WhatsApp o‘z yuzerlarini davlatdan himoya qilmas ekan

  •   DiMaX
  •  1192
  •  12.07.2017 14:46

WhatsApp o‘z yuzerlarini davlatdan himoya qilmas ekan

Electronic Frontier Foundation tashkiloti 26 ta internet-kompaniya faoliyatini o‘rganib chiqib, ular davlatlar bilan qanday hamkorlik qilishlari va qanday ma’lumotlarni taqdim etishlariga oydinlik kiritdi. Bunda WhatsApp xavfsizlik borasida eng past ko‘rsatkichni namoyon etdi, deb yozadi RBK.

Internetdagi himoyachi

Electronic Frontier Foundation (qisqacha – EFF, «Elektron chegaralar jamg‘armasi») notijorat tashkiloti – fuqarolarning «elektron» huquqlari himoyachisidir. U har yili yirik internet-kompaniyalar faoliyatini baholab, tegishli reytinglarni e’lon qilib boradi.

Tashkilotning so‘nggi reytingi 26 ta kompaniyaning 2016 yilgi faoliyatida o‘z mijozlarining ma’lumotlarini tegishli davlatlardan qanchalik himoyalaganini aks ettiradi.

Tashkilotning tadqiqotlari natijalariga ko‘ra, Adobe, Dropbox, Lyft, Wordpress va Uber kompaniyalari o‘z foydalanuvchilarining shaxsiy ma’lumotlarini noqonuniy aralashuvlardan himoyalash bo‘yicha barcha huquqlarga amal qilar ekanlar.

WhatsApp esa himoyalamaydi!

Bu yilgi reytingda WhatsApp messenjeri beshta yulduzchadan faqat ikkitasini olib, eng past ko‘rsatkichni namoyon etdi. Mazkur kompaniya davlat bilan hamkorligidan o‘z foydalanuvchilarini ogoh etmas va yuzerlarning ma’lumotlari himoyasini kafolatlamas ekan.

Shuningdek, Airbnb, Twitter hamda Tumblr kompaniyalari mazkur reytingda beshtadan uchta yulduzchani qo‘lga kiritganligidan ma’lumki, ular ham o‘z foydalanuvchilarining ma’lumotlarini chetdan bo‘ladigan aralashuvlardan muhofaza eta olmas ekanlar.

Qanday baholashgan o‘zi?

Mazkur reytingni tuzishda mutaxassislar bir necha mezonlarga tayanishgan: kompaniyaning davlat bilan qilayotgan hamkorligi qay darajada shaffof ekanligi; shaxsiy ma’lumotlarning uchinchi shaxslarga berilishiga taqiq qo‘yilganligi; AQSh maxsus xizmatlaridan tushadigan maxfiy so‘rovlarning legalligi tekshirilishi va boshqa ko‘rsatkichlar.

Reytingda internet-kompaniyalar shu mezonlar bo‘yicha maksimal 5 ball (beshta yulduzcha) olishlari mumkin bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov o‘zining kanalida asosiy raqobatchi messenjer – WhatsApp’ni, shuningdek Facebook va boshqa ayrim saytlarni o‘z foydalanuvchilarining ma’lumotlarini sotayotganlikda ayblagan edi.