Tesla elektrokarlari: reklamasiz targ‘ibot

  •   DiMaX
  •  1500
  •  23.01.2017 05:27

Tesla elektrokarlari: reklamasiz targ‘ibot

Avtomobil bozori keng va rang-barang, ammo unga raqobatchi sifatida yetishib kelayotgan elektromobil bozori – unchalik emas. Biroq elektrokar deganda ko‘pchilikning esiga birinchi o‘rinda Tesla Motors keladi.

Mazkur kompaniyaning bu boradagi faoliyati qiziq – u elektromobillar bozorini deyarli reklamasiz egallagan. Tesla Motors televideniyega pulli reklama bermaydi, reklama agentliklari xizmatidan foydalanmaydi. Shunga qaramasdan, uning mahsulotlari hamisha xaridorgir: kompaniya 2017 yili ommaviy ishlab chiqariladigan Tesla Model 3 elektrokariga hozirdanoq 400 mingdan oshiq oldindan buyurtma olgan.

Market Retails nashri tadqiqotchisining ta’kidlashicha, Tesla’ning sotuv strategiyasi boshqa elektrokar ishlab chiqaruvchilar – Ford, Fiat Chrysler va General Motors yondashuvlaridan tubdan farq qiladi.

Tesla Motors kompaniyasining dilerlar tarmog‘i yo‘q, u iste’molchilarni uchta yo‘l yordamida jalb etadi:

  • Test-drayvlar.
  • Onlayn savdolar.
  • Kompaniyaning o‘z do‘konlari.

Korxona rahbari Elon Mask shunday izohlaydi: «Yuksak texnologiyalarga ega elektrokarlar savdosi va benzinda yuruvchi avtomobillarning savdosi orasida manfaatlarning jiddiy ziddiyati mavjud; zero, avtomobillarning savdosini dilerlar amalga oshiradi». Shu bois kompaniya o‘z mahsulotlarini onlayn do‘konida va dunyo bo‘ylab joylashgan 17 ta o‘z savdo nuqtalarida sotadi.

Bunday savdo modelining asosiy muammosi – o‘z do‘konlar tarmog‘i qimmatga tushishidir, deydi Market Retails sharhlovchisi. Buning ustiga, tarmoqni rivojlantirishga mablag‘ ajratgan taqdirda ham, baribir u mavjud dilerlar tarmoqlari bilan raqobatlasha olmaydi. Biroq bunday yondashuvning ijobiy tomoni ham bor – marketing strategiyasining amalga oshirilishini nazorat qilish imkoni mavjud.

Tesla bergan ma’lumotga ko‘ra, do‘konlaridagi sotuvchilarning maoshi savdo hajmiga bog‘liq emas. Shuning uchun ularda, oddiy tarmoqlardagi do‘konchilar kabi, yagona maqsad mashinani sotish bo‘lmaydi. Maskning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya atay shunday yo‘lni tanlagan, bu bilan u elektrokarlar va boshqa mashinalar orasidagi farqni ta’kidlab turadi.

Amerikalik tadbirkor Pol Dorsi esa elektrokar savdosi modelining an’anaviy avtomobil savdosidan farq qiluvchi boshqa jihatlarini ham sanab o‘tgan:

  • Do‘konlarda tovar bo‘lmaydi, avtomobillarni Tesla buyurtma asosida ishlab chiqaradi.
  • Narxlar qat’iy belgilangan, kompaniya chegirma qilmaydi.
  • AQShning ayrim shtatlarida mashinani sinovdan o‘tkazish taqiqlangan.
  • Buyurtma bergandan keyin ham, elektrokarni olguncha bir necha oy kutish kerak.

