Xiaomi Huawei'ga qarshi urush ochdi!

Xiaomi Huawei'ga qarshi urush ochdi!

Xiaomi kompaniyasi asoschisi va rahbari Ley Szyun kompaniyaning bu yilgi asosiy maqsadini ma’lum qildi — Xitoy smartfon bozorida yaqqol peshqadamga aylanish.

Shu maqsad yo‘lida tobora tanilib borayotgan bu brend ichki bozorni to‘la ishg‘ol qilish choralarini ishlab chiqmoqda. Buning uchun keyingi 10 chorak davomida amalga oshirish belgilangan dastur tayyorlanmoqda. Eslatib o‘tamiz, ayni paytda Xitoyda Huawei kompaniyasi smartfon yetkazib berish bo‘yicha yetakchilik qilib keladi.

«Biz Xitoyni "ishg‘ol qilsakkina", dunyoni ham "egallab olish"ga muvaffaq bo‘lamiz», — deydi janob Ley Szyun katta ishonch bilan. Bu so‘zlar kompaniya rahbarining xodimlariga yo‘llagan maktubida keltirilgan.

Kompaniya yetakchisining ma’lum qilishicha, Xiaomi 2017 yilda juda yuqori sur’atda o‘sishga erishgan. Bunda biznesni jahonning boshqa bozorlarida ham kengaytirish hisobiga erishilgan. Shu kunlarda Xiaomi mahsulotlari sayyoramizning 70 ta davlatida sotiladi.

Shu bilan birga, Ley Szyunning fikriga ko‘ra, kompaniya mahsulotlarida so‘nggi innovatsiyalarni tatbiq qilayotgani va sifatga qaratilgan yuqori e’tibor brendning tezkor rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xiaomi jahonning eng yaxshi smartfon ishlab chiqaruvchilari reytingida "kuchli beshlik"ka kiradi. Mazkur ro‘yxatdan jami 16 ta smartfonsoz kompaniya o‘rin olgan.

Texnologiyalar bozori ekspertlarining so‘zlariga ko‘ra, Xiaomi xaridorlar diqqatini va sadoqatini qisqa fursat ichida zabt etayotgan kompaniyaga yorqin misol ekan. Garchi, 2016 yil bu brend uchun og‘ir kelgan bo‘lsa ham, smartfon savdosi 36% ga tushib ketgan bo‘lsa ham, bozordagi ulushi birdaniga 6% ga pasaygan bo‘lsa ham, 2017 yilda Xiaomi oyoqqa turishga muvaffaq bo‘ldi.

Ley Szyun bu sinovli davrni yengib o‘tish qiyin kechgani va qattiq mehnat qilinganini yashirmadi. Kompaniya rahbarining fikricha, bu "o‘lim yoqasidan qaytish"ga teng sa’y-harakat bo‘lgan.

Raqiblari bilan taqqoslaganda, birorta kompaniyaning smartfon savdosida bunday o‘sish sur’ati kuzatilmayapti. Qolaversa, 2017 yilning so‘nggi choragida kompaniya Hindiston smartfon bozorida peshqadamga aylandi.