Snapdragon 845'ga ega Galaxy S9 Plus AnTuTu'da imtihon topshirdi

Snapdragon 845'ga ega Galaxy S9 Plus AnTuTu'da imtihon topshirdi

Samsung Galaxy S9 hamda Galaxy S9 Plus flagmanlari joriy yilda bir nechta talqinlarda sotuvga chiqarilishi reja qilinmoqda. Janubiy koreyalik smartfon ishlab chiqaruvchisi bu talqinlarning barchasini Snapdragon (AQSh va Xitoy uchun) hamda Exynos (boshqa davlatlar uchun) brendlariga mansub chipsetlarda ishlab chiqaradi.

Bugun internet tarmog‘ida mazkur flagmanning eng yuqori talqini hisoblangan Samsung Galaxy S9 Plus modeli smartfonlarning samarali ishlashini baholaydigan AnTuTu benchmarkida imtihon topshirgani haqida ma’lumot e’lon qilindi.

Benchmarkdan sinovdan o‘tkazilgan Samsung Galaxy S9 Plus flagmaniga Snapdragon 845 protsessori o‘rnatilgan.

Imtihon natijalariga ko‘ra, "SM-G9650" model raqamli smartfon ekranining piksellar sig‘imi 2220x1440 belgiga teng va displeyning tomonlar nisbati 18,5:9 standartli, shu bilan birga, flagman 6 gigabaytli tezkor xotiraga ega bo‘lgan.

Samsung kompaniyasining bo‘lajak "bayroqdori" AnTuTu Benchmark imtihonlarida 265,267 ball to‘plagan.

Bu ko‘pmi yoki kammi?

Antutu benchmarkida o‘tgan yilning sentyabrida iPhone X flagmani 201,000 ball to‘plagan edi. Biroq, jahondagi eng samarali platformaga ega smartfon sifatida iPhone 8 Plus 212,728 ball bilan hozircha ayfonlar ichida o‘z "taxti"ni egallab turibdi.

2017 yilda Samsung Galaxy Note 8 smartfoni samaradorlikda 200,665 ball to‘plagan edi. Shuningdek, mazkur reytingda o‘tgan yili Google Pixel 2XL ham 203,109 ball to‘plagan. 

2016 yilda bu resursda yetakchi bo‘lgan iPhone 7 Plus hamda iPhone 7 esa 172,644 va 170,124 ball to‘plashgan. Samsung Galaxy S8’ning Snapdragon 835 protsessoriga ega talqini ushbu imtihonda 162,101 ball to‘plagan. Galaxy S8’ning Exynos 8895 protsessoriga ega talqini esa 174,155 ball to‘plashga erishgan.

O‘qing: Antutu: Oktyabr holatida jahonning kuchli smartfonlari, ularning O‘zbekistondagi bahosi

Mobil aloqa vositalari platformasining samaradorligini baholaydigan AnTuTu benchmarkida “Samsung Galaxy S8” nomi bilan sinovdan o‘tkazilgan testda janubiy koreyalik ilg‘or smartfon 205,284 ball to‘plagan. Bu borada “uloq”qa ega bo‘lib kelgan amerikalik iPhone 7 Plus 184,981 ball to‘plagan edi.

Android-smartfonlarning samaradorlik bo‘yicha reytingida, shuningdek Snapdragon 835 chipiga ega OnePlus 5 smartfoni 181,288 ball, Nubia Z17S 179,454 ball, Nubia Z17 esa 177,304 ball, Huawei Mate 10 smartfoni 176,484 ball to‘plagan.

Aytish joizki, Samsung Galaxy S9 Plus to‘plagan ball hozircha yakuniy bo‘lmasligi mumkin. Keyingi natijalar yuqori bo‘lishi mumkin.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.