Sony’ning hali taqdim etilmagan Xperia XZ1 flagmani benchmarkda ko‘rindi

  •   DiMaX
  •  1061
  •  28.07.2017 11:05

Sony’ning hali taqdim etilmagan Xperia XZ1 flagmani benchmarkda ko‘rindi

GFXBench benchmarkining ma’lumotlar bazasida Sony’ning navbatdagi smartfoni – hali rasman namoyish qilinmagan Xperia XZ1 modelining test natijalari ko‘rindi. Bu haqda Ferra.ru sayti xabar bermoqda.

Benchmark ko‘rsatgan ma’lumotlarga qaraganda, model raqami Sony G8341 bo‘lgan bu qurilma ilg‘or Qualcomm Snapdragon 835 protsessorida ishlaydi. Uning tezkor xotirasi hajmi 4 gigabaytni tashkil etadi, operatsion tizimi versiyasi esa – Android 7.1.1 Nougat.

Avvalroq sizib chiqqan xabarlarga ko‘ra, Sony G8341 yoki Xperia XZ1 modeliga 750 yevroga yaqin narx belgilanadi. Shuningdek, unga hali test rejimida bo‘lgan Android O operatsion tizimi o‘rnatilishi ham aytilgan. Ehtimol, taqdimot vaqtigacha shunday bo‘lar ham.

Xperia XZ1 smartfoniga diagonali 5,2 dyuymga teng (1920x1080 pikselli) bo‘lgan Full HD sifatli displey o‘rnatiladi. Uning rasmiy debyuti shu yilning 1–6 sentyabr kunlari Berlinda tashkillashtiriladigan IFA 2017 ko‘rgazmasida bo‘lib o‘tishi kutilayotir.