaxassislari talabalar uchun maxsus ma’ruzalar va o‘quvchilar uchun robototexnika va dasturlashning o‘ziga xos jihatlarini namoyish etuvchi ko‘rgazmali taqdimotlarni ham o‘tkazishdi.

Haftalik doirasidan o‘rin olgan tadbirlar nafaqat Toshkentda, balki Samarqand va Nukus shaharlarida ham o‘tkazilmoqda.

O‘QING: Maktab, litsey, kollej o‘quvchi qizlari kiber xavfsizlik bo‘yicha AQShda malaka oshiradi!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.