Telegram’dagi eng zo‘r botlar va kanallar-5: inglizchani o‘rganuvchilar uchun!

  •   DiMaX
  •  11040
  •  07.10.2017 14:59

Telegram’dagi eng zo‘r botlar va kanallar-5: inglizchani o‘rganuvchilar uchun!

Xorijiy tillarni kurslarda yoki mustaqil tarzda o‘rganishdan tashqari, ta’limning qo‘shimcha usullari ham mavjud. Xullasi kalom, Telegram-kanallar bo‘yicha beshinchi to‘plamimiz ingliz tilini o‘rganuvchilarga bag‘ishlangan. To‘plamga shu yo‘nalishdagi botlar ham kiritilgan. To‘g‘ri, ular ingliz tilini asosan rus tili orqali o‘rganishga mo‘ljallangan, ammo bu sizga qiyinchilik tug‘dirmaydi. Marhamat, ko‘rib chiqing, kanal yoki botga uning nomidagi havola orqali o‘tib obuna bo‘ling va kuzatib boring.

Ingliz tiliga bag‘ishlangan Telegram-kanallar

  1. «Angliyskiy yazik». Bu kanal yordamida siz ingliz tili bo‘yicha o‘z lug‘at boyligingizni kengaytirishingiz mumkin. Kundalik muloqot uchun yangi jumlalar, iboralar va ularning ma’nolari berib boriladi.
  2. «English for Life». So‘zlar va tasviriy ifodalarni qo‘llanish misollari va tarjimalari bilan berib boruvchi kanal.
  3. «Live English». Nafaqat leksika, balki til qoidalari ham grafik, jadval va suratlar ko‘rinishlarida berib boriladigan kanal.
  4. «Uchi angliyskiy». Ingliz tilini o‘rganayotganlar uchun foydali darslar va qoidalar.
  5. «Angliyskiy». Agarda o‘z lug‘at boyligingizni oshirishni istasangiz, ushbu kanal sizga juda qo‘l keladi. Unda so‘z va iboralar turli mavzular va nutqiy vaziyatlarga moslab guruhlangan. Masalan: «Sport», «Ish», «Siyosat», «Shifokor qabulida», «Uchrashuvda» kabi.
  6. «Slovarniy zapas». Ingliz tilidagi yangi so‘zlarni o‘rganish uchun juda qulay format: mavzu bo‘yicha qiziqarli kartochkada so‘zning transkripsiyasi, yozilishi va tarjimasini ko‘rasiz, shuningdek, audiofaylda uning to‘g‘ri talaffuzini o‘rganasiz.
  7. «Neperevodimoe». Bu kanal muallifi o‘z hayotidagi kulgili va qiziqarli voqealarni yozib boradi, orasida ingliz tilidagi iboralarni kiritib va ularni izohlab ketadi.
  8. «Angry Translator». Mavzular bo‘yicha qulay izlash mumkin bo‘lgan, butunlay ingliz tilida yuritiladigan kanal. Leksika, grammatika, ko‘p uchraydigan xatolar tahlili, yoyiq fe’llar sirlari, ko‘pchilik adashadigan so‘zlarni qayerda va qay tarzda qo‘llash bo‘yicha tushunchalar...
  9. «Foreign books». Ingliz tilidagi adabiyotni o‘qib, bu til bo‘yicha bilimlaringizni oshiring. Ushbu kanalda turli murakkablikdagi publitsistika ham, klassik va zamonaviy adabiyot ham, ommabop zamonaviy matnlar ham berib boriladi.
  10. «Think English». Yangi so‘zlarning ma’nolari va qo‘llash bo‘yicha misollar, predloglar va zamonlarni to‘g‘ri qo‘llash haqida maqolalar, fikrni ingliz tilida to‘g‘ri ifodalash uchun bilish kerak bo‘ladigan qoidalar – hammasi shu kanalda topiladi.
  11. «Story». Agarda ingliz tilidagi katta hajmli hikoyalarni o‘qib-o‘rganishga qiynalsangiz yoki vaqtingiz bo‘lmasa, u holda kichik hajmlilarini mutolaa qilishingiz mumkin. Mana shu kanalda ingliz tilidagi, turli mavzularga oid qisqa maqolalar hamda hikoyalar berib boriladi.
  12. «English Pronunciation». Mazkur kanalda filmlarni tomosha qilishdan ajralmay turib, undagi so‘zlarning inglizcha talaffuzini o‘rganishingiz mumkin. Buning tartibi shunday: dastlab siz ommabop filmdan yoki multserialdan qisqa bir parchani tomosha qilasiz, keyin esa u yerdagi so‘zlardan birining talaffuzini o‘rganasiz.
  13. «Hot Chicks!». Har kuni ingliz tilidagi bitta iboraning ruschadagi ma’nosi hamda ingliz tilida nutqda qo‘llanishi berib boriladi.
  14. «Slang Bang!». Ingliz tilidagi g‘alati, kulgili va qiziqarli so‘zlar hamda iboralar. Ya’ni, bunisi – darsliklarda uchramaydigan iboralar va ko‘cha slenglari kanali.
  15. «English Radio». Buyuk Britaniyada nima qilish mumkinu nima qilish taqiqlanganligi borasida tavsiyalar, inglizlarning urf-odatlari haqidagi hikoyalar, so‘zlashuv tilida eng kerakli so‘z va iboralarning ro‘yxatlari ushbu kanalda berib boriladi.
  16. «Viola». Foydali materiallar – suratlar va memlar orqali ingliz tilining leksikasi va frazeologiyasini o‘rganishga yordam beruvchi kanal.
  17. «Magic English». Ingliz tili qoidalari haqida qisqa-qisqa postlar – umuman charchatib qo‘ymaydi va oson esda qoladi.
  18. «Muvisleng». Mashhur filmlar hamda seriallardan olingan, turli mavzulardagi gif-suratlar yordamida inglizcha so‘zlarni va so‘z birikmalarini o‘rganing.
  19. «Angliyskiy yazik legko i prosto!». Mazkur kanal ingliz tilini mustaqil o‘rganishga bel bog‘laganlarga juda qo‘l keladi. Unda leksika, grammatika, jumlalarni to‘g‘ri tuzish bo‘yicha mashqlar bor. Ba’zida esa keng tarqalgan xatoliklar tahlili ham o‘tkaziladi.

