TANQID: Xiaomi Redmi 4X’dagi nuqson va muammolar

  •   DiMaX
  •  15283
  •  17.11.2017 15:28

TANQID: Xiaomi Redmi 4X’dagi nuqson va muammolar

Hozirda smartfon bozorini tobora ko‘p egallab kelayotgan ishlab chiqaruvchilardan biri Xitoyning Xiaomi kompaniyasidir. Uning mahsulotlari haqida asosan yaxshi taqrizlar uchratamiz, kamchiliklari xususidagi xabarlarga esa kamroq duch kelamiz.

Xo‘sh, aslida ham «xitoycha Apple»ning smartfonlari shunchalik benuqsonmi? Ularda biror kamchilik, ishlatishda muammo uchramaydimi? Afsuski, har bir ishlab chiqaruvchi mahsulotlarida bo‘lgani kabi, Xiaomi smartfonlarida ham kamchiliklar mavjud. SMART GIZMO nashri mazkur smartfonsozning eng keng tarqalgan modellaridan biri – Redmi 4X smartfonida uchrashi mumkin bo‘lgan muammolarni e’lon qilgan.

Darvoqe, ayni shu modelning qisqacha videotavsifini biz o‘z Facebook sahifamizda e’lon qilganmiz, uni mana bu havola orqali o‘tib tomosha qilishingiz mumkin.

Xullas, quyidagi ma’lumotlarda ayni Redmi 4X smartfonini ishlatayotgan foydalanuvchilarning u haqidagi fikrlari turli taqrizlaridan, forumlardagi yozishmalaridan terib, tizimlashtirilgan. Ayrimlarining yechimlari ham biryo‘la yozib ketilgan, shulardan kelib chiqib, agar tegishli kamchiliklar uchrasa, o‘zingiz bartaraf eta olasiz.

Mana, nuqsonlarga o‘zingiz nazar soling-da, ular tegishli guruhlarga ajratib berilgan:

1. DASTURIY TA’MINOT BO‘YIChA:

Soat mintaqasi o‘zgarib ketadi. Aytaylik, budilnik kerakli paytda jiringlamay qolsa, bu xatolikning zararini tasavvur qilavering. Buning oldini olish uchun «Chasovoy poyas seti» opsiyasini o‘chirib qo‘yish kerak. Lekin proshivkaning keyingi versiyalarida bu nuqson to‘g‘irlangan, faqat smartfoningiz operatsion tizimini yangilashingiz kerak.

O‘QING: Xiaomi smartfonlari uchun MIUI 9 rasman foydalanishga topshirildi

Android uchun an’anaviy bo‘lgan holat – ilovalar bildirishnomalari bilan bog‘liq chalkashlik. Turli dasturlar har xil harakat qiladi. Buni bartaraf etish uchun mana bu manzildagi ko‘rsatmalardan foydalanib ko‘ring.

– Xitoy bozoriga mo‘ljallangan talqinlarning proshivkasi bizda hamisha ham to‘g‘ri ishlamasligi mumkin. Shuning uchun uning xalqaro bozorga mo‘ljallangan – global versiyasini xarid qilganingiz ma’qul.

– Ovozni sozlash faqat budilnik, qo‘ng‘iroqlar va multimedia uchun amal qiladi. SMS-xabarlarning va qo‘ng‘iroqlarning tovush balandligi bir-biriga bog‘langan. Foydalanuvchilarning shikoyatlariga ko‘ra, SMS-xabar kelganda chiqadigan ovoz qo‘ng‘iroq tovushidan ham yuqoriroq va uni pastlatish imkoni yo‘q.

Suhbatlashishdagi dinamik tovushini minimal darajada qo‘ysangiz ham, baribir ovozi baland. Ayrimlar yana, budilnik tovushini eng past qilib sozlaganda ham o‘ta yuqori ekanligidan nolishadi, ammo bu individual holatlar bo‘lsa kerak.

– «Ovozsiz, faqat vibratsiya» rejimi yo‘q. «Ovozsiz» rejimida faqat kiruvchi qo‘ng‘iroq bo‘lganidagina vibratsiya ishlaydi, kiruvchi SMS-xabarlar, bildirishnomalarda esa yo‘q. Tovushsiz rejimga ega bo‘lish uchun, umuman tovushsiz biror ovozli yozuv tayyorlab (sukunatni yozib olib), qo‘ng‘iroqqa shuni belgilash mumkin – shunda vibratsiya bo‘ladi, ovozi chiqmaydi.

Chet ilovalarning MIUI standart mavzularidagi belgicha (ikonka)lari ko‘rinishi hammaga ham yoqavermaydi. Sizda ham shunday bo‘lsa, rasmiy do‘konidan Tempest mavzusini olib o‘rnating – unda belgichalar shaffof fonda bo‘ladi.

