To‘liq ekranli Galaxy A8+’ning ilk videoroligini tomosha qiling!

  •   DiMaX
  •  2076
  •  11.12.2017 13:57

To‘liq ekranli Galaxy A8+’ning ilk videoroligini tomosha qiling!

Samsung o‘zining Galaxy A5 hamda Galaxy A7 smartfonlarining navbatdagi avlodini tegishlicha Galaxy A8 va Galaxy A8+ deb nomlamoqchi ekanligi haqida avvalroq xabar bergan edik. Hali bu modellar rasman namoyish etilmasidan turib Galaxy A8+ (2018) modelining «jonli» suratlarini «xitoycha Twitter» deya ta’riflanuvchi Weibo ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilishgan.

O‘QING: «Salkam flagman»: Galaxy A8+ (2018)ning «jonli» suratlari chiqdi

Endi esa YouTube videoservisida ushbu smartfonning uch daqiqalik videosi joylandi. Mazkur rolikda hali taqdim etilmagan Samsung Galaxy A8+ (2018) qurilmasining dizaynidagi asosiy jihatlar hamda bosh kamerasining imkoniyatlari batafsil aks ettirilgan.

Galaxy A8+ (2018) modeli to‘liq ekranli dizaynga ega bo‘lib, old paneldan «Uyga» mexanik tugmachasi olib tashlangan. Shu kabi jihatlari bilan u Galaxy Note 8 fabletiga ham o‘xshab ketadi. Shuningdek, videoda mazkur devaysning old kamerasi ikkita modulga ega ekanligi ham yaqqol aks etgan.

O‘QING: Kutilmagan Galaxy A8 (2018): unga hatto Galaxy S8 va Note 8 egalari ham havas qilishlari tayin!

Mana, o‘zingiz tomosha qiling-da:

Guvohi bo‘lganingizdek, rolik so‘ngida smartfonning texnik xususiyatlari haqida xabar beriladi. Ularga ko‘ra, Samsung Galaxy A8+ (2018) modelining ko‘rpusi IP68 standarti bo‘yicha chang va suvdan himoyalangan. Unga diagonali 6 dyuymga teng bo‘lgan Super AMOLED-ekran o‘rnatilgan. Smartfon Infinity Display, ya’ni «nihoyasiz displey» dizayniga ega, displeyning tasvir aniqligi 2220x1080 pikselga teng.

Galaxy A8+ (2018) «yuragi» esa Samsung’ning 8 yadroli Exynos 7885 protsessoridir. Tezkor xotirasi 6 gigabayt, doimiy xotirasi esa 64 gigabayt hajmga ega. Gadjetning daktiloskopik datchigi ham mavjud, akkumulyator sig‘imi esa 3500 mA/soatga teng.

O‘QING: 2018 yil smartfonlari: aqlbovar qilmas texnologiya endi haqiqat

Kamera borasida Samsung bu gal o‘zgacha yondashuv qilgan: Galaxy A8+ (2018) asosiy kamerasi yakka modulli – u 16 megapikselli, f/1.7 diafragmaga hamda tasvirni optik barqarorlashtirish tizimiga ega. Old kamera bo‘lsa qo‘shaloq ob’yektivli – 16 va 8 megapikselli datchiklardan iborat.

Samsung’ning bu smartfoni dekabrning oxirida taqdim etilishi, narxi esa 600 AQSh dollariga teng bo‘lishi kutilayotir. Bundan kelib chiqadiki, Galaxy A turkumi flagman narxidagi chala flagmanlarga aylantirilmoqda. To‘g‘ri, Samsung Galaxy A8+ (2018) dizayni va xususiyatlari bilan foydalanuvchini xursand qilishi aniq, ammo narxi baribir kishini o‘ylantiradi. Axir, bunaqa narxda boshqa smartfonsozlarning flagmanlarini xarid qilish ham mumkin, masalan, OnePlus 5T modelini.

O‘QING: OnePlus 5T taqdim qilindi: ilg‘or gadjet eski narxda!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!