Tesla targ‘ibotidagi murakkabliklar esa quyidagilarda namoyon bo‘ladi:

  • Yangi lyuks brendning yaratilishini «noldan» boshlash.
  • An’anaviy avtomobildan farqli yangi mashina turi – elektrokarni ommalashtirish qiyinligi.
  • Mahsulotlarning qimmatligi: Tesla Model S 60-160 ming dollar turadi. Tag‘in, unda bemalol sayohat qilib bo‘lmaydi – 2015 yili mashinani quvvatlovchi Supercharger stansiyalar tarmog‘i AQShning faqatgina asosiy transport yo‘llarini qamrab olgandi.
  • Sotishning yangi modelini o‘zlashtirish qiyinligi.

Tesla savdo nuqtalari shaharlar markazlarida joylashgan. Odatda avtodilerlar do‘konlarini sal chekkaroqlarda joylashtirishni ma’qul ko‘radilar, chunki mashinani sinab ko‘rishga qulay joy bo‘lishi muhim.

Onlayn kanallar

Kompaniya mijozlar bilan onlayn muloqotga asosiy e’tiborni yo‘naltirgan, deydi Dorsi. Uning ta’kidlashicha, Tesla dastlab xaridorlar bilan muloqot qiluvchi kanal sifatida forum tashkil etgan. Kompaniya Tesla klubi saytida muloqotdagi ishtiroklari uchun o‘z elektrokarlari sohiblarini rahbatlantirib turadi.

Shuningdek, Tesla ijtimoiy tarmoqlarda mahsulotlari namoyish etilgan videolavhalar e’lon qilib boradi. Roliklarda kelajakdagi tabiat musaffoligining ahamiyati haqida hikoya qilinadi, mashinalarning test-drayvlari namoyish etiladi. 2016 yili kompaniya o‘z avtomobillaridagi mashinani shahar sharoitida boshqaruvchi avtopilot tizimini namoyish etdi. Lavhada elektrokar burilishlardan oldin to‘xtab olganicha shahar ko‘chalarida mustaqil tarzda bir necha ko‘chadan yurib o‘tadi.

Mazkur yangilikni va videoyozuvni kompaniya rahbari Elon Mask o‘zining Twitter sahifasida ulashgan.

Yaqqol farq

Codesign nashriga ko‘ra, Tesla o‘zini kelajak kompaniyasi sifatida namoyon etadi. Buni nafaqat elektrokarlar ishlab chiqarishi (vaqt o‘tishi bilan bu borada uning raqobatchilari ham paydo bo‘ldi), balki Elon Mask kompaniyalarining boshqa mahsulotlari ham ko‘rsatib turibdi. Tesla mashinalari Solar Roof quyosh panelli tomlari va PowerWall quvvat to‘plagichlari tomonidan yaratilgan infratuzilmaga juda uyg‘un keladi, deya ta’kidlaydi nashr.

Tesla namoyishidan: «aqlli tom»ga ega uy garajida, quvvat to‘plagich yonida turgan avtomobil

Tesla biror mahsulotni yangi chiqargan payti kompaniyaning texnologik jihatlarini aks ettirib PR-faollik ko‘rsatadi, ammo reklama qilmaydi. U avtomobilsozlik sohasida mukofotlar olgan; 2012 yili esa Yahoo Auto nashri Tesla Model S ni yil avtomobili, deb tan olgan.

Dorsi yana bir narsaga urg‘u beradi: Tesla servis markazlarida pollar oq rangda. Uningcha, bu omil yoqilg‘ida ishlaydigan avtomobillarga qiyosan kompaniya elektrokarlarining ekologik tozaligini ta’kidlab turadi. Axir, elektromobillardan farqli ravishda, boshqa turdagi avtomobillar yoqilg‘i va moy oqishi natijasida polda dog‘ qoldiradi-ku.

Tesla servis markazi

Shuningdek, Dorsiga ko‘ra, lyuks toifali avtomobillarda afzallik sanalib kelinadigan jihatni Tesla kamchilik sifatida ko‘rsata bildi. Bu – ularni ishlab chiqarishdagi murakkab texnologiyalardir. Tadbirkorning fikricha, Tesla aksincha yo‘ldan borib, platformasining oddiyligiga urg‘u berdi.

