Xiaomi atigi 190 dollarlik televizor taqdim etdi

  •   DiMaX
  •  2530
  •  18.04.2018 12:00

Xiaomi atigi 190 dollarlik televizor taqdim etdi

Sifati narxidan yuqori smartfonlari va boshqa turli uyali aloqa gadjetlari bilan tanilib ulgurgan Xiaomi kompaniyasi chiqaradigan mahsulotlar diapazoni judayam keng. Korporatsiya «aqlli uy» ekotizimi uchun kerakli deyarli barcha mahsulotlarni o‘zi ishlab chiqaradi.

O‘QING: Kun yangiligi: Xiaomi'dan yangi «aqlli» krossovka

Ushbu kompaniya, jumladan, diagonali 32 dan to 65 dyuymgacha bo‘lgan turli televizorlar ishlab chiqarish bilan ham shug‘ullanadi. Ular har xil mijozlarning imkoniyatlariga, talab va ehtiyojlariga moslab chiqariladi va narxlari 200 dollardan to 1600 dollargacha boradi.

Kuni kecha Xiaomi o‘zining yangi devaysi – Mi TV 4S televizorini rasman namoyish etdi. Bu – hamyonboplar toifasiga kiruvchi, ekranining o‘lchami 32 dyuymni tashkil etuvchi televizordir. Televizor narxi esa bundayroq smartfon qiymatiga teng – atigi 190 AQSh dollari!

Xiaomi Mi TV 4S displeyining tasvir aniqligi 1366x768 pikselga teng, ekranning yangilanish chastotasi esa soniyasiga 60 kadrni tashkil etadi. Ish rejimida bu televizor atigi 50 Vt/soat elektr energiyasini sarflaydi.

Mazkur televizor Amlogic T962 protsessori bazasida ishlaydi; ushbu chip 1,5 GGs takt chastotasiga ega bo‘lgan to‘rtta Cortex-A53 yadrosini hamda Mali-450 MP5 grafik tezlatgichini o‘z ichiga olgan. Mi TV 4S tezkor xotirasi 1 gigabayt, doimiy xotirasi esa 4 gigabayt hajmga ega.

Mi TV 4S, shuningdek, ikkitadan HDMI va USB, bitta LAN portlari bilan ta’minlangan. Televizor kengaytirilgan dinamik diapazonni qo‘llab-quvvatlaydi va har biri 10 vattlik ikkita ovoz kuchaytirgich bilan jihozlangan.

O‘QING: 1 238 000 so‘mdan boshlanuvchi Skyworth, Samsung, LG, Moonx va Sony televizorlari narxlari (2018 yil 6 aprel)