Xiaomi ilg‘or lazerli proyektorni taqdim qildi

Xiaomi ilg‘or lazerli proyektorni taqdim qildi

Xiaomi kompaniyasi 28 iyunda o‘zining eng qimmat elektronika mahsulotlaridan biri bo‘lgan lazerli proyektorini taqdim qildi.

Proyektor qisqa masofali fokusdan turib ham devorga sifatli tasvir uzatishi bilan o‘ziga xos. Misol uchun, uni ekran yoki devordan 50 sm uzoqlikdagi masofaga joylashtirsangiz, lazerli proyektor diagonali 150 dyuymli (taxminan 380 sm) ekranni hosil qiladi.

Proyektorning yorug‘lik manbaasi bo‘lgan ALPD 3.0 lazer texnologiyasi taniqli Light Peak kompaniyasi tomonidan tayyorlangan, tasvirni qayta ishlash protsessori esa Texas Instruments kompaniyasi mahsuloti.

Yorug‘lik oqimining miqdori 5000 lyumengacha yetadi. Ishlab chiqaruvchining ma’lumot berishicha, qurilmadagi kontrast, ya’ni yorug‘lik diapazoni yoki tasvirning yorqin aks etishi yuqori – 3000:1 ko‘rsatkichiga ega. Taqqoslash uchun aytamiz, zamonaviy televizorlarda bu ko‘rsatkich uzog‘i bilan 4000:1, LCD monitorli kompyuterlarda 1000:1 miqdorga yetadi.

Proyektor bilan birga Xiaomi’ning “aqlli uy” ilovasiga ega boshqaruv pulti ham taqdim qilinadi. Devaysning faoliyat muddati – 25 000 soat, ya’ni har kuni 2 soatdan ishlab tursa, undan kamida 34 yil foydalanish mumkin.

Xiaomi Mi Laser Projection TV 9999 yuan, ya’ni $1470 dollarga baholanmoqda. Yangi gadjet 4 iyuldan sotuvga chiqariladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!