Ingliz tiliga bag‘ishlangan Telegram-botlar

  1. «Lingvo». Inglizchadan ruschaga va teskari yo‘nalishda tarjima qiluvchi bu botni cho‘ntakdagi tarjimon, deyish ham mumkin. Shunchaki, o‘zingizni qiziqtirayotgan so‘zni unga yozib yuborasiz va shu zahotiyoq javobda uning narigi tildagi tarjimasi keladi.
  2. «Yandex.Translate». Bu bot nafaqat alohida so‘zlarni, balki butun boshli jumlalarni ham o‘gira oladi. U jami 12 ta tilni biladi. To‘g‘ri, uning tarjimalari yuqori darajadagi badiiylikdan yiroq, ammo matnning umumiy mazmunini chiqarib beradi.
  3. «Learn English Grammar». Grammatika bo‘yicha bilimingizni oshirishga ko‘maklashuvchi bot. Sizga so‘zlar aralashtirib beriladi, ularni jumladagi tartibi bo‘yicha tizib chiqishingiz kerak. Bir necha topshiriqni bajarganingizdan keyin, bot sizning darajangizga moslashib oladi va siz aynan qaysi qoidalarni o‘zlashtirishingiz kerakligini aniqlab, shu mavzularga ko‘proq e’tibor qaratadi.
  4. «Andy English Bot». Boshlovchi o‘rganuvchilar ingliz tili bo‘yicha mana shu bot yordamida mashqlar qilsalar bo‘ladi. Agarda zerikayotgan bo‘lsangiz, muloqotga usta bo‘lgan ushbu bot sizga suhbatdosh bo‘la oladi.
  5. «Lenny Bot». Mazkur bot sizga o‘z lug‘at boyligingizni oshirishda yordam beradi va shu bilan birga, o‘tilgan materiallarni qanchalik o‘zlashtirganingizni ham tekshiradi.

Xullas, yuqoridagi kanallar va botlar yordamida ingliz tili bo‘yicha bilimlaringizni oshirish imkoni mavjud. Shu bilan birga, inglizchani o‘rgatuvchi bepul ilovalar xususidagi hamda ushbu tilni o‘yinlar vositasida o‘rganish haqidagi, xorijiy tillarni o‘rgatuvchi saytlar to‘g‘risidagi maqolalarimizni ham o‘qishingizni tavsiya etamiz.

Shuningdek, Telegram-kanallarning turli yo‘nalishlardagi birinchi va qiz-ayollarga bag‘ishlangan ikkinchi to‘plamiga, rus tilini o‘rganuvchilarga atalgan uchinchi to‘plamiga va kino va seriallar haqidagi to‘rtinchi to‘plamiga ham nazar solishingizni tavsiya etamiz. Telegram’dagi eng yaxshi botlar jamlanmasi va ularning 2-to‘plami ham e’tiboringizga arziydi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!