"Telefon fabrikasi" – Xitoyda eng ommabop smartfon brendi aniqlandi

Xitoy yoshlari mahalliy aholi ishlab chiqarayotgan arzon smartfonlarni ommaviy ravishda xarid qilishmaydi. Xiaomi, Oppo, Vivo kabi jahonda yaxshi sotilayotgan brendlar o‘z yurtida u qadar ham ishonchga kirmagan. Xitoyda hali ham Apple flagmanlarining nufuzi o‘z o‘rnini yo‘qotmagan.

Koreya milliy savdo assotsiatsiyasining ma’lum qilishicha, Apple Xitoy hududida eng ko‘p mobil aloqa vositalari foydalanilayotgan savdo belgisi – 171 million dona telefon.

Huawei — navbatdagi o‘rindagi brend. Mahalliy brendning 132 million dona smartfoni mamlakat hududida ishlatiladi. Undan so‘nggi o‘rinlarda 124 million dona smartfon bilan Oppo, 108 millionta "aqlli telefon" sotgan Vivo kompaniyasi turadi. Yetakchi beshlikni 68 millionta smartfon bilan Xiaomi yakunlab bergan.

So‘nggi yillarda Xitoyda smartfon savdosi keskin tushib ketib, mahalliy ishlab chiqaruvchilarining "zarbasi"ga uchragan smartfon brendi -- Samsung. Hozirda koreyalik kompaniyaning Xitoyda 48 million dona telefonlari faol. Yana bir "jabrdiyda" LG bo‘lib, kompaniya 2016 yilda Xitoy smartfon bozorini tark etayotgani xususida rasman e’lon qilgan.

Hisobotda qayd etilishicha, Xitoyda sotilayotgan 63% smartfonlar hamyonbop turkumga kiradi. Ularning narxi 300 dollardan oshmaydi. 600 dollardan qimmat turadigan smartfonlar xaridi 6,4% ni tashkil qiladi. Bu turkumga mansub flagmanlar savdosida Apple mutloq yetakchi.

Yoshlar auditoriyasining talab va istaklarini hisobga olgan holda smartfon ishlab chiqarayotgan Oppo yoki Vivo brendlaridan foydalanayotgan har 4 nafar odamdan biri bu brendlarning modellaridan voz kechmaydi.

Apple vaziyati esa birmuncha ijobiy: 53,4% iPhone foydalanuvchilari keyingi smartfoni ham aynan iPhone brendiga mansub bo‘lishiga ishonadi.

Samsung esa nufuzidan ayrilgan: 7,2% koreyalik brend foydalanuvchilarigina kelajakda Samsung telefonlaridan xarid qilish istagini bildirishgan.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!