2. TARMOQ VA ALOQA BO‘YIChA:

– Redmi 4X’ning Xitoy bozori uchun chiqarilgan versiyasida band20 (800 MGs) chastotasi bo‘lmaydi. Yaxshisi, har qanday smartfon xarid qilishdan avval, o‘zingiz xizmatlaridan foydalanayotgan uyali aloqa operatori qaysi chastotalardan foydalanishini uning o‘zidan aniqlashtirib oling. Agar siz olishni rejalashtirayotgan telefon o‘sha chastotani qo‘llab-quvvatlamasa, boshqa devays tanlaganingiz ma’qul. Xitoycha versiyadagi Redmi 4X’ni esa qayta proshivkalab ham band20 chastotasida ishlatib bo‘lmaydi. Agarda operatoringiz ayni shu chastotani qo‘llaydigan bo‘lsa, unda, yaxshisi, smartfonning global talqinini xarid qilganingiz ma’qul. Global talqindagi Redmi 4X’ning qutisida IMEI1 va IMEI2 yozilgan bo‘ladi, Xitoy bozori uchun chiqarilganida esa, ulardan tashqari yana IMEID ham bo‘ladi.

– Wi-Fi interfeysi 5Ghz chastotasini qo‘llab-quvvatlamaydi.

– Ba’zan, agar sozlamalarda «4G ustunligi» belgilab qo‘yilgan bo‘lsa, telefon o‘chib-yonishi mumkin. Bunday holat uchrasa, VoLTE’ni uzib qo‘yishni tavsiya etishadi, ayrimlar umuman LTE chastotasini ham uzib qo‘yadi. O‘zbekiston sharoitida 4G hali keng tarqalmaganini, undan baribir to‘laqonli foydalana olmasligimizni inobatga olsak, bu muammo uncha muhim emas.

– Ayrim hollarda, suhbatdoshingizga ovozingiz «yerto‘ladan kelayotgandek» yoki «bochkadan chiqayotgandek» borishi mumkin. Shunaqa bo‘lsa, telefon sozlamalarini dastlabki holatga qaytarib ko‘ring, ko‘pincha yordam beradi.

O‘QING: Android sozlamalarini dastlabki holatiga qaytarish

– Kamdan-kam hollarda, telefon kiruvchi qo‘ng‘iroqlarni shunchaki qabul qilmay qolishi mumkin. Shunaqa bo‘lib qolsa, uni bitta o‘chirib-yoqish kifoya.

– Agar telefonni yotiq – gorizontal holatda ushlansa (masalan, o‘yin o‘ynayotganda), Wi-Fi signalining darajasi pasayadi. Agarda routerdan uzoqroq bo‘lsangiz, signal umuman yo‘qolishi ham mumkin. Buning sababi – kaftingiz korpusning yuqorisidagi antennani yopib qo‘yadi, shunday bo‘lmasligini ta’minlang.

3. KORPUSI BO‘YIChA:

Ayrim foydalanuvchilar korpusning sirpanchiq ekanidan nolishadi. Smartfonga g‘ilof olib kiydirish bilan bu muammoni hal etasiz.

G‘ilof ichida korpusning bo‘yoqlari ko‘chishi hollari uchraydi. Ayniqsa, qora korpusli telefonlarda mazkur muammo yaqqol namoyon bo‘ladi. Buning sababi – korpus va g‘ilof orasiga kirib qolgan zarrachalardir. Umuman, qanday modeldagi smartfon ishlatishingizdan qat’i nazar, ora-orada g‘ilofni olib, uning ichini va korpusni tozalab turganingiz ma’qul.

Ekranning pastki panelidagi sensor tugmachalar yonib turmaydi. Ularni sal yorqinroq qilishsa ham bo‘lardi, ayniqsa, qora ranglilarida. Ammo smartfonni ishlata boshlagach, tugmachalarning joylashuviga qo‘lingiz o‘rganib ketadi.

Korpusning yuqori va pastki qismlaridagi plastik o‘rnatmalarning rangi orqa qopqoq rangidan sal farq qiladi. Bu aytarli muammo emas, ammo perfeksionist kishilarga yoqmasligi mumkin.

4. EKRANI BO‘YIChA:

Ekranning tirnalishi bo‘yicha foydalanuvchilarning fikrlari bir-biriga o‘ta zid. Kimdir, ekran tez va ko‘p miqdorda tirnaladi, desa, yana birov, ekranga umuman mitti chiziq ham tushmaydi, deyapti. Ehtimol, bu telefonga turli ishlab chiqaruvchilarning ekranlari o‘rnatilishi bilan bog‘liqdir. Umuman olganda, himoya shishasi yoki plyonkasi qo‘yganingiz ma’qul – ko‘ngil tinch bo‘ladi.