Tesla elektrokarining (chapda) va lyuks toifali avtomobillarning (o‘ngda) ishchi platformalari

Yana tadqiqotchi Apple va Tesla’ni o‘zaro o‘xshatadi: «Bu – avtosanoatda go‘yoki Apple kompyuterlaridek gap. Har ikkala kompaniya shu paytgacha bozorda eng xaridorgir bo‘lgan mahsulotlardan tubdan farq qiluvchi mahsulot taqdim etishdi. Ikkala kompaniya ham innovatsiyalarga asosiy e’tiborni qaratishgan. Ikkaloviyam o‘z ekotizimini tuzishmoqda. Ikki kompaniya ham o‘z distributsiya tarmog‘ini rivojlantirib, sotishning an’anaviy modelidan chekinishdi. Tesla hatto o‘z do‘konlarini rivojlantirish uchun Apple savdo tarmog‘i rahbarlarini yolladi».

2016 yilning avgustida Tesla San-Fransiskodagi Van-Ness-avenyuda flagman do‘konini ochdi. Binodan avval Chevrolet shourumi sifatida foydalanishgan. Tesla savdo nuqtasi bilan yonma-yon Land Rover, Jaguar, Bentley va Lamborghini lyuks avtomobillarining mustaqil dileri – British Motor Cars joylashgan.

Maskning shaxsi ham brend

Tesla ko‘pincha matbuotda yoritilishga loyiq ishlar qiladi, shuningdek, uning rahbari tez-tez intervyu berib turadi.

ReferralCandy marketing agentligining yozishicha, Tesla’ga qiziqishlarni jalb etuvchi omillardan biri Maskning shaxsiy brendidir. Uni quyidagilardan iborat, deyish mumkin:

  • «Yaxshi yigit» obrazi. Mask 2014 yili beminnat tarzda Tesla patentlaridan voz kechdi. U o‘z blogida: «Bizning barcha patentlarimiz siznikidir» sarlavhali yozuv e’lon qildi. Unda yozilishicha, kompaniya texnologiyalaridan nusxa olganlarga qarshi patent da’volari qo‘zg‘atilmaydi. Mask buni, elektrokarlar sohasidagi texnologiyalarning taraqqiyotiga yordam berish, deya izohlagan.
  • Jarangdor bayonotlar. Mask 2016 yilning sentyabrida Marsni zabt etish rejasini e’lon qildi. Noyabrda esa butun Yer shari uchun fazodan internet-ulanish o‘rnatish rejasini ovoza qildi. 2016 yil oxirida esa Twitter sahifasida yozib, yo‘llardagi tiqilinchlarni bartaraf etish uchun yer osti tunnellari qazuvchi kompaniya ochish niyati borligini ma’lum qildi.
  • Filmlarda suratga tushgan.
  • Matbuotda Maskning boshqa loyihalari ham eslab o‘tilishi. Bir nechta texnologik loyihalar (Space X, SolarCity, Tesla Motors va Tesla Gigafactory) sohibi ekanligi va mahsulotlarining taqdimotini o‘zi o‘tkazishi sababli ham OAV u haqda ko‘p gapiradi.

Raqobatchilar bilan munosabatlar

The Street nashrining yozishicha, Elon Mask raqobatchilarining mahsulotlari haqida kam gapiradi. 2013 yili Bloomberg jurnalisti telefon orqali Tesla rahbaridan BMW i3 elektromobili haqidagi fikrini so‘raydi. Mask esa, BMW i3 elektrokari chiqqanidan xursandligini, bu bozorni rivojlantirishini aytgan. U gapi orasida bir kulib qo‘ygan, lekin buni shunday deya izohlagan: Tesla’ning muvaffaqiyatlariga yetib olish uchun BMW o‘z avtomobilini ancha takomillashtirishi lozim.

