Xiaomi Mi 6 bilan birga yana bir smartfon taqdim qilinadi

Xiaomi Mi 6 bilan birga yana bir smartfon taqdim qilinadi

Xiaomi 19 aprel kuni Mi 6 flagmani bilan birga, 6,44 dyuymli Mi Max apparatini yangi versiyada taqdim etishi mumkin. weibo.com tarmog‘ida Xiaomi Mi Max 2 smartfonining yangilangan talqini aks etgan suratlar e’lon qilingan. Unga ko‘ra, smartfonning 2-talqinida fotochaqnoq bosh kamera modulining yonidan joy olgan. Barmoq izlari skaneri esa o‘z o‘rnida — orqa panelning yuqori qismida qolgan.

Boshqa suratda esa ko‘rinib turganidek, yangilangan smartfonning tom qismida 3,5 millimetrli audio-port, qo‘shimcha mikrofon hamda IK-port mavjud. Mi MAX 2’da eski mikro-USB’dan voz kechilgan va universal USB Type-C porti o‘rnatilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Mi Max 2 so‘nggi o‘rta narxli Snapdragon 660 bilan emas, 8 yadroli, 2,2 Ggs chastota tezligida ishlaydigan Snapdragon 626 protsessoriga ega bo‘ladi. Bu avvalgi Snapdragon 625 chipidani 10% tezroq ishlaydi va quvvatni ham tejaydi. Mi Max 2 apparati 4 GB tezkor va 64 GB doimiy yoki 6 GB tezkor va 128 GB doimiy xotirali talqinlarda ishlab chiqariladi.

Shuningdek, Mi Max 2 smartfonining bosh kamerasi uchun 2016 yilning ilg‘or 12 megapikselli Sony IMX378 (Mi5S’dagi kabi), old kamera uchun 5 MP sensori tanlangan. Devays sig‘imi Full HD (1080p) bo‘lgan va Gorilla Glass himoya shishasi bilan qoplangan displey, yangi — 5000 mA soat tok sig‘imiga ega batareya bilan ta’minlanishi kutilmoqda. Smartfon Android 7.1.1 operatsion tizimining MIUI 8 talqinida ishlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Xiaomi Mi Max (32 Gb)’ning ilk talqini ayni paytda “Malika” savdo majmuasida 1.8 mln so‘mdan sotilmoqda.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.