O‘QING: Ekranni qirilgan izlardan tozalaymiz

Smartfonda 2,5D-shisha o‘rnatilganini hisobga olib, unga himoya shishasi yoki plyonkasi xarid qilishda e’tibor talab etiladi. Ularning hammasi ham smartfoningizga qoyilmaqom tarzda mos kelavermasligi mumkin. Yaxshisi, mana bu manzildagi fikrlarni o‘rganib chiqing.

Yorug‘likni sezish datchigi bir-ikki soniya kechikibroq ishlab ketadi. Agar quyoshli kunda ko‘chada qo‘ng‘iroq bo‘lib qolsa, ekranga qarab uning raqamini yoki kontaktlar ro‘yxatingizdagi ismini birdaniga ko‘ra olmaysiz.

– Tachskrinning ishlashi bo‘yicha ham shikoyatlar uchraydi. Masalan, bitta teginishni ba’zida ikkita teginish sifatida yoki ekrandagi silashni ekranni bosish deb qabul qiladi. Bunday hollar uchrasa, unda kalibrlash yordam beradi.

O‘QING: Android’da sensor (tachskrin)ni kalibrlash

– Ishlab chiqaruvchi bu telefonga boe yoki ebbg turidagi ekran o‘rnatgan bo‘lishi mumkin. Qadoqni ochib, smartfonni yoqib ko‘rmaguncha buni aniqlab ham bo‘lmaydi. Boe – nisbatan yorqin, oqish tusli bo‘ladi, ebbg esa – biroz sarg‘ish tuyuladi. Agar sarg‘ishligi yoqmasa, buni ekran sozlamalari orqali bartaraf etish imkoni mavjud.

5. APPARAT QISMI BO‘YIChA:

Bildirishnomalar indikatori ancha xira va faqat oq rangda yonadi.

– Bir vaqtning o‘zida ikkita SIM-karta bilan xotira kartasini qo‘yib bo‘lmaydi.

– Ekranga (yoki uning sotidagi sensor tugmachalarga) ikkita teginish bilan smartfonni blokdan chiqarib bo‘lmaydi. Albatta mexanik tugmachalarni bosishga to‘g‘ri keladi.

– O‘z jamlanmasida keladigan quvvatlash uskunasining simi kaltaroq.

– Yaqinlashuv datchigi ba’zan to‘g‘ri ishlamaydi. Masalan, suhbatlashuv payti o‘chiq turgan ekranga yonog‘ingiz tegib ketsa, «Qaydlar» ochilib ketishi mumkin. Buni bartaraf etish uchun ushbu sensorni Proximity Sensor Reset ilovasi yordamida kalibrlash foyda beradi.

– Sensor tugmachalari yonib turmaydi.

– Vibroqo‘ng‘iroq kuchsiz.

– Diktofon yordamida ovoz yozishda shovqin tushadi.

O‘QING: Redmi 4X’ning «jilosiz qora» talqini Xitoyda talash bo‘lmoqda

6. KAMERA BO‘YIChA:

Video yozishda shovqinlar paydo bo‘ladi. Bundan qutulish uchun sozlamalarda ovozni mono tarzida yozadigan qilib qo‘yish lozim. Shuningdek, mazkur muammoni qo‘shimcha kamera ilovasi (masalan, Open Camera) yordamida bartaraf etish mumkin.

– HDR rejimida fotosuratni saqlashga uzoq urinadi-da, oqibatda saqlanmasligi ham mumkin. Agar shu rejimda suratga olayotgan bo‘lsangiz, ularning saqlanayotganligini shu zahotiyoq tekshirib boring.

7. BATAREYa BO‘YIChA:

– Akkumulyatori sig‘imi katta emas.

Tezkor quvvatlash texnologiyasi yo‘q. Batareya to‘liq bo‘shaganidan to 100% gacha to‘lishi uchun 3 soat vaqt ketadi.

XULOSA

Xiaomi Redmi 4X modelida ommaviy tarzda uchraydigan muammolar, brak holatlari yo‘q. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarning aksariyati keyingi MIUI 9 proshivkasida bartaraf etilgan ham.

Agarda ushbu smartfondan xarid qilmoqchi bo‘lsangiz, birinchi navbatda ekran tachskrinining ishlashiga jiddiy e’tibor bering. Agarda hamyonbopligini inobatga olsak, Xiaomi Redmi 4X – muvaffaqiyatli chiqqan model, deya olamiz.

O‘QING: Xiaomi’larning kredit bo‘yicha so‘mdagi narxlari (2017 yil 31 oktyabr)

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!