2013 yili Nissan Leaf va Chevy Volt chiqqanida, The Guardian nashriga bergan intervyusida Mask bu ishlab chiqaruvchilarni maqtagan, ammo avtomobillarni emas: «Nissan Leaf’ni ishlab chiqargani – ajoyib. O‘ylashimcha, biz Nissan’ni sa’y-harakatlari uchun olqishlashimiz lozim, shuningdek, Volt uchun General Motors’ni ham. Ammo bu, ular yaxshi mahsulotlar chiqarganlarini anglatmaydi. Biroq, ular qoyilmaqom bo‘lmagan mashinalarni ishlab chiqarganlari ham ularni olqishlamasligimizni bildirmaydi. Yanada sifatliroq elektromobil ishlab chiqarish uchun ko‘proq izlanish kerak. Bu – to‘g‘ri yo‘nalishdagi qadamdir, ular to‘xtab qolmasliklari lozim».

2015 yili esa u elektromobil yaratish g‘oyasi uchun Apple’ni tanqid qilgan. 2014 yili elektrokarlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan «Titan» loyihasi yo‘lga qo‘yilishi haqida gap-so‘zlar paydo bo‘ldi. Handelsblatt nashriga bergan intervyusida Mask, texnologik kompaniya Tesla’dan ishdan bo‘shatilgan muhandislarni yollayotganligini aytgan. Raqobatchilari haqidagi boshqa mulohazalarida bo‘lgani kabi, bu gal ham u sohani rivojlantirishga intilishi uchun Apple’ni maqtagan: «Apple mazkur yo‘nalishni rivojlantirishi va unga sarmoya kiritishi – yaxshi hol. Lekin smartfonlar va «aqlli» soatlarga qaraganda avtomobillar anchayin murakkab».

Boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilar esa o‘z kampaniyalarida Tesla’ning kamchiliklarini tanqid qilishadi. Masalan, Nissan o‘zining Leaf elektromobili reklamasida Tesla Model 3 uchun oldindan buyurtma berilishi haqidagi ma’lumotdan foydalangan. Kompaniya kutib qolmasdan, mashinani ertaroq sotib olishni taklif qilgan: «Elektromobilni bugun olish uchun hech kim oldindan buyurtma berishi kerak emas», deyiladi uning shiorida. Nissan’ning shunday e’lonlari New York Times, Los Angeles Times, USA Today va The Wall Street Journal nashrlarda paydo bo‘lgan.

BMW esa 330e gibrid sedanining reklamasida «boshqa ishlab chiqaruvchilar»ning avtomobillarini ko‘p kutib qolish holatini ko‘rsatgan. Rolik qahramoni eshik oldida o‘tirib, yangi modelning chiqishini kutadi. BMW bu bilan, 2016 yil martida taqdimoti o‘tkazilgan Tesla Model 3 savdoga 2017 yilning oxirida chiqarilishiga, o‘zining 330e modelini esa kutish shart emasligiga ishora qilgan.

CES 2016 texnologik ko‘rgazmasida elektrokarlar ishlab chiqaruvchi Faraday Future o‘zining FFZERO1 avtomobili konseptini namoyish etdi. Taqdimotdan so‘ng ayrim OAVlar uni Tesla’ning to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqibi ekanini, hatto balki «qotili» bo‘lishiyam mumkinligini aytishdi. Faraday Future bir yil o‘tib – CES 2017 ko‘rgazmasida FF91 modelini taqdim etdi. Unda avtopilot tizimi va yuzni tanish funksiyasi ham mavjud. Bu model 100 km/soat tezlikka chiqishi uchun 2,39 soniya vaqt kifoya qiladi, Tesla Model S esa buning uchun 2,5 soniya vaqt sarflaydi. Mask hozircha Faraday Future mahsulotlari xususida biror fikr bildirmagan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!