Terroristlar qaysi messenjerlardan ko‘p foydalanishi aytildi

Terroristlar qaysi messenjerlardan ko‘p foydalanishi aytildi

Bugungi kunda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan xalqaro terroristik va ekstremistik kuchlar ham faol foydalanishmoqda. Ayniqsa, g‘oyaviy va diniy soxta aqidalarni tarqatishda bir necha o‘nlab xorijiy messenjer va tarmoqlar jinoyatchilarga qo‘l kelmoqda. Jumladan, ular orasida Telegram, Viber, WhatsApp hamda Skype tarmoqlari eng ko‘p ommalashgan. Bu to‘g‘rida Rossiyaning «Izvestiya» gazetasi xabar tarqatmoqda. Unga ko‘ra, IShID jinoyatchilik to‘dasi bir necha minglab rossiyaliklarni aynan shu tarmoqlar orqali o‘z oqimiga tortgan.

Rossiya maxsus xizmatining xabar qilishicha, xalqaro terrorchi tashkilotlarning internet tarmog‘ida faolligini oshirayotgani ularning safiga nafaqat musulmon e’tiqodidagi odamlarning, balki boshqa din vakillarining ham adashib qo‘shilib qolishiga olib kelmoqda.

«Internet hammaga o‘z xohishiga ko‘ra xizmat ko‘rsatadi. Terrorchilar turli ruhiy va moddiy rag‘batlantirish orqali internet foydalanuvchilarning ishonchini qozonmoqda. Barchasi do‘stona munosabatlardan, yengil suhbatlardan boshlanadi va so‘ngra Islom diniga oid jiddiy mavzular muhokama qilinadi. Bunda maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan "g‘oyaviy jangchi"lar yoshlarni o‘z to‘rlariga ilintirishga harakat qiladilar. 

«Yuqoridagi messenjer va tarmoqlarning jinoyatchilar o‘rtasida ommalashganining o‘ziga xos sababi bor -- ularda suhbatni mutlaqo to‘liq shifrlash imkoni mavjud. Natijada, jinoyatchilarga tegishli guruhlarni kuzatish imkoni bo‘lmaydi», — deyiladi «Izvestiya»da.

Hozircha IShID tarkibida jang qilgan 300 nafar rossiyalik fuqaro mamlakatga qaytib kelgan. Ularning 150 nafari sud qilingan va 50 nafari ozodlikdan mahrum qilingan.