Xiaomi Mi 5X: "tillarga tushgan" smartfon olgan ilk surat hayratga munosib

Xiaomi Mi 5X:

Jahonning "omadi olchi" smartfon ishlab chiqaruvchilaridan biriga aylanayotgan Xiaomi kompaniyasi tobora raqobat kuchayib borayotgan smartfon bozoridagi jarayonga dosh berish uchun yaxshi yangilik va tizerlar bilan chiqishlar qilishda davom etadi.

Shu vaqtga qadar biror smartfonni taqdimotgacha ko‘rish amri mahol edi. Biroq, endi kompaniyalarning o‘zi gadjetlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘quvchilar diqqatiga avvaldan taqdim qilmoqda.

Jumladan, Xiaomi 26 iyulda namoyish qilishni reja qilayotgan Xiaomi Mi 5X smartfonida olingan ilk suratni rasman e’lon qildi. Bungacha esa mazkur gadjetning rasmiy suratlari e’lon qilingan edi.

Aniqrog‘i, kompaniyaning marketing bo‘yicha direktori Mi 5X devaysidagi qo‘sh ob’yektivli bosh kamerada olingan quyidagi suratni o‘z sahifasida chop etdi.

Suratdan ko‘rinib turibdiki, yangi smartfondagi ilg‘or kamera yon tomon effetiga ega suratlar olish qobiliyatiga ega. Ya’ni, bosh fokus qaratilgan ob’yekt atrofi va fon qismi g‘ira-shira bo‘ladi. Shu taxlit, xitoylik ishlab chiqaruvchi o‘rta narxli "aqlli telefon"iga iPhone 7 Plus'ga xos foto-jihatni joriy qildi.

To‘g‘ri, surat sifati flagman smartfonlar kamerasida olingani kabi taassurotli va yorqin. Biroq, bu hozircha marketing yondashuvi hamda brendning muxlislarini "oziqlantirish" uchun qilingan "siyosat" ekanini unutmaslik kerak. Ya’ni, bu surat yangi smartfon kamerasida muayyan tayyorgarlik bilan mutaxassislar tomonidan olingan. Harqalay, portretning o‘rta narxli smartfonda olinganini hisobga olsak, Xiaomi'ning navbatdagi texno-asari e’tiborga loyiq.

E’lon qilinayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, Xiaomi Mi 5X smartfoni 5,5 dyuymli FullHD‑displeyga, yaxshi imkoniyatli Snapdragon 625 protsessori va 4 Gb tezkor va 64 Gb doimiy xotiraga ega bo‘ladi.


To‘liq metall korpusli devaysning akkumulyator sig‘imt 3000 mA soat bo‘ladi. Shu bilan birga, Xiaomi Mi 5X'ning yuqori talqini nisbatan ilg‘or Snapdragon 660 chipi bilan ta’minlanadi.

Smartfon uchun "Xitoylik Apple" 290 dollar narx belgilagani ma’lum qilingan. Ayni paytda smartfonga avvaldan buyurtma olish boshlangan. Qisqa vaqt ichida mobil aloqa vositasiga 200 mingta buyurtma berilgan.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!