Windows 10’ning yirik yangilanmasi namoyish etildi

  •   DiMaX
  •  1161
  •  12.05.2017 17:34

Windows 10’ning yirik yangilanmasi namoyish etildi

Microsoft kompaniyasi o‘zining operatsion tizimi uchun navbatdagi yirik yangilanma – Fall Creators Update’ni namoyish etdi. U joriy yilning sentyabr oyida to‘liq iste’molga chiqadi va iOS hamda Android tizimli qurilmalar foydalanuvchilariga ham yengilliklar taqdim etadi.

Mazkur namoyish Microsoft Build 2017 – ishlab chiquvchilar konferensiyasi doirasida bo‘lib o‘tdi. Kompaniyaning Windows ishlanmalari va qurilmalar bo‘yicha vitse-prezidenti Terri Mayerson ushbu yangilanmaning to‘rtta asosiy xususiyatini ta’kidladi:

  1. Timeline – ishlatiladigan ilovalar ro‘yxati.
  2. Dasturda ishlashni bitta qurilmada boshlab, boshqasida davom ettirish imkoniyati.
  3. «Bulutli» almashuv buferi.
  4. OneDrive’dan fayllarni so‘rov bo‘yicha olish.

Timeline – yangi funksiya bo‘lib, u ishlayotgan dasturlarni ko‘rish hududini takomillashtiradi. Endi unda oldin boshqa qurilmada ishlatilgan dasturlar ham aks etadigan bo‘ladi. Ushbu yangilik go‘yoki vaqt mashinasiga o‘xshaydi – avval ishlatilgan topshiriqlarga qaytish imkonini beradi.

Timeline funksiyasi yana bir yangi imkoniyat – Pick Up Where You Left Off («To‘xtagan joyingizdan davom ettiring») bilan chambarchas bog‘liq. U tufayli, biror qurilmangizda tegishli dastur orqali boshlagan ishingizni boshqa qurilmangizda, kelgan joyidan davom ettirib ketishingiz mumkin bo‘ladi. Bu esa, xususan, iOS va Android tizimli smartfon yoki planshetlardan ko‘p foydalanuvchilar uchun qo‘l keladi.

Shuningdek, Microsoft «bulutli» almashuv buferini ham taqdim etdi. U kompyuterda biror faylni tanlash va uni telefonga ko‘chirish imkonini beradi. Mazkur funksiya ham yuqorida tilga olingan mobil operatsion tizimdagi qurilmalar bilan ishlay oladi.

Kuzda chiqadigan ushbu yangilanish bilan kompaniya OneDrive «bulutli» saqlagichidagi fayllarga kirishni ham osonlashtiradi. Endi tizim undagi butun papkani sinxronlab o‘tirmasdan, faqatgina foydalanuvchiga kerakli faylni yuklay oladigan bo‘ladi. Bu esa vaqtni va diskdagi joyni tejash imkonini beradi.

Bulardan tashqari, Microsoft Windows 10’ni erkin dizayn (Fluent Design) bilan jihozlaydi; u avval Project Neon ishchi nomi bilan ma’lum edi. Kompaniya allaqachon o‘z ilovalarini ushbu dizaynga o‘tkaza boshlagan. Shu tariqa, u odatiy Metro interfeysidan tobora ko‘proq farqlana boradi.